Gʻofurjon Mirzayev Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga qayta tasdiqlandi

16:48 13 Yanvar 2020 Siyosat
10781 0

Bugun, 13-yanvar kuni oltinchi chaqiriq Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakili, Prezident Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Qahramon Quronboyev ishtirok etdi.

Sessiyada taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98 – moddasi, shuningdek, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 2 – moddasiga binoan viloyat hokimligiga nomzod mamlakat Prezidenti tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng ushbu Kengashga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

Sessiya ishida ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vakili Q. Quronboyev deputatlarga davlatimiz rahbari tomonidan viloyat hokimligiga Gʻafurjon Mirzayev nomzodi tavsiya etilganini, nomzod boʻyicha partiya guruhlari har biri bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganini maʼlum qildi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashiga kiritilgan taqdimnomaga muvofiq, deputatlar Gafurjon Gʻaniyevich Mirzayev bir ovozdan viloyat hokimligiga tasdiqladilar.

Sessiyada “Sirdaryo viloyatini 2020-yil ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirish parametrlari va yoʻl xaritasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi masala ham koʻrib chiqildi. Bu xususda viloyat hokimining tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy masalalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Anvar Karimovning axboroti eshitildi.

Viloyatda 2020-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmini 12195,5 milliard soʻmga yetkazish koʻzda tutilganligi barcha tuman va shaharlarda belgilangan loyihalarni toʻliq amalga oshirish, viloyat eksport salohiyatini 195 million dollarga yetkazishni taqozo etadi. Bu ulugʻvor vazifalar shubhasiz har bir hokim, har bir rahbar, har bir deputatni katta fidoyilik, jasorat koʻrsatishga undaydi.

Deputatlar Sirdaryo viloyatini 2020-yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish parametrlari va yoʻl xaritasi qaror loyihasini tasdiqladilar.

Ahmadali Shernazarov, “Xalq soʻzi“

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?