Gulistonning sharq-u gʻarbini bogʻlaydigan piyodalar tonneli quriladi

11:11 13 Fevral 2026 Jamiyat
536 0

Guliston shahrining aholi tilida “Mahalla” deb yuritiladigan qismi shahar markazi bilan ikki avtomobil koʻprigi va bir piyodalar koʻprigi orqali bogʻlangan. Bu hududlarni xalqaro ahamiyatga ega temir yoʻl ajratib turadi.

Temir yoʻl ustiga qurilgan piyodalar koʻprigi ancha baland boʻlib, ayniqsa qariyalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun harakatlanishda qiyinchilik tugʻdiradi. Avtomobil orqali borib-kelish esa muayyan vaqt va qoʻshimcha xarajat talab qiladi. Holbuki, temir yoʻl ajratib turgan masofa atigi 200–300 metrni tashkil etadi.

Toʻgʻri, “Guliston” temir yoʻl stansiyasining janubiy qismida yerusti piyodalar yoʻlagi mavjud. Biroq u shaharning “Mahalla” qismi va jamoat transporti qatnovidan ancha chetda joylashgan. Qolaversa, poyezdlar harakati vaqtida mazkur yoʻlak yopib qoʻyiladi.

Shu bois, Gulistonning ushbu hududida piyodalar uchun qulaylik yaratish masalasi bir necha yildan buyon dolzarb muammo boʻlib kelayotgan edi. Maʼlum boʻlishicha, bu muammo yaqin vaqt ichida oʻz yechimini topishi mumkin.

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining 8-Madaniyat saylov okrugidan boʻshab qolgan deputatlik oʻrniga nomzod sifatida koʻrsatilgan Erkinjon Turdimov saylovchilar bilan uchrashuv chogʻida ushbu masala yuzasidan muhim maʼlumot berdi. Uning taʼkidlashicha, shaharning gʻarbiy qismi — “Mahalla” mavzesi hamda sharqiy qismi — shahar markazi oʻrtasidagi temir yoʻldan yerosti tonneli qurish loyihalari koʻrib chiqilmoqda. Shuningdek, mavjud piyodalar koʻprigiga chiqish va tushish joylariga eskalatorlar oʻrnatish choralari ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Guliston shahridan oqib oʻtuvchi “Doʻstlik” kanali ustidagi mavjud koʻpriklar ostidan xavfsiz va qulay piyodalar yoʻlaklarini barpo etish boʻyicha ham loyihalar ishlab chiqilayotgani maʼlum qilindi.

Mazkur tashabbuslar amalga oshirilsa, shahar aholisi uchun harakatlanish ancha yengillashib, infratuzilma sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilishi kutilmoqda.

Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер