Global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklari integratsiyasi Oʻzbekistonga nima beradi?

19:44 12 Fevral 2021 Iqtisodiyot
1350 0

Hozirgi kunda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Transafgʻon transport yoʻlagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlarni tashladik. Bu loyihaning roʻyobga chiqarilishi butun mintaqamizda barqarorlik va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga beqiyos xizmat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev

Oʻzbekiston jahonning dengiz bandargohlariga chiqish, mahsulotlar raqobatdoshligini saqlab qolish uchun yangidan-yangi transport yoʻlaklarini barpo etishni tashqi siyosatdagi ustuvor vazifalardan biri, deb biladi.

Davlatimiz rahbari shu yil 2-fevral kuni Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasi boʻyicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan Afgʻoniston Islom Respublikasining delegatsiyasi — mamlakat tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va Prezident Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgar hamda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovudni qabul qildi.

Muloqotlar markazida, shubhasiz, Afgʻoniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni eng qisqa yoʻl bilan bogʻlaydigan, Pokistonning dengiz portlariga chiqishni hamda ularning infratuzilmasi samarali ishga solinishini taʼminlaydigan temir yoʻl qurish loyihasi, taʼbir joiz boʻlsa, asr loyihasi muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Transafgʻon transport yoʻlagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlar tashlangani haqida toʻxtalib oʻtgan edi. Ushbu loyihaga xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan 4,8 milliard dollar jalb qilinishi kutilmoqda. Pokiston transport vazirining fikricha, boʻlajak temir yoʻldan yoʻlovchi va yuk tashish maqsadlarida samarali foydalaniladi.

Aytish joizki, joriy yil Davlat dasturida Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi va mazkur mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash yoʻlidagi global saʼy-harakatlarni faol qoʻllab-quvvatlash, Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bogʻlaydigan Transafgʻon transport yoʻlagini barpo etish borasida aniq manzilli tadbirlarni amalga oshirish vazifasi ham alohida bandda koʻrsatib oʻtilgan.

Bu bejiz emas. Zero, asrlar davomida Afgʻoniston Markaziy Osiyoni boshqa mintaqalar, xususan, Janubiy Osiyo bilan bogʻlovchi koʻprik vazifasini oʻtab kelgan. Shu bois kelgusida Afgʻonistonning ana shu tarixiy rolini qayta tiklash, uning tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarish nafaqat uning oʻzi uchun, balki Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari uchun ham katta ahamiyatga ega. Transafgʻon koridorining barpo etilishi, hech shubhasiz, mintaqalararo savdo-sotiqni kengaytirish, madaniy va ilmiy-gumanitar sohalarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleya­sining 75-sessiyasidagi nutqida Oʻzbekiston uchun barqaror iqtisodiy oʻsishning eng muhim garovi — raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni koʻpaytirish, tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish borasida oʻrinli hamda kechiktirib boʻlmaydigan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Shu munosabat bilan BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif qildi.

Transport kommunikatsiyasi toʻgʻrisida gap ketar ekan, bu Oʻzbekiston uchun juda muhim va oʻylantiradigan dolzarb masalalardan biri ekanini taʼkidlash joiz. Shu bois Oʻzbekiston transport sanoati ravnaqiga strategik ahamiyat berib, milliy va mintaqaviy darajalarda transport infratuzilmasi taraqqiyotiga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda, shuningdek, uni xalqaro transport tizimiga qoʻshish boʻyicha izchil ishlarni olib bormoqda.

Xalqaro ekspertlarning xulosasiga koʻra, infratuzilmani yaxshilash, moslashuvchan tariflar qoʻllash va yangi istiqbolli yoʻnalishlarni shakllantirish hisobidan, Oʻzbekistonda tranzit salohiyatini hozirgi 7 milliondan 16 million tonnaga yetkazish imkoniyati mavjud.

Oʻzbekistonning okeanga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqishga imkoni yoʻq va dunyoda bunday davlatlar soni 44 tani tashkil qiladi. Ammo ularning 42 tasi bir mamlakat chegarasidan oʻtsa, keyingisi okean. Oʻzbekiston esa buning uchun ikki mamlakat hududini bosib oʻtishi lozim. Okeanga chiqish uchun esa eng yaqin yoʻl, bu — Afgʻoniston orqalidir. Shu maʼnoda, bugungi kunda yaqin qoʻshnimiz bilan har tomonlama aloqalarni rivojlantirish, bu zaminda tinchlik va barqarorlikning taʼminlanishidan Oʻzbekiston toʻlaqonli manfaatdordir.

Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston saʼy-harakati bilan keyingi toʻrt yilda Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch, doʻstlik hamda hurmat muhiti shakllandi. Maqsad — mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga chuqur integratsiyasini taʼminlashdir. Bu boradagi amaliy ishlar allaqachon boshlanib, Oʻzbekiston mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afgʻonistonni keng jalb etish maqsadida “Surxon — Puli-Xumri” elektr uzatish tarmogʻi, Mozori-Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yoʻl qurilishi kabi yirik loyihalarni amalga oshirishga kirishdi.

Natijada aholi daromadlari va mahsulot sifati oshadi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi, tannarx pasayadi, yangi texnologiyalar olib kelinadi. Bozor islohotlarini jadal rivojlantirish hamda mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun yangidan-yangi bozorlarga kirib boramiz.

Iqtisodiyotlarimiz raqobatchi emas, balki...

Mamlakatimizning faol tashqi siyosati tufayli Oʻzbekiston barcha davlatlar bilan oʻzaro manfaatli va doʻstona aloqalarni yoʻlga qoʻymoqda. Jumladan, mazkur jarayonda Oʻzbekiston — Pokiston munosabatlari, ayniqsa, iqtisodiy yoʻnalishda yangi surʼat bilan rivojlanayotganini koʻrishimiz mumkin.

Oʻzaro savdo-sotiq nuqtayi nazaridan iqtisodiyotlarimiz raqobatchi emas, balki bir-birini toʻldiradi. Shu maʼnoda, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Soʻnggi yillarda savdo va investitsiya hamkorligida sezilarli oʻsish kuzatilmoqda.

Savdo yoʻlaklariga kelsak, Pokistonning jugʻrofiy joylashuvi Oʻzbekistonga Arab dengiziga chiqish uchun qisqa yoʻnalishni taqdim etadi. Pokiston orqali savdo qilish Oʻzbekiston uchun dengizga chiqishning eng samarali usuli hisoblanadi. Xuddi shunday, Markaziy Osiyo bozorlari bilan savdo munosabatlarini kengaytirishga xizmat qiladigan aloqalarni oʻrnatish Pokistonning asosiy maqsadlaridan biridir.

Bu boradagi qator takliflar faol koʻrib chiqilmoqda. Shu sababli yaqin kelajakda ikki mamlakatni bir-biriga bogʻlaydigan oʻzaro foydali savdo yoʻlagini amaliyotga tatbiq qilishga umid bogʻlash mumkin. Bizning umumiy dinimiz, tariximiz, anʼanalarimiz va iqtisodiy manfaatlarimiz yaqin hamkorlikka chorlamoqda. Ajdodlari ming yillar davomida yonma-yon boʻlgan xalqlarni yana bir-biriga yaqinlashtirish, tarixiy aloqalarni tiklash va ularni XXI asrning geoiqtisodiy haqiqatlariga muvofiq tarzda yangilash vaqti keldi.

Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 10-mayda oʻrnatilgan. Turli darajadagi siyosiy muloqotlar muntazamlik kasb etgan. Uni izchil rivojlantirish, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar boʻyicha yondashuvlarni muvofiqlashtirib borish imkonini bermoqda. Oʻzbekistonning ulkan iqtisodiy salohiyati, geostrategik oʻrni, rivojlangan infratuzilmasi Pokis­ton uchun muhim ahamiyatga ega. Pokiston mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashdagi oʻrni, dengiz portlariga chiqish imkoniyati, yirik bozori bilan Oʻzbekiston uchun istiqbollidir. Ikki mamlakat xalqaro maydonda bir-birini qoʻllab-quv­vatlab kelmoqda. Shanxay hamkorlik ­tashkilotiga Pokistonning qabul qilinishi mamlakatlarimizning oʻzaro va koʻp tomonlama hamkorligini rivojlantirishda yana bir muhim omil boʻladi.

Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat uchun barcha zarur imkoniyat va zaxiralar yaratilyapti. Natijada Pokistondagi salohiyatli importchilar bilan koʻp qirrali hamda uzoq muddatli munosabatlarning yangi davri boshlandi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Misol uchun, 2018-yildan beri ikki mamlakat oʻrtasida faol biznes aloqalarining yana-da kengayishi va oʻzaro manfaatli tijoriy operatsiyalar salmogʻi ortishi bosqichi kuzatilmoqda. Birgina pandemiya davridagi 2020-yilni hisobga olmaganda, 2019-yili Pokistonga mamlakatimiz ­eksporti hajmi 220 foiz oʻsdi.

Yetishtirilayotgan mahsulotlarimizga talab ortmoqda

Yurtimizda keyingi ikki-uch yilda qishloq xoʻjaligi sohasida klasterlar tashkil etishga alohida kirishilganidan barchamiz yaxshi xabardormiz. Bunday ezgu tashabbus fermer xoʻjaliklari faoliyatining kuchayishiga turtki berishi barobarida, yuqori sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini katta miqdorda eksport qilishga sharoit yaratyapti.

Masalan, Pokiston bozorlarida yurtimizda yetishtirilgan mahsulotlarga ­talab ortmoqda. Natijada birgina 2018-yilda ushbu mamlakatga 22,2 million AQSH dollarilik, yaʼni 30 ming tonna meva-sabzavot sotildi. Qolaversa, Pokiston mamlakatimizdan meva-sabzavot mahsulotlarini import qiluvchi yirik davlatlar oʻntaligi (7-oʻrin)dan joy oldi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini yana-da kengaytirish maqsadida 2018 — 2020-yillarda yurtimizda Pokiston ishtirokida yigirmadan ortiq savdo kompaniyalari va agrofirmalar tashkil qilindi.

Hozir ular Oʻzbekiston meva-sabzavotlarini Janubiy Osiyo mamlakatlariga yetkazish, shuningdek, Pokistonning Karachi porti orqali Fors koʻrfaziga olib chiqish bilan shugʻullanmoqda. Mosh, noʻxat, loviya kabi dukkakli mahsulotlar hamda gilos, olma, oʻrik kabi hoʻl va quritilgan mevalar, qulupnay, qalampir, pomidor, qovun singari sabzavotu poliz neʼmatlari Pokiston bozorlarida eng xaridorgir boʻlmoqda.

Bundan tashqari, ushbu mamlakatning isteʼmol bozori Oʻzbekistonda yetishtirilgan dukkakli mahsulotlarni oliy sifat belgisi, deb qabul ­qilayotir hamda zaminimiz neʼmatlari Eron, Kanada, Myanma va Avstraliyadan keltiriladigan shunday tovarlar bilan toʻliq raqobatlashmoqda.

Pokistonlik isteʼmolchilarning fikriga koʻra, yurtimiz mevalari betakror mazasi, turli darmondorilar, xususan, temir moddasiga boyligi bilan ajralib turadi. Qisqacha aytganda, bundan keyin ham zaminimiz neʼmatlariga nafaqat Pokiston, balki butun Janubiy Osiyo davlatlari bozorlarida talab yuqori boʻladi. Yangi temir yoʻl loyihasining ishga tushishi imkoniyatlarimizni yana-da oshiradi.

Pokiston va Oʻzbekistonni madaniyat, din hamda anʼanalar mushtarakligiga asoslangan yaqin munosabatlar bogʻlab turibdi. Pokiston Oʻzbekistonning Termiz shahridan atigi 665 kilometr uzoqlikda joylashganligini taʼkidlash lozim. Bu masofa Pokistonning Lahor va Karachi shaharlari orasidagi masofadan kamroqdir. Qolaversa, Pokistonning Karachi hamda Gvadaru dengiz portlari bor. Bu oʻzbekistonlik sheriklar uchun jahon bozoriga maqbul yoʻlni ochib beradi.

Shuningdek, Pokiston tomoni Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni yaxshilash maqsadida mintaqa bozorlariga yiliga bir necha milliard dollarlik tayyor mahsulot — dori-darmon, kiyim-kechak hamda guruch va shakar eksport qilish imkoniyatiga ega. Bu oʻrinda mintaqa davlatlariga bir necha million dollarlik kredit berishga xam tayyorligini bildirmoqda. Islomobodning mintaqa mamlakatlariga, asosan, Oʻzbekiston, Turkma­niston va Qozogʻistonga qiziqishi kattaligi kuzatiladi.

Muammoni hal qilishning innovatsion yondashuvi

Afgʻonistonda barqaror tinchlik oʻrnatilishi keng xalqaro ahamiyatga ega boʻlib, mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni hamda savdo faoliyatini yana-da yaxshilaydi. Mintaqa mamlakatlari, xususan, Pokiston va Oʻzbekiston Afgʻonistonga muzokaralar, diplomatiya, muloqot hamda iqtisodiy rivojlanish orqali tinchlik oʻrnatishda muhim rol oʻynaydi.

Darhaqiqat, Toshkentning Afgʻonistondagi siyosati avval boshdan Kobul bilan “jadal iqtisodiy hamkorlik”, transport va logistika loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, mamlakatning taʼlim dasturlarini kengaytirish orqali afgʻon fuqarolari qalbini zabt etadigan yechim topishga asoslangan edi.

Prezidentimizning Afgʻoniston muammosini hal qilishga innovatsion yondashuvi Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish strategiyasini ilgari surishga yordam beradi. Toshkent xalqaro manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qiladi hamda iqtisodiyot, logistika, taʼlim sohalarida turli loyihalarni taklif etadi. Hatto Afgʻoniston hukumati bilan “Tolibon” harakati oʻrtasida muzokaralar uyushtirish istiqbollarini koʻrib chiqmoqda.

Oʻzbekistonning ushbu sohadagi noyob yutuqlaridan biri infratuzilma, energetika va savdo-sotiqni rivojlantirishga qaratilgan Afgʻoniston bilan iqtisodiy integratsiyaning mavjudligidir. Oʻzbekis­ton Afgʻonistonga gumanitar yordamni ­yetkazib berish uchun Termiz shahrida bojxona punktini ochdi. Mozori-Sharif — Kobul uchastkasida mamlakatning Shimoli bilan Janubi oʻrtasida uzluksiz aloqani taʼminlash uchun 11 ta koʻprik qurdi. Hayraton — Mozori-Sharif temir yoʻli Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida qurilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Transafgʻon transport yoʻlagi loyihasi doirasida Mozori-Sharif — Hirot temir yoʻlini qurishga katta qiziqish bildirdi. Bundan tashqari, Toshkent Afgʻonistonga elektr energiyasining yetakchi yetkazib beruvchisiga aylandi.

Shuningdek, 2018-yil mart oyida Afgʻoniston boʻyicha yirik xalqaro konferensiya Toshkentda oʻtkazilgani afgʻonlararo muzokaralarni qayta boshlash uchun platforma boʻldi va muammolarni diplomatiya orqali hal qilishga undadi. Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan taʼlim hamda xalq diplomatiyasi sohasidagi saʼy-harakatlari ham alohida eʼtiborga molik.

Xususan, Toshkent tomonidan turli taʼlim loyihalari ishlab chiqilgan. Bu or­qali xalqlar oʻrtasida aloqalar oʻrnatildi va natijada Afgʻonistonda xalqaro taʼlimni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi ­yaratildi. Afgʻoniston bilan chegaradosh Termizda afgʻon fuqarolarini oʻqitish boʻyicha maxsus oʻquv markazi tashkil etildi.

Oʻtgan yili markazga 100 dan ziyod afgʻon talabalari qabul qilindi. Afgʻoniston masalasiga alohida eʼtibor, yaqin ­siyosiy tushunish, ikki tomonlama savdo-sotiqning yaxshilanishi, sayyohlikning oʻsishi va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha mintaqadagi qoʻshma saʼy-harakatlar tufayli yana-da kuchaygan Pokiston hamda Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tahsinga loyiqdir. Pokiston va Oʻzbekiston mintaqada tinchlik hamda hamjihatlik, temir yoʻl yoʻlagini qurish, iqtisodiyotning turli sohalariga sarmoyalarni jalb qilish orqali ijti­moiy-iqtisodiy farovonlik va oʻzaro ­bogʻliqlik maqsadlariga erishishga ­qatʼiy sodiqlikni namoyish etdi.

Shu bilan birga, bu Oʻzbekistonning Afgʻonistonga tinchlik oʻrnatish va muloqot orqali rivojlanish yoʻlidagi samimiy harakatlarini ifodalaydi. Pokiston hukumati Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyevning mintaqada hamda undan tashqarida tinchlik va barqarorlikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikka alohida ahamiyat beradi.

Dengizga chiqishning afzalliklari nimada?

Ekspertlarning fikriga koʻra, bugungi kunda Osiyo va Yevropa oʻrtasidagi qitʼalararo savdo yuklarining 90 foizi dengiz orqali tashilmoqda. Dengizga chiqish imkoniga ega boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlar eksport daromadlarining taxminan 18 foizini transport xizmatlari uchun sarflaydi, rivojlangan davlatlarda esa bu qiymat 9 foizni tashkil qiladi.

BMTning Savdo va taraqqiyot boʻyicha konferensiyasi (YUNKTAD) mutaxassislarining maʼlumotlariga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun transport xarajatlari koʻpincha import qilinadigan tovarlar qiymatining 60 foizigacha yetadi. Bu esa soʻnggi paytlarda Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari xalqaro ahamiyatga molik boʻlgan transport imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlarni jadallashtirishga turtki bermoqda.

Mintaqa davlatlari oʻzining siyosiy, iqtisodiy va boshqa vazifalarini amalga oshirishga toʻlaqonli koʻmak bera oladigan transport tizimini shakllantirishga intilmoqda. Bundan tashqari, boshqa mamlakatlarning shu kabi kommunikatsiyalari bilan uygʻun holdagi integratsiyalashgan keng qamrovli transport tarmogʻi xalqaro, shuningdek, tranzit yuklarini tashish imkonini beradi. Bu esa byudjetga tushumlar bazasini kengaytirish uchun qoʻshimcha imkoniyat demakdir.

Umuman, Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar temir yoʻlining qurilishi Janubiy Osiyo va Yevropa qitʼasi oʻrtasida Markaziy Osiyo orqali yuk tashish muddati hamda sarf-xarajatlarini kamaytiradi, Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlaydi, minglab yangi ish oʻrinlari yaratadi, mintaqaning tranzit salohiyatini tubdan oshiradi.

Oʻktam UMURZOQOV, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti rektori, Respublika oliy taʼlim kengashi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?