Gidroenergetika sohasida mamlakatimizda qurilayotgan yirik mega loyiha

21:20 14 May 2022 Jamiyat
607 0

Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani hududidan oqib oʻtuvchi «Pskem daryosida Pskem GESni qurish» loyihasi gidroenergetika sohasida mamlakatimizda qurilayotgan yirik mega loyihadir.

«Oʻzbekgidroenergo» AJ rahbariyati tashabbusi bilan yangicha yondashuv va yangi konsepsiya asosida ilgʻor zamonaviy texnologiyalar va metodlar joriy etilib, murakkab loyiha ishlari «Gidroproyekt» AJ tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan, mahalliy va xorijiy korxonalar mutaxassislari tomonidan belgilangan meʼyorlar asosida qurilish ishlari olib borilmoqda.

Alohida aytib oʻtish lozimki, «Pskem daryosida Pskem GESni qurish» investitsiya loyihasi doirasida qabul qilingan texnik yechimlar boʻyicha “Tractebel Engineering GmbH.» (Germaniya) xalqaro injiniring kompaniyasi tomonidan olingan ijobiy xulosalar asosida ish olib borilmoqda.

Birinchi bosqichda amalga oshirilishi belgilangan gidrotexnika inshootlari, yerosti suv oʻtkazuvchi tunnellar, GES binosi va 222 km. uzunlikdagi elektr energiyasini uzatish tarmoqlari hamda infratuzilma obyektlarini qurish ishlari, jumladan, birinchi yarus suv qabul qilish inshooti, 1288 metr uzunlikdagi suv oʻtkazuvchi yerosti tunneli, 1-2-agregatlarga suv olib keluvchi 285 metr yerosti tunneli va 2 dona suv oʻtkazuvchi zatvorlarni boshqarish inshooti, daryoga suv tashlash inshootlari hamda ishchi-mutaxassislar uchun 80 oʻrinli 2 qavatli yotoqxona, 10 dona kottej qurib bitkazildi.

Shu bilan birga, 2021-yil 25-noyabr kuni Pskem daryosida “Toʻgʻonning yuqori suv toʻsish inshooti” qurilishini boshlash uchun daryo oqimi berkitilib, kelayotgan suvlar “birinchi yarus suv qabul qilish inshooti” orqali yana daryoga yoʻnaltirildi. 

Loyiha doirasida toʻgʻon uzunligi 200 metr va pastki belgisi 983,00 metr yuqori belgisi 1044,5 metr, yaʼni 61,5 metr balandlikka ega boʻlgan “Toʻgʻonning yuqori suv toʻsish inshooti” qurilishi natijasida Pskem daryosida Pskem suv omborining birlamchi bosqichiga (1-navbatiga) suv yigʻish imkoniyati yaratiladi.

Toʻgʻonning yuqori suv toʻsish inshooti 998,0 metr belgiga qadar 10 metr chuqurlikdan temir-beton tayanch toʻsiq bilan koʻtarilib, temir-beton va tosh oraligʻidagi boʻshliqlar maxsus sementli qorishma yordamida yuqori bosim ostida toʻldirilib chiqildi.

Respublikamizdagi gidrotexnika inshootlari qurilishi tarixida birinchi marotaba sohada xavfsizlik nuqtayi nazaridan yuqori chidamlilikka ega, rivojlangan davlatlarda keng qoʻllanib kelinayotgan filtratsiya suvlariga qarshi sintetik mahsulot hisoblanuvchi yuqori sifat darajasiga ega boʻlgan Italiya davlatida ishlab chiqarilgan “KARPI” (CARPI) kompaniyasining SIBELON® CNT 5900 UV geokompozit gidroizolyatsiya mahsuloti keng qoʻllanilmoqda. 

Mazkur geokompozit gidroizolyatsiya mahsuloti toʻgʻonining yuqori suv toʻsish inshootidagi filtratsiya jarayonlarini oldini olish maqsadida foydalaniladi.

“Toʻgʻonning yuqori suv toʻsish inshooti”ning 998,1 metrdan 1026,5 metrgacha boʻlgan oraliqda butun toʻgʻon ekrani boʻylab t=4 mm qalinlikdagi SIBELON® CNT 5900 UV geokompozit gidroizolyatsiya materialini 11 129,0 m2 yuzada qoplash ishlari joriy yilning aprel oyida toʻliq yakunlandi.

Shuningdek, birinchi yarus suv qabul qilish inshooti oldida suv sathlarini doimiy ravishda kuzatib borish, sel va toshqin suvlari taʼsirida suv sathini keskin koʻtarilishini oldini olib, 1-darvozalarni boshqarish inshooti (KRZ-1) orqali toshqin suvlarini boshqarish maqsadida suv qabul qilish inshootiga maxsus elektron datchiklar oʻrnatilib, “onlayn” rejimda monitoring va kuzatuvlar olib borilmoqda. 

Darvozalarni boshqarish inshooti binosidagi barcha qurilmalar avtomatlashtirilib, avtomatik tizim asosida boshqarib borilmoqda.

Eʼtiborli jihati shundaki, Pskem daryosida «Toʻgʻonning yuqori suv toʻsish inshootida olib borilgan qurilish ishlari natijasida bugungi kunda suv sathi 1010 belgiga (otmet) koʻtarildi. Buning natijasida toʻgʻonning “KARPI” (CARPI) kompaniyasining SIBELON® CNT 5900 UV geokompozit gidroizolyatsiya mahsulotlari bilan qoplangan maxsus qismi hozirgi kunda 9 metr suv ostida. Bu murakkab muhandislik loyihasida oʻz vaqtida qabul qilingan konstruktiv yechim va xulosalarning ijobiy natijasidir.

Shuningdek, yirik qurilish obyektida mavjud gidrotexnik inshootlarni xavfsiz ishlatilishini taʼminlash boʻyicha sel-toshqin suvlarini betalofat oʻtkazish choralarini koʻrish, suv omborlaridagi suv hisob-kitobini zamonaviy texnologiyalar asosida suv omboriga suvning kirishi, chiqishi va kunlik monitoringini olib borish, nazorat oʻlchov qurilmalari kuzatuv natijalarini tahlil etib borish maqsadida ekspluatatsiya guruhi tuzilgan.

Mazkur loyihalarning amaldagi ijrosi mamlakatimizdagi mavjud suv omborlarini qurish va modernizatsiya qilishda katta tajriba boʻladi. Yangi texnologiyalar va innovatsiyalaridan samarali foydalanishda mustahkam zamin boʻlishi shubhasiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?