Finlyandiya Rossiya bilan chegarada devor qurmoqda. U 2026-yilda yakunlanadi

18:02 16 Iyul 2024 Dunyo
592 0

Foto: Yle

Finlyandiya hukumati tomonidan Finlyandiya va Rossiya oʻrtasidagi chegarada devor qurilishi reja boʻyicha amalga oshirilmoqda, deya xabar berdi «Yle» jamoat teleradiokompaniyasi.

«Sharqiy chegara devori qurilishi reja asosida amalga oshirilmoqda. Qurilish avgust oyining oxirida Janubiy Kareliya muzofoti Nuyyamaa aholi punktida boshlanadi va 70 kilometrni tashkil etadi», deyiladi manbada.

Devorning qurilishi avval sinov panjaralarini qurish bilan boshlangan edi. Loyihaning tajriba bosqichi doirasida Imatra shahri chekkasida uch kilometrga yaqin panjara qurildi.

«Tajriba asosida, masalan, toʻsiqlar tarmogʻi tuzilishiga, shuningdek, elektr va telekommunikatsiya kabellarini yotqizishga kichik oʻzgartirishlar kiritildi», — deydi loyiha menejeri Erkki Matilainen.

OAVning qoʻshimcha qilishicha, bu boradagi ishlarning birinchi bosqichi 2025-yilda tugatiladi. Loyihaning asosiy qismi – 200 kilometrlik panjara 2026-yilning yozigacha qurib bitkaziladi. Panjara asosan janubi-sharqiy chegarada, eng gavjum nazorat punktlari joylashgan joyda quriladi. Finlyandiya Rossiya bilan 1300 kilometrlik chegaraning butun uzunligi boʻylab panjara qurishni rejalashtirmagan.

Finlyandiya 2023-yilning noyabr oyidan boshlab uchinchi davlatlardan qochqinlarning nazoratsiz oqimi fonida chegarani kesib oʻtishda cheklovlar joriy qila boshladi. Finlyandiya rasmiylari Rossiyani chegaraga qasddan boshpana izlovchilarni yuborishda bir necha bor ayblagan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiyani Yevropa Ittifoqidagi migratsiya inqiroziga aloqadorlikdagi ayblovlarni rad etdi va buni Gʻarbning ikki tomonlama standartlari, deb atadi.

Avvalroq, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Finlyandiyaning Rossiya bilan chegaradagi nazorat-oʻtkazish punktlarining yopilishini izohlar ekan, qoʻshni davlat rahbarlari hozir amal qila boshlagan rusofob pozitsiyasidan chuqur afsusda ekanini taʼkidlagan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер