Hamkorlik, ochiqlik va ijtimoiy tashabbuslar sari yangi bosqich
“Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod saroyi”da oʻtkazilgan tadbirlar oʻz koʻlami va mazmuni jihatidan avvalgilaridan tubdan farq qildi. Tashabbus va amaliy takliflarga boy boʻlgan ushbu haftalik mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, ularning Konstitutsiyamiz bayrami arafasida oʻtkazilgani ham oʻziga xos ahamiyat kasb etdi. Mazkur tadbirlar nafaqat NNTlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, balki jamiyat bilan davlat oʻrtasidagi ochiq muloqotni kuchaytirishga xizmat qildi.
Haftalik doirasida ilk bor oʻtkazilgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari forumi” Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (OʻzNNTMA) hamda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamda NNTlarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi. Forumni assotsiatsiya kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev ochib, unda NNTlarni qoʻllab-quvvatlash va fuqarolik jamiyatini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etayotganini qayd etdi. Shuningdek, spiker davlat organlari va NNTlar oʻrtasidagi institutsional hamkorlik kengayib borayotgani, jamoatchilik nazorati va aholining fikrini eshitish mexanizmlari takomillashib borayotgani bugungi jarayonlarning muhim yutugʻi ekanini taʼkidladi.

Forumga vazirlik va idoralar rahbarlari, 100 dan ortiq NNTlar, xalqaro ekspertlar, shuningdek Xitoy va Qozogʻiston fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tashrif qildi. Muhokamalarda NNTlarning aholiga xizmat koʻrsatishdagi oʻrni, davlat–jamiyat muloqotini mustahkamlash tajribalari hamda jamiyat ehtiyojlariga manzilli javob berish mexanizmlarini kengaytirish masalalari yoritildi. Ayniqsa, xorijiy ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va fikrlar NNTlar oʻrtasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollarini yanada boyitdi.
Qozogʻiston Fuqarolik alyansi prezidenti Banu Nurgaziyeva oʻz chiqishida ikki davlatning nodavlat sektoridagi umumiy maqsad — aholiga yordam berish va ijtimoiy muammolarni hal qilish ekanini taʼkidladi. U Qozogʻiston boʻylab faoliyat yuritayotgan minglab NNTlar bilan hamkorlik imkoniyati har qanday oʻzbek tashkiloti uchun ochiq ekanini maʼlum qildi. Bu mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi, chunki NNTlar nogironligi boʻlgan shaxslar, ayollar, ekologiya, taʼlim va boshqa yoʻnalishlarda aholining haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqib ish yuritadi.

Xitoy xalqaro almashinuvlar boʻyicha NNTlar tarmogʻi (CNIE) kotibiyatining katta maslahatchisi Syu Syan esa Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi xalq diplomatiyasi, madaniy almashinuv va ijtimoiy loyihalar boʻyicha hamkorlik imkoniyatlarini tilga oldi. U himoyaga muhtoj guruhlarni qoʻllab-quvvatlash, gender tengligi va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ekologik tashabbuslarni ilgari surish kabi yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalar amalga oshirish istiqbolini qayd etdi. Bu fikrlar NNTlar faoliyatining nafaqat milliy, balki xalqaro maydonda ham muhim oʻrin tutayotganini koʻrsatdi.
Forumda soʻnggi yillarda yurtimizda NNTlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, ayniqsa, huquqiy va moliyaviy asoslarning mustahkamlanishida erishayotgan yutuqlar alohida eʼtirof etildi. Davlat rahbarining qarorlariga muvofiq grantlar, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtmalarni taqsimlashning yagona elektron platformasi joriy qilindi. Soliq imtiyozlarining kengaytirilgani, xayriya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaratilgan yengilliklar esa NNTlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bundan tashqari, nogironligi boʻlgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar tashkilotlarining davlat roʻyxatidan oʻtishi uchun toʻlovlar kamaytirilgani ham ular faoliyatini ragʻbatlantirmoqda.

– Hududlarda esa NNTlar uchun “Axborot resurs markazlari”, “NNTlar uylari” tashkil etilib, ulardan bepul foydalanish tizimi yoʻlga qoʻyildi, — deydi Adliya vazirligining nodavlat notijorat tashkilotlari boshqarmasi boshligʻi Zikrilla Mahmudov. – Bu markazlar joylarda fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, mahalliy ehtiyoj va muammolarga manzilli yondashishni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Aholi bilan ochiq muloqotlar, jamoaviy muhokamalar va davlat buyurtmasi asosida ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish amaliyoti ham kengaymoqda.
2024-yilda qabul qilingan muhim huquqiy yangilik — “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon asosida Oliy Majlis huzurida “Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi” hamda uni boshqaruvchi parlament komissiyasi tuzildi. Bu esa NNTlar bilan davlat organlari oʻrtasidagi hamkorlikni tizimli asosda muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda. NNTlarning qonun ijodkorligida ishtirokini taʼminlovchi parlament vakili instituti joriy etilgani esa ularning jamiyatdagi rolini sezilarli kuchaytirdi.

Forum doirasida oʻtkazilgan ikki yirik sessiya — biri hamkorlik va innovatsiyalar, ikkinchisi esa hududiy ijtimoiy muammolarni hal etishdagi NNTlar roliga bagʻishlandi. Unda davlat boshqaruvi bilan muloqotni faollashtirish, ijtimoiy tashabbuslarni tezkor qoʻllab-quvvatlash va mavjud muammolarning manzilli yechimlari boʻyicha amaliy takliflar bildirildi. Sessiyalar natijasida jamiyat va davlat hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan qator tavsiyalar ishlab chiqildi.
Yakunda qabul qilingan taklif va tavsiyalar NNTlar faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilib, fuqarolik jamiyatida ochiqlik, ishonch va masʼuliyat tamoyillarini mustahkamlashga qaratildi. Bu jarayonlar Oʻzbekistonda ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida fuqarolik jamiyatining oʻrni tobora kuchayib borayotganidan dalolatdir.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
- Prezident poytaxtda transport tizimini yangilashga doir muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring