Gajdumakda oilaviy poliklinikaning yangi binosi foydalanishga topshirildi

11:10 14 Fevral 2025 Jamiyat
270 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Gʻijduvon tumanidagi Gajdumak qishlogʻi aholi turmush darajasi yuqoriligi bilan ajralib turadi. Magistral yoqasidagi mazkur goʻshada oʻnlab savdo, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish shoxobchalari joylashgan. Shaharcha qiyofasini olgan Gajdumakda boʻlganlar “Bu yerda anqoning urugʻidan boʻlak hamma narsa bor”, degan xulosaga kelishi tayin.

Yaqinda qishloqda tibbiy xizmat darajasini ham oshirish maqsadida oilaviy poliklinikaning zamonaviy binosi qurilib foydalanishga topshirildi. Buning uchun 3 milliard 300 million soʻm miqdorida sarmoya sarflandi. 100 qatnovga moʻljallangan shifo maskanida bemorlarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, oʻz navbatida soha xodimlari zimmasidagi vazifalarini risoladagidek bajarishi uchun zarur barcha qulayliklar yaratilgan.

— Poliklinikaning yangi binosi qishlogʻimizga uzukka koʻz qoʻygandek yarashib tushdi, — deydi mehnat faxriysi Hakim Rajabov. — Avvalgi binosi maʼnan eskirgan va aholi soni koʻpayib, tibbiy xizmatga ehtiyoj oshayotgan sharoitda talabga javob bermay qoʻygandi. Uning Gajdumak va yon-atrofdagi qishloqlarda yashovchilar uchun qulay yerda barpo etilgani ham ayni muddao boʻldi.

Taʼkidlash kerakki, xayrli ish davlatimiz rahbarining 2021-yil 18-sentyabridagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida bajarildi. Ushbu hamkorlik dasturi asosida viloyatda yana 22 ta xuddi shunday tibbiy maskan binosini qurish koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер