Fransiya prezidenti Oʻzbekistonga tashrif buyuradi

18:39 26 Oktyabr 2023 Siyosat
357 0

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 2-noyabr kuni Oʻzbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Yelisey saroyining rasmiy axborotida ma’lum qilingan. Shuningdek Makron Qozogʻistonga ham borishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, ushbu tashrif Markaziy Osiyoning mazkur ikki davlati bilan munosabatlarni chuqurlashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

«Fransiya ikki davlatning islohotlar borasidagi sa’y-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi, hamkorlikni diversifikatsiya qilishga yordam beradi, ularning mustaqilligi va suverenitetini, shuningdek, Yevropa bilan aloqalarni mustahkamlash istagini qoʻllab-quvvatlaydi.

Fransiya va bu ikki davlat oʻrtasidagi yaqinlashuv iqtisodiy sohada, xususan, energetika, muhim xomashyo yetkazib berish, transport infratuzilmasi, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mustaqilligi va hatto mudofaa sohasida amalga oshirilmoqda», — deyiladi rasmiy xabarda.

Tashrif davomida Fransiya kompaniyalari ishtirokidagi iqtisodiy forumlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Fransiya, shuningdek, jiddiy global muammolar, jumladan, ekologik muammolar, ayniqsa, suv resurslarini boshqarish va oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan mintaqa davlatlari bilan hamkorlik qiladi.

Fransiya Oʻzbekiston va Qozogʻiston bilan xavfsizlik sohasida, xususan Afgʻoniston bilan bogʻliq terroristik tahdidlar va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yuzasidan ham hamkorlik qilayotganini alohida qayd etgan.

«Davlat rahbari oldida inqirozlar kuchayib borayotgan va dunyoning boʻlinish xavfi sharoitida barcha qit’alardagi davlatlar bilan muloqotni davom ettirish, xalqaro huquqni hurmat qilish asosida tinchlik va barqarorlikni himoya qilishni davom ettirish masalasi ham turibdi», — deyiladi Yelisey saroyi bayonotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?