“Gʻazo yonmoqda” — Isroil quruqlikdagi hujumini boshladi

15:08 17 Sentyabr 2025 Dunyo
165 0

Isroil xalqaro tanqid va qoralashlarga qaramay, seshanba kuni Gʻazo shahriga quruqlikdagi kengaytirilgan hujumini boshlaganini maʼlum qildi. Shu paytda anklavdagi aholi ommaviy ravishda shaharni tark eta boshladi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, uzoq kutilgan bosqin shahar chetidan boshlangan. Tel-Aviv harbiylari oʻtgan hafta havo hujumlarini kuchaytirib, baland minoralarni vayron qilgan edi.

Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats seshanba kuni “Gʻazo yonmoqda”, deb yozdi. Uning taʼkidlashicha, Isroil mudofaa kuchlari terrorchi infratuzilmalarga zarba bermoqda, garovdagilarni ozod qilish va HAMASni magʻlub etish uchun harakat qilmoqda. Bosh vazir Binyamin Netanyahu esa hujum bilan urushning eng yuqori bosqichiga qadam qoʻyilganini bildirdi.

Bosqin Birlashgan Millatlar Tashkiloti va qator davlatlar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Chunki u allaqachon dahshatli gumanitar inqirozni kuchaytirayotgan paytga toʻgʻri keldi. BMT maʼlumoticha, Gʻazoning ayrim hududlari rasman ocharchilik ostida. Isroil maʼlumotiga koʻra, shaharda yashovchi 1 millionga yaqin aholining 40 foizi evakuatsiya qilingan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, hujumlar natijasida faqatgina seshanba kuni Gʻazo shimolida kamida 93 falastinlik, anklav boʻylab esa 100 dan ortiq kishi halok boʻlgan.

CNN kadrlarida Shayx Radvan mahallasidagi vayronalar orasida odamlar oʻzi bilan yotoq-karovatini olib, janubga yoʻl olgani koʻrsatilgan. Mahalliy aholining aytishicha, bu oxirgi uch oy ichidagi eng kuchli zarbalardir.

BMTning mustaqil surishtiruv komissiyasi Isroil Gʻazoda genotsid sodir etayotgani haqida xulosa berdi. Isroil bu hisobotni yolgʻon deb atab, komissiyani bekor qilishni talab qildi.

Ayni paytda, gumanitar yordam masalasi keskin boʻlib qolmoqda. AQSH qoʻllab-quvvatlayotgan Gʻazo Gumanitar Jamgʻarmasi 16 ta muassasani boshqarishi kerak edi, ammo hozirda ularning yarmiga yaqini ochiq. Bu esa aholini oziq-ovqat va yordam izlab soatlab yoʻl yurishga majbur qilmoqda.

BMTning inson huquqlari boʻyicha kotibi Volker Turk xalqaro hamjamiyatni Isroilning Gʻazoga kirishini toʻxtatishga chaqirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu qirgʻin darhol toʻxtashi shart.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Gʻazo shahrida 45 ming bola ocharchilik va jarohatlar girdobida qolgan.

AQSH davlat kotibi Marko Rubioning Quddusga tashrifi ham aynan Isroil yangi hujum boshlagan paytga toʻgʻri keldi. U HAMASdan garovda qolgan 48 nafar shaxsni ozod qilishni talab qildi, ammo bunday natijaga ishonchi yoʻqligini ham tan oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер