Global iqlim oʻzgarishi oldini olish uchun qanday choralar koʻrish kerak?

Iqlim oʻzgarishi — XXI asrning asosiy muammolaridan biri. Insoniyatning taraqqiyotga erishish yoʻlida tabiatga nisbatan xoʻjasizlarcha munosabatda boʻlishi atrof-muhitdagi muvozanatning izdan chiqishiga sabab boʻlmoqda. Iqlim isishi natijasida qor qoplami qisqarmoqda, bugʻlanish kuchaymoqda. Qurgʻoqchilikning tez-tez takrorlanishi va jadalligining kuchayishi qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishi barqarorligini buzishi va oziq-ovqat xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin.
Bugun jahon hamjamiyati iqlim oʻzgarishini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb tan olmoqda. BMT Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi uni hal etishning ikkita asosiy yoʻnalishi belgiladi: atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish hamda kuzatilayotgan va kutilayotgan iqlim oʻzgarishlariga moslashish. Oʻz vaqtida choralar qabul qilmaslik va atmosferada issiqxona gazlari miqdorini bundan keyin ham koʻpayishi holatida mamlakatlar iqlim oʻzgarishi borasidagi harakatlar uchun katta mablagʻlarni mobilizatsiya qilishlariga toʻgʻri keladi.
Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻsib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida 2015-yil 12-dekabrda Parij Bitimi qabul qilingan. Ushbu hujjat 2016-yil 4-noyabrda kuchga kirgan. Bitimning maqsadi BMT Iqlim oʻzgarishlari boʻyicha doiraviy Konvensiyani amalga oshirilishini faollashtirish, global oʻrtacha haroratning industriallashtirishgacha (1750-y.) boʻlgan darajaga nisbatan 2 S ga saqlab turish hamda haroratning Selsiy boʻyicha 1,5 darajagacha oʻsishini cheklashga harakat qilishdan iborat. Bu 2050-yilga kelib issiqxona gazlari global ajratmalarini 40-70 foizga kamaytirishni va 2100-yilga kelib uning 0 yoki manfiy koʻrsatkichga yetkazishni talab etadi.
Taʼkidlash joiz, 2017-yil 19-aprel kuni BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Oʻzbekiston Parij Bitimini imzoladi. Mazkur bitim 2018-yil 3-oktyabr kuni ratifikatsiya qilindi. 2030-yilgacha uzoq muddatli istiqbolda Oʻzbekiston Respublikasi iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash chora va harakatlarni kuchaytirishni – 2030-yilga kelib issiqxona gazlari solishtirma tashlanmalarini 2010-yildagi darajaga nisbatan (yalpi ichki mahsulotga) yalpi ichki mahsulot birligiga 10 foizga qisqartirishni moʻljallamoqda.
Kelgusi 20-30 yil ichida iqlim oʻzgarishi insoniyatga beshta asosiy xavotirni alohida urgʻulaydi.
Bular sirasiga Arktika dengizidagi muzliklar va marjon riflari kabi unikal tizimlarga boʻlgan tahdidlar kiradi. Haroratning 2 gradusga koʻtarilishi bilan tahdid “oʻta yuqori” boʻlishi mumkin. Dengizlar va daryolarga boʻlgan taʼsiri. Unga koʻra, ummon suvi tarkibidagi kislota oshadi va undagi marjon va jonzotlarga xavf soladi.
Harorat oshishi bilan quruqlikdagi hayvonlar, oʻsimliklar va boshqa jonzotlar balandliklar va qutblar sari harakat qila boshlaydilar. Insonlarga taʼsir haqida gap ketar ekan, oziq-ovqat taqchilligi eng katta xavotir uygʻotadi. Makkajoʻxori, guruch va bugʻdoy 2050-yilga borib 25 foizga kamayishi bashorat qilinadi.
2050-yilga borib aholi soni 9 milliardga yetishi va shaharlar kengayib borishi kutilar ekan, oziq-ovqat yetishmovchiligi yana-da yomonlashadi. Tropik hududlar va Antarktikaning baʼzi qismlarida baliqchilar oʻljasi 50 foizga kamayishi mumkin.
Iqlim oʻzgarishi muammosi natijasida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan oqibatlar qatorida quyidagilarni koʻrsatish mumkin:
— cuv resurslari taqchilligining kuchayishi;
— oʻrtacha haroratning oshishi;
— yogʻingarchiliklarning notekis taqsimlanishi – yogʻingarchiliklarsiz qurgʻoqchilik uzoq davom etishi va bir martada koʻp miqdorda yogʻingarchiliklar boʻlishi;
— qishloq xoʻjaligida yetishtirish uchun maqbul ekinlar tarkibi butunlay oʻzgarishi;
— harorat rejimi kuchayishi natijasida aholi salomatligi bilan bogʻliq muammolar koʻpayishi;
— oʻsimliklar va hayvonlarning aksariyat turlari yashaydigan areallar qayta taqsimlanishi, ekologik jarayonlar, beriladigan mahsulotlar va bajariladigan funksiyalar tubdan oʻzgarishi;
— sahrolashish jarayonlarining kuchayishi, yashash va xoʻjalik yuritish mumkin boʻlgan yerlar kamayishi;
— iqtisodiyot sektorlari taʼsirining toʻliq qayta taqsimlanishi va boshqalar.
Joriy yil fevral oyining ikkinchi oʻn kunligidagi havo harorati +27-+30 S gacha keskin oshib ketishi va mart oyida havo harorati -10 S gacha keskin sovub ketishi holatlari kuzatilishi ham yurtimizda global iqlim oʻzgarishi oʻz taʼsirini koʻrsatayotganidan dalolatdir. Iqlim oʻzgarishlarining oldini olish va unga moslashish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi:
— Avvalo, ekologik madaniyat oiladan boshlanishi lozim;
— Ishlab chiqarish korxonalarida ekologik toza texnologiyalarni joriy etish orqali atmosferaga tashlanayotgan issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish zarur;
— Ekologik toza transport vositalarini koʻpaytirish, shu jumladan keng jamoatchilik uchun qulay boʻlgan veloyoʻlakchalar tashkil etish kerak;
— Koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish. Koʻp yillik daraxtlarning ekilishi hududdagi mikroiqlimni yumshatishga sabab boʻladi. Shuningdek, shahar hududlari va avtomobil yoʻllari chetida yashil hududlarni kengaytirish darkor;
— Suv resurslaridan oqilona foydalanishda tejamkor texnologiyalardan unumli foydalanish lozim;
— Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, yaʼni chiqindisiz texnologiyalar. energiyatejamkor, resurstejamkor texnologiyalardan foydalanishni joriy etish yoki boshqacharoq qilib aytganda mamlakatda yashil iqtisodiyotni joriy etish zarur.
Qayta tiklanuvchi quyosh va shamol energiya manbalaridan foydalanish. orqali iqlim oʻzgarishlari oqibatlarini maʼlum bir darajada kamaytirish mumkin.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini saqlash, ekologik xavfsizlikni taʼminlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida jahon hamjamiyatini, shu jumladan mintaqa mamlakatlarini ekologik masalalarda, jumladan Orol dengizning qurishi bilan bogʻliq oqibatlarni bartaraf etishda xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlarni faol birlashtirish zarurligini taʼkidlab oʻtdi. Bugungi kunda mazkur masalalarda amaliy ishlarni barchamiz guvohi boʻlib turibmiz. Birgina misol sifatida BMT shafeligi ostida Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsherikli Trast fondining tashkil etilishi yoki mustaqillikning 27 yili davomida Orolning qurigan tubida 400 ming gektarda oʻrmonzor tashkil etilgan boʻlsa, soʻnggi ikki yilda qariyb 1200 ming gektarga saksovul va choʻl oʻsimliklari urugʻlari sepilganligi va koʻchatlari ekilganligini keltirish mumkin. Olib borilgan islohotlarni jahon hamjamiyati qoʻllab-quvvatlamoqda.
Davlatimiz rahbarining “2019-2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining «yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarori atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik holatni yaxshilashga eʼtiborni kuchaytirish masalalari belgilanganligi iqlim oʻzgarishlarining oldini olish va unga moslashish uchun xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, global iqlim oʻzgarishi oqibatida yuzaga keladigan ekologik muammolarni barcha davlatlar va insoniyat birlashsagina natijaga erishadi. Shuni unutmasligimiz lozim, biz kelajak avlod uchun musaffo osmon, goʻzal tabiat va uning bebaho neʼmatlarini bekamu koʻst yetkazish burchimizdir.
Ravshanbek BEGMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring