“Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi Qonun boʻyicha bilish kerak boʻlgan muhim savollarga javoblar

19:22 27 Noyabr 2020 Hujjatlar
511 0

1. Ushbu Qonunning ahamiyati nimada?

– Avvallari yurtimizda genom axborotini olish, toʻplash hamda undan foydalanish sohasida qonunchilikda boʻshliq bor edi. Maqsad ushbu boʻshliqni toʻldirish. Shu bilan birga Qonunda genom axboroti maʼlumotlar bazasi yordamida jinoyatlarni fosh etishda sohaga zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etish masalasi qamrab olindi. Bu esa jinoyatchilikka qarshi kurashishda samarali usul hisoblanadi.

2. Bunday Qonun xorijiy amaliyotda ham mavjudmi?

– Norvegiya, Ozarbayjon, Koreya, Malayziya, Shveysariya, Kanada, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston Respublikasi tajribasida genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olishga oid maxsus qonunlar qabul qilingan.

3. Qonunning maqsadi nimadan iborat?

– Maqsad genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish.

4. Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish tushunchasi oʻzi nimani anglatadi?

– Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish deyilganda vakolatli organlar va muassasalar tomonidan biologik materialni va genomga oid axborotni yigʻish, hisobga olish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, undan foydalanish hamda uni yoʻq qilish va muhofaza qilish boʻyicha amalga oshiriladigan faoliyat tushuniladi.

Yaʼni, ushbu faoliyat yagona maʼlumotlar bazasidagi genomga oid axborotdan foydalanish orqali odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani identifikatsiya qilish va biologik qarindoshlikni aniqlash maqsadida amalga oshiriladi.

5. Faoliyat qanday amalga oshiriladi?

– Ixtiyoriy yoki majburiy ravishda.

6. Ixtiyoriy ravishda kimlar davlat roʻyxatiga olinadi?

· Oʻzbekiston fuqarolari;

· Oʻzbekistonda yashayotgan yoki vaqtincha yashab turgan chet el fuqarolari;

· fuqaroligi boʻlmagan shaxslar.

Ixtiyoriy ravishda davlat roʻyxatiga olish mazkur shaxslarning yozma arizasiga asosan pulli asosda amalga oshiriladi.

Ixtiyoriy ravishda davlat roʻyxatiga olinishni istalgan bosqichda rad etish mumkin.

Bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirishga koʻmaklashish maqsadida ularning biologik qarindoshlari bepul asosda genom boʻyicha ixtiyoriy ravishda davlat roʻyxatiga olishdan oʻtishi mumkin.

7. Kimlar genom boʻyicha majburiy ravishda davlat roʻyxatiga olinadi?

ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxslar;

ogʻir, oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, 16 yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish va 16 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar;

biologik materiali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida olingan aniqlanmagan shaxslar;

tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlari, qismlari).

8. Genomga oid axborotdan qanday maqsadlarda foydalaniladi?

Bunday turdagi axborotdan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

jinoyatlarning oldini olish, ularni ochish va tergov qilish, shuningdek ularni sodir etgan shaxslarni fosh etish va aniqlash;

bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirish;

tanib olinmagan murdalarning (tana qoldiqlarining, qismlarining) shaxsini aniqlash;

biologik qarindoshlikni aniqlash.

9. Qonun qachondan boshlab amalga kiritiladi?

– Mazkur Qonun 2023-yildan boshlab kuchga kiradi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?