Fuqaro mansabdor tanishlari orqali 32 gektar yerni xaridorga 2,4 million AQSH dollarga sotmoqchi boʻldi

09:59 21 Fevral 2025 Jamiyat
217 0

Oʻzbekistonda yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga qarshi kurashish borasida qatʼiy choralar koʻrilmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida bir qator noqonuniy yer savdosi bilan bogʻliq holatlar aniqlanib, aybdor shaxslar qoʻlga olindi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida yashovchi fuqaro Ohangaron tumanida joylashgan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 32 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2 million 400 ming AQSH dollari talab qilgan.

Ushbu shaxs Toshkent shahridagi kafelardan birida oldindan 500 ming AQSH dollarini olgan vaqtda DXXning Toshkent shahar boshqarmasi, shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Toshkent viloyatida yana bir tezkor tadbir davomida Yangiyoʻl tumanida yashovchi, 1974 va 1978-yillarda tugʻilgan ikki nafar shaxs tuman hokimligi zaxirasidagi 48 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 60 ming AQSH dollari hamda kadastr hujjatlarini hal qilib berish uchun 8160 AQSH dollari talab qilgan. Ularning qoʻliga 64 ming AQSH dollari tekkan vaqtda DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlangan.

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida ham shunga oʻxshash holat qayd etildi. 1990-yilda tugʻilgan shaxs Suv xoʻjaligi vazirligining “Amu-Surxon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli Sherobod tumanidagi meliorativ ekspeditsiya balansidagi 20 sotix yer maydoni hamda 1961-yilda tugʻilgan mahalliy fuqaroga tegishli, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 45 sotix yer maydonini umumiy 60 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan. Ushbu shaxs 56,7 ming AQSH dollari va 43 million soʻm olgan vaqtda DXX, Ichki ishlar vazirligi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Xorazm viloyatining Urganch tumanida esa 1979-yilda tugʻilgan shaxs davlat zaxirasida boʻlgan 24 sotix yer maydonini kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 45 ming AQSH dollari va 13 million soʻm talab qilgan. U ham pulning bir qismini olgan paytda DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ushlangan.

Hozirda barcha holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yer maydonlarini noqonuniy sotishga qarshi qatʼiy choralar koʻrishda davom etmoqda. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida doimiy nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер