“Gulshan”ning mazali qulupnaylari

Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Ijaraga yer olib dehqonchilik qilgan Abror har doim ham ekindan yaxshi daromad topolmasdi. Tabiat injiqliklari, suv va boshqa omillar sabab yetishtirilgan hosil biri oʻxshasa, biri...
Abrorning oilasi, roʻzgʻorini butlash uchun nima qilsam, deb boshi qotib yurganda, mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining maslahati bilan “har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida “Mikrokredit” bankning tuman filialidan 33 million soʻmlik imtiyozli kredit oldi. Tomorqasida uch sotixli issiqxona barpo etgan Abror Shirinboyev unga Janubiy Koreya navi sanalgan “Solhyan” qulupnayidan 3700 tup ekdi. Oʻtgan yilning avgustida gidroponika usulida ekilgan rezavor noyabrga kelib pishib yetildi. Bu navning mahalliy navlardan afzalligi qarov yaxshi boʻlsa, yil oʻn ikki oy qulupnaydan hosil olish mumkin. Issiqxonaning yuza qismida bir vaqtda besh-olti turdagi koʻkatlar hamda zaxira uchun qulupnay koʻchatlari ham parvarish qilinmoqda.
— Bahorda qisqa muddatda yetishtiriluvchi mahalliy qulupnay navlariga shakar qoʻshib isteʼmol qilishga oʻrganganmiz, — deydi tadbirkor Abror Shirinboyev. — Bu koreys nav mevasi yirikligi, boʻliqligi, shirinligi sabab shakarsiz isteʼmol qilsa boʻladi.
Darhaqiqat, eksportbop nav sanalgan solhyan qulupnayi Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida ancha mashhur. Bu navning oʻziga xosligi qulupnay dekabrdan maygacha meva tugadi. Jahon bozorida narxi yuqori. Oppoq, mayda gullovchi bu nav goʻyoki gulga oʻxshaydi. “Solhyan” soʻzi koreys tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinganda “Qishki lazzat” maʼnosini beradi.
Dastlabki yillarda yosh nihollar mevasidan haftasiga oʻn kilodan hosil yigʻishtirib olinsa, vaqt oʻtgan sari ekinning hosil choʻgʻi yuqorilab boraveradi. Yana bir bu qulupnayning oʻziga xos jihati, har bir tupda ham meva, ham gullar rivojlanib, xuddi bodring yetishtirish usuliga oʻxshab hosil peshma-pesh yigʻib olinadi.
— Issiqxonadagi ekin uchun eng asosiysi, yorugʻlik, issiqlik, harorat, suv, oʻgʻit, dorisi va albatta, mehr kerak, — deydi xonadon sohibasi Hafizaxon Shirinboyeva. — Xudoga shukr, mehnatimiz rohatini koʻryapmiz.
Bugun oilaviy tadbirkor Abrorjonga ukasi Azamat, kelini Mastura, farzandlari Nodirbek va Niginabonular ham har jabhada kamarbasta boʻlmoqda. Oʻtgan kuni galdagi terib olingan qulupnayning har kilosini tadbirkor 170 ming soʻmdan ulgurji narxda buyurtmachilarga sotdi. U tomorqaga eksportbop qora va qizil husayni uzum navlaridan ekdi. Uchta sigir, parrandalar ham parvarish qilayotgan tadbirkor Abror Shirinboyev bugun oʻzini va yaqinlarining bandligini taʼminlab, ikki oilani roʻzgʻoriga baraka kiritayotganidan mamnun. Bugun xonadoniga tadbirkorlik qilish niyatida maslahat soʻrab kelayotgan hamqishloqlari soni koʻpaydi.
— Oʻtgan yili 39 nafar fuqaroga imtiyozli kredit ajratib, tadbirkorlik boʻyicha bandligini taʼminladik, — deydi “Gulshan” MFY hokim yordamchisi Dilshod Bozorboyev. — 15 nafar ayollarga subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi. 9 nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarga oʻqitildi.
Chorvachilik, dehqonchilik mahallaning asosiy drayveri hisoblanadi. Mahallada ishsizlar sonini qisqartirish, yerdan, tomorqadan unumli foydalanish va daromad olish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha qator yangi loyiha va “Sayhunobod”, “Uychi”, “Gʻijduvon”, “Zarbdor” tajribalari hududda ommalashtirilmoqda.
Shu mahalladagi Asʼhad va Gulnoza Imangulovlarning tomorqasida boʻsh joyning oʻzi qolmagan. Imtiyozli kredit hisobidan 2,5 sotix issiqxonada limonning “Meyer” navi yetishtirilmoqda.
— Limon yorugʻlik va doimiy namlikni talab qiluvchi, quruq havoni yoqtirmaydigan sitrus meva, — deydi xonadon bekasi Gulnozaxon Imangulova. — U koʻp yillik oʻsimlik boʻlib, 45-yilgacha umr koʻradi. Bir tup limon 30 donadan 200 donagacha meva beradi. Bu navdan 22 tup ekkanmiz. Bu yil 600 kilo hosil oldik. Kilosini 18000 soʻmdan buyurtmachilarga sotdik. Qoʻshimchasiga tuvakda limon koʻchatlarini koʻkartirib, zaxira hozirlab qoʻyibmiz.
Oilaviy tadbirkorlar bogʻdorchilikdan ham yaxshigina daromad topmoqda. Bogʻga oʻn turdan ortiq 200 tupga yaqin mevali daraxtlar ekilgan. Shuningdek, golubika, rezavor, koʻkat va ziravorlar ham tomorqada bor. Imangulovlar oilaviy tadbirkorlik ortidan “Neksiya-1” mashinasi sotib olishdi. 30 ta qoʻy, 2 ta sigir, parrandalarni ham parvarish qilmoqda. Hayitboy, Mohinur, Albina bu borada ota-onasiga eng yaqin koʻmakchi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring