Gʻazoda halok boʻlganlarning 83 foizi tinch aholi vakillari boʻlgan — “The Guardian”

16:30 22 Avgust 2025 Dunyo
250 0

Isroil harbiy razvedkasining maxfiy maʼlumotlar bazasidan olingan axborotlarga koʻra, Gʻazoda Isroil kuchlari tomonidan oʻldirilgan har olti falastinlikdan besh nafari tinch aholi vakillari boʻlgan. Bu haqida “The Guardian” nashri xabar berdi.

Unda aytilishicha, joriy yilning may oyi holatiga koʻra, urush boshlanganidan 19 oy oʻtgach, Isroil razvedka xizmati HAMAS va Falastinning 8 ming 900 nafar askarini halok boʻlganlar roʻyxatiga kiritgan.

Gʻazo sogʻliqni saqlash idoralari maʼlumotlariga koʻra, oʻsha paytda 53 ming nafar falastinlik Isroil hujumlari natijasida halok boʻlgan. Ular orasida askarlar hamda tinch aholi vakillari ham mavjud. Isroil harbiy razvedkasi maʼlumotlar bazasida nomlari koʻrsatilgan askarlar halok boʻlganlar umumiy sonining atigi 17 foizini tashkil qilgan. Bundan kelib chiqadiki, qolgan halok boʻlganlarning 83 foizi tinch aholi vakillariga toʻgʻri keladi.

Taʼkidlanishicha, mazkur koʻrsatkich soʻnggi oʻn yilliklardagi mojarolar tufayli mahalliy aholi vakillarining halok boʻlishi bilan bogʻliq eng dahshatli holatdir.

“Oʻldirilganlar orasida tinch aholi vakillari sonining juda yuqori boʻlishi uzoq davom etayotgan urush bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Shu kabi holatlarni boshqa mojarolarda ham kuzatish mumkin, biroq juda kamdan-kam hollarda” — deydi dunyo boʻylab tinch aholi qurbonlarini tahlil qilib boruvchi Teres Petterson.

Koʻplab huquqshunoslar va inson huquqlari faollari, jumladan, isroillik akademiklar hamda saylovoldi tashviqot guruhlari tinch aholining ommaviy oʻldirilishi va hududda ocharchilik hukm surayotganiga eʼtibor qaratib, Isroil Gʻazoda genotsid sodir etayotganini taʼkidlashmoqda.

Falastinlik tahlilchi Muhammad Shehadaning maʼlum qilishicha, Gʻazodagi toʻqnashuvlarda askarlardan tashqari koʻplab mahalliy aholi vakillari ham halok boʻlmoqda. Biroq Isroil hukumati ommaviy axborot vositalariga Gʻazo hududida halok boʻlayotganlarning aksariyatini jangarilar sifatida koʻrsatishga urinmoqda.

“The Guardian” nashrining qoʻshimcha qilishicha, Isroil hukumati omon qolgan falastinliklarga tezroq hududning shimoliy qismini tark etishni buyurgan. Bunga sabab qilib Isroil hukumati tinch aholi uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan navbatdagi quruqlik operatsiyasiga tayyorgarlik koʻrayotgan boʻlishi mumkinligi keltirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?