Germaniya rossiyalik sportchilarni eshkak eshish boʻyicha jahon chempionatiga kiritishdan bosh tortdi

18:52 03 Iyul 2023 Sport
1001 0

Foto: Reuters

Germaniya rossiyalik sportchilarni baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha 2023-yilgi jahon chempionatiga kiritishdan bosh tortdi.

Baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Kostoglod rossiyalik va belaruslik sportchilar 2023-yilgi jahon chempionatiga jalb etilmaganini maʼlum qildi.

Musobaqa shu yilning 23-27-avgust kunlari Germaniyaning Duysburg shahrida boʻlib oʻtadi. Mazkur dunyo birinchiligiga Rossiya va Belarus sportchilari taklif etilmagan. Turnir 2024-yilda Parijda boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlariga saralash vazifasini ham bajaradi.

“Germaniya xavfsizlikni taʼminlay olmagani uchun Rossiya va Belarus sportchilari ushbu turnirda qatnasha olmaydi”, — deydi Kostoglod.

Shu yilning 30-aprel kuni Xalqaro kanoe federatsiyasi rossiyaliklarga neytral maqomda musobaqaga ishtirok etishiga ruxsat bergandi. Qayd etilishicha, Rossiyadan kelgan sportchilarning arizalarini koʻrib chiqish uchun mustaqil komissiya tuziladi.

Xalqaro olimpiya qoʻmitasi Ijroiya qoʻmitasining shu yil 28-mart kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishida, agar sportchilar Rossiyaning Ukraina hududidagi “Maxsus harbiy operatsiyasi”ni faol qoʻllab-quvvatlamasa, rossiyaliklar va belarusliklarga betaraf maqomdagi musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat berish tavsiya etilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?