Gʻoʻbdin togʻ tizmasida shamol elektr stansiyasi qurilmoqda

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholisi sonining oʻsishi bilan elektr energiyasiga boʻlgan talab ham ortib bormoqda. Shu bois muqobil energiya manbalaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi. 2026-yilga borib Oʻzbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hajmi 8000 MVtga yetkaziladi va ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalariga toʻgʻri keladi. Bu yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan Samarqand viloyatining Bulungʻur, Jomboy va Payariq tumanlari, shuningdek, Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumani hududidan oʻtgan Gʻoʻbdin togʻ tizmasida quvvati 500 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
— Hozirda uchta tumanda ham shamol stansiyalari va havo elektr tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda, — deydi “Universal Energy” kompaniyasi mutaxassisi Behruz Ismoilov. — Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida bu hududlarda 80 ta shamol trubinasi oʻrnatiladi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun dastlab gidrometrologik machtalar qurishga yer maydonlari oʻzlashtirildi.
Qurilish obyektlarida quruvchilar tomonidan yer osti tayanch ustunlari oʻrnatilib, yoʻl qurilmoqda. Shuningdek, trubinalar tayanchi uchun xandaqlar, omborxona va boshqa qoʻshimcha binolarning poydevori qazilmoqda. Bunyodkorlik ishlari aniq loyihalar asosida xitoylik malakali mutaxassislarning tavsiyasi bilan amalga oshirilmoqda. Energetika vazirligi bilan loyiha doirasida shamol elektr stansiyasini hamda havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish boʻyicha koordinatalarni belgilash ishlari ham davom etmoqda.
Joriy yilning fevral oyida loyiha doirasida jami 7 ta gidrometrologik machta oʻrnatilgan boʻlib, ular orqali yil davomida jamlangan barcha maʼlumotlar tahlil qilinib, qayerda, nechta va qancha quvvatga ega shamol turbinalari qurilishi belgilab olinadi.
— Tumanimizda parraklarining uzunligi 150 metrgacha boʻlgan shamol stansiyalari oʻrnatiladi, — deydi Bulungʻur tumani hokimi oʻrinbosari Shavkat Razzoqov. — Trubinalarining bittasi 5,5-8 MVt quvvatgacha elektr toki ishlab chiqarib, 15-20 ming aholiga ega boʻlgan bitta kichik shaharchani energiya bilan taʼminlay oladi. Mazkur stansiyalar ishga tushirilsa, yuzlab mutaxassislar ish bilan taʼminlanadi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring