Gʻijduvon yangi imkoniyatlar markaziga aylanmoqda

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Bugun yurtimizning qay bir goʻshasiga bormang xushxabar eshitasiz, xayrli, ezgu amallarning shohidi boʻlasiz. Tadbirkor-u hunarmandlari, qoʻligul dehqonlari bilan nomi yetti iqlimga ketgan Gʻijduvon ham bundan mustasno emas. Xususan, davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qarori gʻijduvonliklar koʻngliga bir olam quvonch baxsh etdi. Ularning ertangi kunga boʻlgan ishonchiga ishonch qoʻshdi.
Jannat bogʻlariga monand makon
Buxoroning ardoqli farzandi, shoir va faylasuf Sadriddin Salim Buxoriyning yozishicha, bu koʻhna goʻshadan Xoja Alouddin Gʻijduvoniy, Mavlono Poyanda Soktaregi, Soʻfi Dehqon Shoʻrchagi, Abdulxoliq Gʻijduvoniy singari koʻplab aziz-avliyolar yetishib chiqqan. Xizr alayhissalom Gʻijduvonga kelib, Xojai Jahonga, yaʼni Abdulxoliq Gʻijduvoniyga saboq bergan. Duoi pir ketgan bu goʻshadan savdo karvonlarining qadami uzilmagan, zargar-u zardoʻz, novvoy, kandakor-u kulollarning qoʻli qoʻliga tegmagan.
— Tarixiy manbalardan maʼlum boʻlishicha, “Gʻijduvon” toponimi “Zafarlarga yor muqaddas shahar”, “Gʻishtli devor”, “Ekin ekiladigan dehqonlar manzili”, “Gʻuj-gʻuj devonlari, yaʼni masjid-u madrasalari koʻp joy” degan maʼnolarni anglatadi, — deydi Buxoro davlat universiteti dotsenti Azalshoh Hamroyev. — Bu goʻsha butun umrini insonning maʼnaviy-ruhiy kamoloti yoʻliga sarflagan hazrat Abdulxoliq Gʻijduvoniy tugʻilgan zamin sifatida qadrlanadi. “Avliyolar sultoni”, “Qutbi zamon”, “Xojai Jahon” nomlari bilan mashhur bobokalonimiz Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy tomonidan alohida eʼzozlangan. Ular Gʻijduvoniyni “shayx-ush-shuyux”, yaʼni shayxlar shayxi unvoni bilan taʼriflashgan. Bunday sharafga faqatgina uch buyuk zot — Xoja Yusuf Hamadoniy, Xoja Ahmad Yassaviy va Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniygina muyassar boʻlgan.
Mirzo Ulugʻbek aynan shu ulugʻ ajdodimiz mangu qoʻnim topgan qadamjoda madrasa barpo etgani ham bejiz emas. Darvoqe, Prezidentimizning 2017-yil 11-iyuldagi tegishli farmoyishi bilan Abdulxoliq Gʻijduvoniy tavalludining 915-yilligi va Bahouddin Naqshband tugʻilganining 700-yilligi keng nishonlandi. Bu tabarruk zotlar xoki poyi yotgan manzillar obodonlashtirildi. Tahoratxona, masjid, mehmonxona, muzey, kitob doʻkonlari barpo etildi.
— Oʻtgan asrning 30-yillarida tadqiqot ishlarini olib borgan sharqshunos V. A. Shishkinning eʼtiborini Mirzo Ulugʻbek madrasasi peshtoqidagi bitiklar oʻziga tortgan. Unda jumladan, “Bu ulugʻ joy jannat bogʻlariga monand makondir” degan yozuv bor edi, — davom etadi A. Hamroyev. — Nebaxtki, mustaqillik sharofati, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan milliy va diniy qadriyatlarimiz qayta koʻz ochdi. Qadamjo fayziga fayz qoʻshildi. Qarang, jannatmonand makondan sayyohlar qadami uzilmayapti.
“Vaqtim mazmunli oʻtganidan xursandman”
— Bu yerdagi tarixiy yodgorliklar meʼmoriy yechimining oʻziga xosligi, milliy pazandachilik, qoʻl mehnatiga asoslangan kulolchilik, kashtachilik mahsulotlari, sharqona turmush tarzi meni hayratga soldi, — deydi avstraliyalik sayyoh Keytlen Greyxem. — Odamlarning mehmondoʻstligini aytmaysizmi? Koʻhna Buxoro va Samarqand oraligʻida joylashgan, Buyuk ipak yoʻli chorrahasidagi Gʻijduvonda vaqtimni mazmunli oʻtkazganimdan xursandman.
Darvoqe, xorijlik mehmonni taniqli hunarmand Alisher Narzullayevning “Kulol Ustozoda” turistik markazida uchratib qoldik. Abdulxoliq Gʻijduvoniy meʼmoriy majmuasining shundoq yonboshidagi bu goʻsha sayyohlarni oʻziga ohanrabodek tortmoqda.
— Prezidentimizning joriy yil 1-apreldagi qarori biz, hunarmandlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda, — deydi sulolaning yana bir vakili, Oʻzbekiston Respublikasi xalq ustasi Abdulla Narzullayev. — Mana, koʻhna Qoʻrgʻonni olib koʻring. U yaqinda turizm mahallasi maqomiga ega boʻldi. Qarorga muvofiq, bu goʻshaning qadimiy qiyofasini tiklash uchun 33,3 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilmoqda. Kulolchilikka kelsak, bu hunarni ota-bobolarimiz tishlarining kovagida asrab bizgacha yetkazishgan. Anʼanalarni davom ettirgan holda bu maktabni boyitish ustida ham ishlayapmiz. Masalan, sopol buyumlar sirtiga ishlov berishning qadimiy usulini qayta tikladik.
Shu asnoda yaponiyalik sayyohlardan biri “Kulolchilikda yorqin va tiniq ranglar koʻp ishlatilar ekan”, deb qoldi. Uning aytganicha bor. Biz tinchliksevar, insonparvar xalqmiz. Osmonimiz musaffo, niyatlarimiz buloq suvi kabi tip-tiniq. Turmushimiz osuda. Bu xalq amaliy sanʼati ustalarining asarlarida ham oʻz ifodasini topmoqda.
Choʻllar chaman ochmoqda
Gʻijduvon ufqqa tutashib ketgan sahrosi bilan ham maftunkor. U oʻz bagʻrida ne-ne maʼdanlarni asramayapti, deysiz? Tilimizga muqobil energiya manbasi, degan ibora kirib keldi-yu “Baraka” mahalla fuqarolar yigʻini joylashgan sahrodagi yana bir hikmat yuzaga oy kabi balqib chiqdi. Choʻli biyobon quyosh va shamol energiyasining bitmas-tuganmas manbai ekani ayon boʻldi. Qutchi massivida hozir Saudiya Arabistonining “ACWA POWER” kompaniyasi tomonidan qiymati 650 million AQSH dollari boʻlgan shamol elektr stansiyasi qurilyapti. Gʻijduvon tarixida ilk bor temir yoʻl tarmogʻi tortilmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” massivi ham shu hududda qad rostladi. Bugun bu yerni sahro degani til bormaydi. Choʻllar chaman ochayotgani shu emasmi?!
— “Baraka” oʻz nomi bilan qut-barakali joy ekan, — deydi “Shuhrat” medali sohibasi Iqlima Joʻrayeva. — Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan, mahalla hududidagi qumlikdan iborat 29 gektar maydonda ekoturistik maskan barpo etilib, bu yerdagi infratuzilmani rivojlantirish uchun 1,45 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladigan boʻldi.
I. Joʻrayevani bundan yigirma yilcha muqaddam qoʻni-qoʻshnilar fabrikaning oddiy ishchisi sifatida bilishardi. Bugungi kunda u maishiy xizmat koʻrsatish, umumiy ovqatlanish, mehmonxona biznesi kabi yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkor sanaladi.
— Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hayotimni tubdan oʻzgartirib yubordi, — toʻlqinlanib soʻzlaydi u. — Tadbirkor ayol sifatida oʻnlab ish oʻrinlari yaratdim. El-yurtga nafim tegyapti. Buni his qilib yashashning gashti boʻlakcha. Bilasiz, tumanimiz nafaqat boy tarixi, noyob yodgorliklari, qadimiy qadamjolari, balki betakror tabiati bilan ham sayyohlarni oʻziga maftun qilmoqda. Shuni inobatga olib, Qizilqumga tutash hududda ekomaskan barpo etdik. Loyihani roʻyobga chiqarish uchun choʻldan 33 gektar yer ajratildi. Bir milliard soʻm miqdoridagi sarmoya va xalqaro tashkilot ajratgan grant shu maqsad roʻyobiga sarflandi.
Bugina emas, qarorga muvofiq, “Saidkent” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Zarafshon daryosi sohil boʻyi” dam olish maskani barpo etiladigan boʻldi. Shu maqsadda daryo qirgʻoqlari betonlashtiriladi. Usti yopiq tropik bogʻ, basseyn, kafe va yaxna ichimliklar doʻkonlari barpo etiladi. Soʻlim sayilgohga keladiganlarga Wi-Fi xizmati yoʻlga qoʻyiladi. Shu kabi maqsadlar uchun davlat byudjetidan 7,3 milliard soʻm, tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan esa 12 milliard soʻm miqdorida mablagʻ sarflanishi koʻzda tutilmoqda.
Yaxshi niyat – yarim davlat
Madaniyat sohasida faoliyat koʻrsatgan mehnat faxriysi Rajab Avezov Gʻijduvonning faol ziyolilaridan. Uni davlatimiz rahbarining “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi taqdimotiga bagʻishlangan tadbirda uchratib qoldik.
— Hadisda aytilganidek, amallar niyatga bogʻliq, — deydi Rajab aka. — Necha yildirki, “Koshkiydi, bizda ham fayzli bir maskan barpo etilsa-yu, unda madaniy-maʼrifiy kechalar oʻtkazsak”, degan niyat, oʻy bizga tinchlik bermasdi. Negaki, Gʻijduvon shu paytga qadar madaniyat saroyiga yolchigan emas. Buni qarangki, Prezidentimizning tashabbusi bilan koʻp yillik orzumiz ushaladigan boʻldi. Boz ustiga boʻlgʻusi markaz binosining old qismini koʻngilochar maskanga aylantirish uchun 2,2 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Shuningdek, “Nurafshon” madaniyat va istirohat bogʻida aholiga dam olish, koʻngilli hordiq chiqarish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida 10,8 milliard soʻm miqdorida sarmoya sarflash koʻzda tutilmoqda.
Xalqimizda “Yaxshi niyat – yarim davlat” deya aytilganicha bor. Abdulxoliq Gʻijduvoniy» va Yusuf Hamadoniy koʻchalarining jami 3,7 kilometri hamda F.Eshpoʻlatov koʻchasidagi bir tomonlama yoʻlning foydalanilmayotgan qismi tunu kun faoliyat yurituvchi gastronomik, savdo-servis va turizm koʻchalariga aylantiriladi. »Denov» mahallasi hududida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi barpo etish loyihasi tayyorlangan. Shu mahalladagi 20 gektar maydonda esa sanoat va yirik xizmat koʻrsatish zonasi tashkil qilinib, yashil energiyaga asoslangan, qoʻshimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan biznes loyihalar amalga oshiriladi. Bu zonani infratuzilma bilan taʼminlash uchun 2,8 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirish belgilangan.
Ana shunday xayrli, ezgu ishlar Gʻijduvonning iqtisodiy salohiyatini yuksaltiradi, aholining turmush darajasini yanada yaxshilaydi. Uni yangi imkoniyatlar markaziga aylantiradi. Islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad esa odamlarning oʻz hayotlaridan rozi boʻlib yashashlariga erishmoqdir. Zero, Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy bir toʻrtligida yozganidek:
Umr oʻtkinchidir, boʻlgil beozor,
Qoʻlingdan kelguncha qilgil ne-ku kor.
Dunyoda ne eksang, shuni oʻrasan,
Yaxshilik tuxmin soch, boʻlma badkirdor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring