“Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi
Senatning toʻqqizinchi yalpi majlisida “Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Taʼkidlash joizki, hozirda sodir etilayotgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar toʻliq fosh etilishi va jazo muqarrarligini taʼminlashni talab etadi. Bunda jinoyatchilar tomonidan hodisa joylarida oʻz izlarini qoldirmaslik maqsadida turli xil usullardan foydalanilmoqda.
Fosh etilmagan jinoyatlar esa oʻz navbatida jinoyatchilarga jazolanmaslik hissini kuchaytirib, kelgusi jinoiy faoliyatini davom ettirishga imkon bermoqda. Shu bois mazkur Qonunning qabul qilinishi bilan Genom axboroti maʼlumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi murakkab va oʻta ogʻir va ochilmagan jinoyatlarning ochilishiga imkon yaratadi.
Mazkur Qonun qabul qilinishining ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu sohaga zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etadi. Oʻz navbatida, chet el tajribasi jinoyatchilik bilan kurashishda genom axboroti maʼlumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni fosh etish muhim ahamiyat kasb etib, yuqori samara berayotganligini koʻrsatmoqda.
Hozirgi kunda jinoyat sodir etish usullari ham takomillashib bormoqda. Ularning asosiy maqsadi jinoyat sodir etilgan joyda qoldiriladigan izlarni minimallashtirishdan iborat boʻlib, bu esa sodir etilgan jinoyatlarni ochish jarayonlarini qiyinlashtirmoqda. Genom axborot maʼlumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni ochish mexanizmining joriy etilishi nisbatan murakkab, oʻta ogʻir va ochilmagan jinoyatlarni ochishga imkon yaratish bilan birga qilmish uchun jazo muqarrarligini taʼminlaydi.
Genom axborotining yagona maʼlumotlar bazasi yaratilishi oʻz navbatida bedarak yoʻqolgan shaxslarni topish va topilgan murdalarning shaxsini aniqlashda ularning yaqin qarindoshlari bilan identifikatsiya qilish imkonini yaratadi.
Sud-tergov organlarining isbotlov bazasini mustahkamlaydi, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni, shuningdek, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarning genom axboroti maʼlumotlar bazasini yuritish orqali ular tomonidan ushbu turdagi jinoyatlarni takroran sodir etilishining oldini oladi.
Shuningdek, Qonun bilan bir qator yangiliklar kiritilmoqda.
Xususan, qonunda biologik material, genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish, genomga oid axborot va unga ishlov berish, genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasi, odam DNKsining sud-biologik ekspertizasi shaxsning biologik qarindoshlari kabi tushunchalariga aniqlik kiritilmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, qonunchilikka “Shaxsning biologik qarindoshlari” degan yangi tushuncha ham kirib keldi.
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish doirasidagi vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Genomga oid axborotlarning yagona maʼlumotlar bazasini yuritishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi – Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hisoblanadi. Genomga oid axborot insonga tegishli boʻlgan oʻta nozik va muhim boʻlgan konfidensial axborot boʻlgani bois uning but saqlanishi va maxfiyligini taʼminlaydi.
Bundan tashqari, Qonunga muvofiq Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish majburiy va ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.
Majburiy – ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar, shuningdek, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish va oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar.
Shuningdek, shaxsi aniqlanmagan shaxslarning tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va sud jarayonida olingan biologik materiallari, tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlar, qismlari) ham majburiy ravishda amalga oshiriladi.
Ixtiyoriy – Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yozma arizalariga koʻra pulli asosda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirishga koʻmaklashish maqsadida ularning biologik qarindoshlari bepul asosda genom boʻyicha ixtiyoriy ravishda davlat roʻyxatiga olishdan oʻtishi mumkin.
Qonun bilan Genomga oid axborotni olish, unga ishlov berish va uni muhofaza qilishning asosiy talablari belgilanmoqda.
Shuningdek, Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olingan axborotdan:
- jinoyatlarning oldini olish, ularni ochish va tergov qilish, shuningdek, ularni sodir etgan shaxslarni fosh etish va aniqlash;
- bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirish;
- tanib olinmagan murdalarning (tana qoldiqlarining, qismlarining) shaxsini aniqlash;
- biologik qarindoshlikni aniqlash maqsadida foydalaniladi.
Bu esa xalqaro huquq normalariga toʻla javob beradigan qonuniylik, insonparvarlik, maxfiylik prinsiplariga amal qilinishini taʼminlaydi.
Yana bir jihat. Biologik material va Genomga oid axborotni saqlash muddatlari va yoʻq qilib tashlashning tartiblari belgilanmoqda.
Agar shaxs oʻzining barcha biometrik maʼlumotlari qonuniylik asosida davlat roʻyxatiga olinganligini his etsa va har qanday jinoiy qilmishi fosh etilishini oldindan anglab yetsa, aksariyat vaziyatlarda bu jinoyat qilishdan qaytaradi.
Majlisda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor-qidiruv faoliyatida qonuniylik asosida shakllantirilgan fuqarolarning biometrik maʼlumotlari haqidagi maʼlumotlar bazasi mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat va davlat xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Senatorlar tomonidan “Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullandi. Qonun 2023-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- “Real Madrid” alamli tarzda magʻlubiyatga uchradi
- Milliy terma jamoaning JChdagi oʻyinlari qachon va qayerda oʻtishi maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring