“Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi

10:43 25 Noyabr 2020 Hujjatlar
1338 0

Qonunga muvofiq, genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish genomga oid axborotga ishlov berish va uni muhofaza qilish bilan bogʻliq boʻlgan, davlat organlari va muassasasi tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat hisoblanadi.

Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va muassasalari quyidagilardan iborat:

— tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va sud;

— Ichki ishlar, Adliya, Sogʻliqni saqlash vazirliklarining sud-ekspertiza muassasalari.

Ichki ishlar vazirligi genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish sohasidagi vakolatli davlat organidir.

Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

● birinchi bosqichda biologik materialni olish amalga oshiriladi;

● ikkinchi bosqichda biologik materialdan genomga oid axborot olinadi;

● uchinchi bosqichda genomga oid axborot Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasiga kiritiladi.

Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish ixtiyoriy (pulli asosda) va majburiy ravishda davlat roʻyxatiga olish tarzida amalga oshiriladi.

Qonun 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?