Fransiyadan jiddiy qadam: Makron sentyabr oyida Falastin mustaqilligini tan oladi

12:36 25 Iyul 2025 Dunyo
221 0

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron shu yilning sentyabr oyida Falastin davlatini rasman tan oladi. Bu haqida “BBC” nashri maʼlum qildi.

Unda aytilishicha, Fransiya yetakchisi oʻzining “X” tarmogʻidagi postida 2025-yilning sentyabr oyida Falastin davlatini rasman tan olishini hamda bu haqidagi rasmiy xabarni BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi sessiyasida eʼlon qilinishini taʼkidlagan.

“Yaqin Sharqda adolatli va mustahkam tinchlik oʻrnatishga boʻlgan tarixiy majburiyatga sodiq qolgan holda, Falastin davlatini tan olishga qaror qildim. Bugungi kunning shoshilinch ehtiyoji — Gʻazodagi urush tugashi va tinch aholining qutqarilishidir. Zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish, barcha garovga olinganlarni ozod qilish va Gʻazo xalqiga yirik gumanitar yordam kiritilishi kerak”, — deb yozadi Makron.

Shuningdek, Makron HAMAS harakatini demilitarizatsiya qilishni kafolatlash, Gʻazoning xavfsizligini taʼminlash va qayta qurish lozimligi haqida ham toʻxtalib oʻtgan.

Bundan tashqari, Fransiya yetakchisi Falastin maʼmuriyati prezidenti Mahmud Abbosga ushbu qarorini tasdiqlovchi xatni ilova qilgan. Makronning bayonotiga javoban, Mahmud Abbosning oʻrinbosari Husayn al-Shayx, bu pozitsiya Fransiyaning xalqaro huquqqa sodiqligini hamda Falastin xalqining oʻz taqdirini oʻzi belgilash va mustaqil davlat barpo etish huquqlarini qoʻllab-quvvatlashini aks ettirganini taʼkidlagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Emmanuel Makronning ushbu qaroriga javoban, oʻzining “X” tarmogʻidagi sahifasida post qoldirgan.

“Biz Prezident Makronning 7-oktyabrdagi qirgʻindan keyin Tel-Aviv yonidagi Falastin davlatini tan olish qarorini keskin qoralaymiz. Bunday sharoitda Falastin davlati Isroilni yoʻq qilishi uchun qulay hudud va imkoniyatlarga ega boʻlib qoladi”, — deydi Netanyaxu.

HAMAS harakati Fransiyaning qarorini ijobiy qadam deya taʼkidlab, dunyoning barcha davlatlarini Fransiya kabi qaror qabul qilishga chaqirgan.

Maʼlumot uchun, hozirda Falastin davlatini BMTga aʼzo 193 davlatning 140 dan ortigʻi tan olgan. Ular orasida Yevropa Ittifoqining bir nechta davlatlari, jumladan, Ispaniya va Irlandiya ham bor. Ammo Isroilning asosiy yordamchisi AQSH va uning ittifoqchilari, jumladan, Buyuk Britaniya Falastin davlatini tan olmagan.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer fransuz va nemis rahbarlari bilan telefon orqali favqulodda suhbat oʻtkazib, Gʻazodagi ziddiyatni toʻxtatish uchun nimalar qilish kerakligi toʻgʻrisida fikr almashgan.

“Davlatchilik Falastin xalqining ajralmas huquqi. Oʻt ochishni toʻxtatish bizni Falastin davlatini tan olish va ikki davlatli yechim yoʻliga olib boradi” — degan Starmer.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirligi ham Fransiyaning Falastinni tan olish qarorini olqishlab, xalqaro hamjamiyat Falastin xalqining oʻz taqdirini oʻzi belgilash va mustaqil davlat barpo etish huquqi boʻyicha konsensusini yana bir bor tasdiqlashini bildirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер