Fidokorona mehnat eʼtirofi
Tinch va osoyishta yashash, ezgu orzu-umidlar sari dadil intilish har bir inson uchun eng katta neʼmat. Ayniqsa, bugungi globallashuv jarayonida dunyoga bir nazar solib, avj olayotgan turli notinchliklarni koʻrib, ommaviy axborot vositalari orqali bevosita kuzatib yurtimiz tinchligiga, xalqimiz farovonligiga shukrona keltiramiz, albatta.
Mana shu tinchlikni, xotirjamlikni saqlashda jasorat namunalarini koʻrsatib, tunu kun mehnat qilayotgan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari, qolaversa, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlovchi Vatan posbonlari mehnati esa shak-shubhasiz eʼtirofu eʼzozga munosibdir.
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida Oʻzbekiston Respublikasi prokuraturasi tashkil topganligining 32-yilligi hamda 8-yanvar — Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Dastlab Davlat madhiyasi yangradi.
Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Hukumat aʼzolari, prokuratura organlari xodimlari va faxriylari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar qatnashgan ushbu tantanali tadbirda davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga yoʻllagan tabrigini Prezident maslahatchisi Doniyor Qodirov oʻqib eshittirdi.
Tabrikda qayd etilganidek, soʻnggi yillarda prokuratura sohasini tubdan isloh etish, bu borada ochiqlik va adolatga asoslangan, fuqarolar va jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish, oʻz nazariy va amaliy maktabiga, fidoyi va professional xodimlar korpusiga ega boʻlgan tizimni shakllantirish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Aytish oʻrinliki, fuqarolarning Bosh qomusimizda mustahkamlangan huquq hamda erkinlarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda prokuratura organlarining alohida oʻrni bor. Ayniqsa, odamlar bilan erkin muloqotga kirishish, ularning muammolarini oʻrganib, joyida hal etish tizim faollarining eng asosiy vazifasiga aylandi, desak, ayni haqiqat.
Bugun prokuraturaning qonunlar ijrosi ustidan nazorat olib borish faoliyati tubdan oʻzgartirildi. Avvallari qonun buzilish holatlarini aniqlash va jazolashga asosiy urgʻu berilgan boʻlsa, endi asosiy eʼtibor bunday holatlarning oldini olish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilayotir. Bu esa ishda samaradorlik va natijadorlikni yanada oshirmoqda. Qolaversa, keyingi yillarda prokuratura tizimi “jazolovchi idora” emas, balki aholi hamda tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashga koʻmaklashadigan haqiqiy maʼnodagi “xalq prokuraturasi”ga aylanmoqda.
Tahlillarga murojaat qiladigan boʻlsak, oxirgi yetti yilda prokuratura organlari tomonidan 2 millionga yaqin murojaat ijobiy hal etilib, 300 mingdan ziyod fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklangan. Ayni chogʻda, qariyb 148 ming tadbirkorning muammolariga yechim topilgan. Shu bilan birga, prokurorlarning mehnatlari bilan sektorlardagi 163 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga har tomonlama koʻmak koʻrsatildi. Qisqa muddatda mazkur oilalarning qariyb 96 foizi ehtiyojmandlar roʻyxatidan chiqarildi. Shularning oʻziyoq, bugungi prokuratura tizimi va faollarining amaliy ishini yaqqol namoyon etib turibdi.
Shuni ham taʼkidlab oʻtish joizki, sohada yetuk kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, tergov hamda huquqni muhofaza qilish boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlash tizimi ham sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi, deyishga barcha asoslarimiz bor. Bunda tabiiyki, Bosh prokuratura akademiyasi negizida tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Umuman olganda, Oʻzbekiston prokuraturasi gʻoyat sharafli rivojlanish yoʻlini bosib oʻtib, huquqni qoʻllash sohasida oʻz maktabiga, professional xodimlar korpusiga ega tizim sifatida shakllandi.
Tadbirda tizimda erishilgan yutuqlar eʼtirofi bilan birga, amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar haqida ham toʻxtalib, qonun buzilishlarga murosasiz boʻlish — prokuratura xodimlarining konstitutsiyaviy burchi va eng asosiy vazifasi ekani aytib oʻtildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan mamlakatimiz prokuratura organlaridagi koʻp yillik fidokorona mehnati, yurtimizda qonuniylikni va huquq-tartibotni mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat hamda davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish yoʻlidagi ibratli faoliyati, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jamiyatimizda huquqiy madaniyatni oshirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun orden va medallar bilan taqdirlangan bir guruh tizim faollariga yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T. Norboyeva, Bosh prokuror N.Yoʻldoshev qatnashdi.

Bayram tantanasi sanʼat ustalari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Soʻz — tadbir ishtirokchilariga
Venera YERNIYAZOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, “Doʻstlik” ordeni sohibi:
— Prezidentimiz Farmoni bilan nufuzli davlat mukofoti bilan taqdirlanganim bayramga munosib tuhfa boʻldi. Bu yangilanayotgan Oʻzbekistonda inson qadriga munosabatni, mamlakat ravnaqi, xalqimizning farovonligi yoʻlida jonkuyarlik bilan yashayotgan, mehnat qilayotgan kishi, albatta, eʼtirof etilishi, ragʻbatlantirilishiga ishonchimni yana bir bor mustahkamladi.
Davlat mukofoti — bu eʼtirof. Mehnatlar, izlanishlarning munosib taqdirlanishi. Ushbu ragʻbat ruhimni yanada koʻtardi, ayni chogʻda, yangi kuch bilan oldinga intilishga undaydi.
Ulugʻbek HAMDAMOV,
Fargʻona viloyati Qoʻqon shahar prokurori,
“Mardlik” ordeni sohibi:
— Ochigʻi, bugun mukofot men uchun kutilmagan sovgʻa boʻldi. Sohadagi kamtarona mehnatlarim yuksak baholanib, “Mardlik” ordeni bilan taqdirlanganimdan gʻoyatda xursandman. Albatta, bu menga juda katta masʼuliyat va javobgarlik yuklaydi.
Bu yil mamlakatimizda Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili deb eʼlon qilindi. Shundan kelib chiqib joriy yilda yoshlarni, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlab, ularni qiynayotgan muammolarini hal etishda yanada faol boʻlamiz.
Bu ishonchni oqlash uchun yanada shijoat bilan ishlashga, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz manfaati uchun barcha kuch va gʻayratimni ishga solaman.
Xurshid TOSHPOʻLATOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar Yunusobod tumani boʻlimi boshligʻi, “Shuhrat” medali sohibi:
— Bilasizmi, bugun davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlar, avvalo, inson manfaatlariga qaratilgan. Tizim xodimlari ushbu jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda, desam, adashmayman. Bugun MIB faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bularning barchasi xalq farovonligini taʼminlash va ularni rozi qilishda muhim oʻrin tutadi.
Berilgan mukofotni shijoatimiz, salohiyatimiz bilan oqlaymiz, albatta.
Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”).
Yunus Boʻriyev olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring