Futbol ehtiroslari va umidsizliklar: bu yogʻiga nima boʻladi?
Mana, “Jahon chempionatiga yetishamiz” deb atalmish ushalmas orzu yana bir bor armonligicha qolib ketdi. Millionlab charm toʻp ixlosmandlari uchun erishib boʻlmas roʻyo sakkizinchi saralashdan soʻng yana choʻpchakka aylandi. Saudiya Arabistoni terma jamoasidan qabul qilib olingan qaqshatqich magʻlubiyat eng soʻnggi ilinjni ham chippakka chiqardi.
Avvalgi saralash bosqichlarida gollar miqdoridagi arzimas farq, hakamlarning bemaʼni xatolari, asosiy raqiblarning xufiyona til biriktirishlari kabi sabablar tufayli maqsadga erishishimiz uchun eng soʻnggi damda bir bahya qolgan boʻlsa, bu safar natija dilni xufton qilgudek achinarli koʻrinish oldi. Mamlakatimiz terma jamoasi nafaqat hal qiluvchi bosqichdan oʻta olishmadi, balki unga yaqinlashishga ham ojizlik qilib, dastlabki davradayoq kurashni yigʻishtirib qoʻydi. Bu jamoamiz tarixida ilk bor roʻy berdi. Futbol bobida hatto Osiyo darajasida ip esha olmaydigan mamlakatlar jamoalaridan tashkil topgan guruhdan ikkinchi oʻrinni egallab boʻlsa ham navbatdagi bosqichga olib chiqish vazifasini maktab jismoniy tarbiya oʻqituvchisi ham uddalardi. 15-oʻrinni band etib, qitʼaning kuchli 12 jamoasi sirasiga ham kira olmadik, attang.
Millionlar oʻyini bugungi kunda davlatlarning nufuzini belgilovchi omilga aylangani sir emas. Oʻzbek futbolining xalqaro maydondagi mavqeyi mamlakatimizning siyosiy obroʻsiga, yangilanayotgan Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatiga mos keladimi, degan haqli savol tugʻiladi.
Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga juda katta eʼtibor qaratilyapti, soha millatni sogʻlomlashtiruvchi omil sifatida baholanmoqda. Mamlakat boʻylab tashkil qilingan futbol markazlari, ixtisoslashtirilgan maktablar hamda seksiyalarda yuz minglab oʻsmirlar — oʻgʻil bolalar va qizlar shugʻullanmoqda. Oʻsmirlar hamda yoshlar terma jamoalarining xalqaro musobaqalardagi yutuqlari futbolimiz mustahkam poydevorga asoslanganidan dalolat beradi. Ammo milliy terma jamoani shakllantirib, jahonning yirik musobaqalarida muvaffaqiyatli toʻp surishini taʼminlash hamon negadir oqsamoqda. Zaminimiz azaldan iqtidorlarga boy boʻla turib, maydonda chorigʻimizni arang sudrab yurishimiz yana-da alamli.
Futbol bobida maslahatgoʻylar bisyor. Uy bekasidan tortib, akademiklargacha, zero, xalqchil sport turi barchaning qalbidan chuqur oʻrin olgan. Men ham mutaxassislikka daʼvo qilmasdan, yarim asrlik muxlis sifatida oʻz fikrlarimni qogʻozga tushirdim.
Hozir Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasini masʼuliyatni his qiluvchi, bu sohada tartib oʻrnatishni chin dildan xohlovchi taniqli rahbarlar boshqarmoqda. Oʻzini oqlamaydigan yangilik yaratishni yaxshi koʻradigan, izzat-nafsi yuqori bosh murabbiy Vadim Abramovning xatti-harakatlari barcha urinishlarga soya solgandek. Darvoqe, delegatsiyamiz tarkibida terma jamoalar markazi rahbari Azizbek Haydarov koʻzga tashlanmadi. Futbolga eʼtiqodi baland bir soʻzli mutaxassis saudiyaliklar bilan kechgan oʻyindagi
bemazagarchiliklarga yoʻl qoʻymagan boʻlardi.
Umuman, mamlakatimizda vatanparvar, ruhi toblangan, raqiblarga izn bermaydigan, futbol jamoatchiligiga yangi Oʻzbekistonni namoyish qilish istagidagi charm toʻp ustalari koʻplab topiladi. Xuddi charm qoʻlqop ustalari kabi. Boshqa kamchiliklarni inkor etmagan holda, terma jamoamizning asosiy muammosi, uning eng nozik joyi malakali murabbiyning yoʻqligida, deb hisoblayman.
Bu muammo birdan paydo boʻlmadi. Oʻtgan saralash bosqichida mazkur masʼuliyatli vazifa avvallari, hatto, bolalar jamoalariga murabbiylik qilmagan Samvel Babayanga ishonib topshirildi. Yaxshi menejerligi aytildi, boʻlsa bordir. Ammo afsuski, “Oʻzbekiston terma jamoasiga yangi futbol falsafasini singdirish”ni vaʼda qilgan insonning urinishi barchamizga qimmatga tushdi.
Oʻsha kezdagi rahbariyat masalani uzil-kesil hal qilish xorijiy murabbiyga bogʻliq, deya hisoblab, argentinalik mutaxassisni taklif etdi. Ilgari qandaydir jamoani jahon chempionatiga olib chiqqan Ektor Kuper Oʻzbekistonga kelar ekan, ushbu daromadli lavozimda imkon qadar uzoqroq qolishni niyat qilgani koʻzga tashlanib qoldi. Argentinalik murabbiyning qarashlari davr talabidan ortda qolganligi dastlabki uchrashuvlardanoq oydinlashdi. Zamonaviy futbol taktikasi va strategiyasini his etmadi. Maydonda harakatlanayotganlarga amallab gol oʻtkazib yubormaslik, u yogʻiga esa bir gap boʻlar, qabilida koʻrsatmalar berdi.
Oʻzbek futbolining hujumkor anʼanalaridan yiroq mutaxassis mudofaa taktikasiga urgʻu berdi. Shunga moslab jamoa tuzdi. Uning isteʼfosi bizga ikki hissa qimmatga tushdi. Bir necha million dollar tovon puli toʻlaganimiz yetmaganidek, jamoamizdan uch ochko olib qoʻyildi. Aynan shu ochkolar «Qatar — 2022»ga chiqishda kurashni davom ettirishimiz uchun juda zarur edi.
Shundan soʻng Vadim Abramov nomzodiga qaytildi. Tajribali, durust mutaxassis, u bilan oʻn yil avval Osiyo chempionatining yarim finaliga chiqqan edik. Afsuski, Abramov kasbiy mahorat bobida oʻsishdan toʻxtab qolgan edi. Uning qoʻli ostidagi jamoa «Babayan — Kuper» “merosi”dan qutula olmayapti. Tizimsiz, maʼnosiz toʻp surishda davom etayotir. Alamli yakunlangan Saudiya Arabistoni yashil maydonlaridagi saralash bosqichida bu holat yaqqol namoyon boʻldi. Taktika borasida yamanliklar va saudiyaliklar murabbiylari Abramovni dogʻda qoldirdi. Tarkib borasida tushunarsiz tajribalari bilan dong taratgan murabbiyimiz bu gal ham oʻz qarashiga sodiq qoldi. Natijasi esa barchamizga maʼlum.
Jamoa dispetcheri, hujumkor yarimhimoyachi Odil Ahmedovni himoya markaziga qoʻyib, kimni dogʻda qoldirmoqchi boʻlgan edi? Bu amplua unga xos emasligi ayon edi-ku! Tezkor raqib hujumchilari vakilimizdan qochib ketib, darvozani ikki bor ishgʻol qilgani fikrimizni tasdiqlaydi. Hal qiluvchi uchrashuvda tarkibdan joy bermasa, ishonch bildirmasa tajribali Toʻxtaxoʻjayevni, boʻydor Qobilov va Eshmurodovni nega jalb qildi jamoaga?
Abramov xuddi shu kabi «fint»ni 2011-yilgi Osiyo chempionatida ham qoʻllagandi. Medallar uchun kechgan asosiy bahslarda yosh, ammo koʻzga tashlanib ulgurgan Odil Ahmedovni himoyaning markaziga joylashtirdi. Oʻshanda ham har ikki muhim va soʻnggi oʻyinlarda magʻlub boʻlib, toʻrtinchi oʻrinda qolib ketdik.
Eng navqiron yillari ortda qolgan, besh yildirki terma jamoaga jalb etilmayotgan Oleg Zoteyevni Arabistonga nega olib bordi? Faoliyatiga xorijda yakun yasayotgan futbolchi sheriklariga kirishib ketolmayotgani dastlabki oʻyindayoq sezildi. Shunga qaramasdan, hal qiluvchi bahsda qanot himoyachisiga dispetcherlik vazifasi topshirildi. Shomurodovga hujumda yordam berayotgan Jaloliddin Masharipovni esa tushunarsiz sabablarga koʻra hujum chizigʻidan yiroqlashtirdi. Axir u jamoaning yetakchilaridan biri edi. Murabbiy “karomati” bilan Masharipov himoya va hujum chizigʻimiz oʻrtasida boʻzchining mokisidek samarasiz harakatlanishga majbur boʻldi. Kamiga oʻzimizning «Maurinyo» bunday oʻta masʼuliyatli uchrashuvda naqd toʻqqiz yil jamoaga taklif etilmagan V. Galiullinni maydonga chiqardi. Bu bilan u jamoamizni avvaldan muvaffaqiyatsizlikka yuz tutishini taʼminladi. Murabbiyning koʻrsatmasi bilan vakillarimizning uchdan bir qismi oʻziga xos boʻlmagan vazifani bajarishga majbur boʻldi. Yaʼni jamoaning quvvati ongli ravishda 30 foizga pasaytirildi.
Yakuniy matbuot anjumanida esa jamoa magʻlubiyatini va hatto bitta toʻp kirita olmaganini tushunmayotganini bayon qildi. Maydondagi vaziyatga asosiy masʼul boʻlgan inson yoʻl qoʻygan qoʻpol, tuturuqsiz xatolarni soʻnggi 15 daqiqada zaxiradan tushirilgan yoshlar oʻnglashga harakat qildi. Ular uchrashuv poyonida raqiblarini oʻz maydonida qamal qildi. Ammo kech boʻlgan edi.
Babayan — Kuper — Abramov uchligining faoliyati bizga qimmatga tushdi — FIFA reytingida 54-oʻrindan dastlabki yuztalikning soʻnggi pogʻonalariga “quladik”.
Afsuski, boy berilganni qaytarib boʻlmaydi. Yashashda, intilishda davom etish zarur. Oldinda “Osiyo — 2023” chempionati, “Parij — 2024” Olimpiadasi, 2026-yilgi jahon chempionati turibdi. Ularga hozirdan tayyorgarlik koʻrish kerak.
Shu oʻrinda ayrim takliflarni ilgari surmoqchiman. Mamlakat terma jamoalari, jumladan, ayollar jamoalari murabbiylarini tayyorlash tizimini qayta koʻrib chiqish zarur. Murabbiylarning aksariyati avval toʻp surgan oʻyinchilar. Barchasini ham zamon talablariga javob beradigan professional maʼlumotga ega, deb boʻlmaydi. Tajribali, yuqori malakali ustozlardan oʻrganish nasib etganlari ham koʻp emas. Oʻz vaqtida mamlakatimizda faoliyat olib borgan Skolari, Ziko, Rivaldoning Oʻzbekistonga kelishi mahalliy murabbiy va futbolchilar malakasiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan, deb hisoblayman. Mashhur braziliyaliklar ham biz kabi inson ekanliklariga ishonch hosil qildik. Farqi — futbolga boʻlgan munosabatida koʻrindi.
Istiqbolli murabbiylarimizdan M. Qosimov, R. Berdiyev, T. Kapadze, B. Ashurmatov, S. Jeparov kabilarni xorijiy mamlakatlarga tajriba almashishga yuborish maqsadga muvofiq. Ular qatori ayollar, bolalar va yoshlar jamoalari ustozlari ham yuqoridagi tartibda malaka oshirishlari kerak. Futbol klublarini oqilona boshqarish uchun menejerlar ham zarur.
Masalaning amaliy jihati katta muammo tugʻdirmaydi. Birinchidan, Oʻzbekiston Yevropadagi “Top — 5” futbol mamlakatlari bilan mustahkam diplomatik munosabatlarni yoʻlga qoʻygan. Ushbu mamlakatlarda faoliyat koʻrsatayotgan elchixonalarimiz barcha amaliy masalalarni hal qiladi. Qolaversa, koʻhna qitʼadagi yetakchi futbol davlatlari bilan madaniy-gumanitar sohada hamkorlik yuzasidan hukumatlararo bitimlar tuzilgan.
Ikkinchidan, Osiyoda joylashganimiz bois ularga toʻgʻridan-toʻgʻri raqib hisoblanmaymiz. Shu sababli oʻzbek mutaxassislarining “Real” yoki “Barselona”da malaka oshirishiga mezbonlar qarshi boʻlmasliklari tayin.
Uchinchidan, masalaning moddiy-moliyaviy jihati ham oʻta murakkab muammo emas. Har bir mamlakat va klub bilan alohida kelishib olsa boʻladi (joylashtirish, ovqatlanish, oʻquv-mashgʻulot hamda musobaqa jarayonlarida ishtirok etish va hokazo). Dastlabki xomchoʻtlarga koʻra, bir nafar mutaxassisning bir yillik stajirovkasi 100 — 120 ming dollarga toʻgʻri keladi. Oʻzga davlatga joʻnab ketish oldidan Toshkentda til oʻrganish xarajatlari bundan mustasno. Malaka oshirishdan keladigan samara qilingan xarajatlarni bir necha barobar qoplaydi.
Navbatdagi taklif — Oʻzbekistonda sport sohasida huquqshunoslar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyilmagani bilan bogʻliq. Faoliyatini xorijda davom ettirish niyatida shartnoma imzolayotgan sportchilar soni esa yildan-yilga ortib bormoqda.
Professionallar oʻrtasida jahon chempioni boʻlishdek salohiyatga ega bokschimiz Shohjahon Ergashev, futbolchilarimiz Oston Oʻrunov va Jasur Jaloliddinovni misol tariqasida keltirish mumkin. Nopok agentlar tomonidan aksariyat hollarda manfaatsiz shartnomalar taklif qilinishi iqtidor egalarini qiyin ahvolga solib qoʻyadi. Sudga keyingi murojaatlar ham natija bermaydi.
Shartnomani imzolashdan oldin hujjat sport sohasidagi xalqaro huquqshunos tomonidan koʻrib chiqilishi amaliyoti mavjud emas. Pishib yetilgan ushbu masala oʻz yechimini kutmoqda.
Maqolada tilga olinganlarning aksariyati haqiqiy futbol jonkuyarlari tomonidan anchadan buyon muhokama qilinmoqda. Shunday esa-da, masalani, uni hal etish yoʻllarini izlashni matbuotga olib chiqmaymiz, goʻyoki bu ishni birov qilib beradigandek. Muammo esa chigallashaveradi. Yangilanayotgan Oʻzbekistonga munosib futbolni shakllantirish, uni yuqori darajaga olib chiqish uchun ochiq muloqot oʻrnatish vaqti keldi.
Sportga, futbolga berilayotgan ulkan eʼtibor, sarflanayotgan xarajatlarni inobatga oladigan boʻlsak, charm toʻp ustalari xalq oldida, millionlar oʻyini ixlosmandlari nazdida qarzdorlar — uni uzish fursati yetdi. Futbolchilar ham buni yaxshi anglab, astoydil bel bogʻlab turishibdi. Ularga zarur tashkiliy-uslubiy koʻmak zarur xolos. Shunda jahon stadionlari uzra Oʻzbekiston bayrogʻi hilpiraydigan, madhiyasi yangraydigan kunlarga yetishamiz, albatta.
Shoqosim SHOISLOMOV,
56 yillik futbol ixlosmandi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring