Garvard universitetiga xorijiy talabalarni qabul qilish taqiqlandi
AQSH hukumati federal talablarga rioya qilmayotgani uchun Garvard universitetiga xorijiy talabalarni qabul qilish imkoniyatini bekor qildi. Bu haqida “The Economic Times” nashri xabar berdi.
Unda aytilishicha, mazkur qaror Garvard universitetida tahsil olayotgan 6 ming 800 nafar talabaning keyingi faoliyatiga taʼsir qiladi. Sababi endi ular oʻz oʻqishini koʻchirishga majbur boʻlishi mumkin.
AQSH ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Tramp maʼmuriyatining Garvard universitetiga xorijlik talabalarni qabul qilishni taqiqlash toʻgʻrisidagi qarorini universitetning yahudiy talabalar uchun xavfsiz muhitni taʼminlay olmayotgani va tenglik siyosati toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani bilan izohlagan.
Maʼlumki, AQSH milliy xavfsizlik departamenti mamlakatga keladigan chet ellik talabalarga beriladigan vizalar hamda zarur boʻlgan hujjatlarni rasmiylashtirish imkonini beruvchi “Talabalar almashinuvi” dasturini boshqaradi. Bir necha kun oldin ushbu departament Garvard universitetini mazkur dasturdan chiqarib tashlaganini maʼlum qilgan.
Endilikda Garvard universiteti xorijlik talabalar uchun zarur boʻladigan hujjatlarni taqdim eta olmaydi. Bu esa universitetning chet ellik talabalarni roʻyxatga olish qobiliyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir oʻtkazadi.
Garvard universiteti vakilining taʼkidlashicha, Tramp maʼmuriyatining ushbu harakati qonunga zid boʻlib, taʼlim muassasasi bilan boʻlgan ziddiyatlar uchun qasos olishga oʻxshab tuyilyapti. Hozirda universitet rasmiylari oʻz talabalariga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash uchun barcha harakatlarni boshlab yuborgan, deb qoʻshimcha qiladi u.
Koʻplab nufuzli nashrlar, Garvard universitetiga qoʻllanilgan ushbu taqiq birinchisi ham, oxirgisi ham emasligini taʼkidlamoqda. Sababi AQSH hukumati yana 60 ga yaqin oliy taʼlim muassasalarini “soʻl-liberal mafkurani targʻib qilish”da ayblamoqda va endilikda ularga ham Garvard universitetiga qoʻllanilgan cheklovlar tatbiq qilinishi ehtimoli bor.
Eslatib oʻtamiz, Tramp maʼmuriyati joriy yilning aprel oyida Garvard universitetiga ajratilgan federal grantlarni bekor qilgan edi. Ushbu grantlarni qayta tiklash uchun universitetdan AQSH qadriyatlari va jamiyatiga dushmanona munosabatda boʻlgan xorijliklarni oʻqishga qabul qilmaslik tizimini ishlab chiqish talab qilingan.
Maʼlumot uchun, hozirda Garvard universitetida 140 ta davlatdan tashrif buyurgan 7 ming nafarga xorijlik talaba tahsil olmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring