Fuqarolarining malakali yuridik yordam olish huquqi taʼminlanadi

14:06 20 Dekabr 2023 Siyosat
524 0

Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”

Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda insonning qonuniy huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlashga, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirishga hamda ularning malakali yuridik yordam olishga boʻlgan huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinib, fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan malakali yuridik yordam olish huquqidan toʻliq foydalanish imkoniyati yaratildi.

Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Mazkur Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga yuridik yordam koʻrsatish uchun jinoyat, fuqarolik ishlari va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda advokatning ishtirok etishini taʼminlash tartibini belgilashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Taʼkidlangandek, ushbu Qonun fuqarolarning odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga hamda davlat hisobidan malakali yuridik yordam olish huquqini taʼminlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 Foto: Abdumutalib Toyirov / “Xalq soʼzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер