“Farovon”liklar farovonlikka erishmoqda

15:18 17 Sentyabr 2024 Jamiyat
224 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” qarori oilalarning daromadini oshirish, kambagʻallikdan olib chiqish, turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Baliqchi tumanida qaror ijrosini taʼminlash doirasidagi ishlar natijasida kambagʻallikni ikki barobarga kamaytirishga erishildi.

— Hukumatimiz ehtiyojmand oilalarni daromadga yoʻnaltirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda, — deydi “Farovon” mahallasida yashovchi Masturaxon Hayitova. — Ana shu sharoitdan unumli foydalangan kishi nafaqat oʻzini, balki oʻzgalarni ham daromadli qiladi. Men bir paytlar oʻzgalar koʻmagiga muhtoj darajaga tushgan, chorasiz ayol edim. Mahalla faollari tavsiyasi bilan kredit mablagʻi ajratildi. Tomorqamda ikki sotixli issiqxona qurib berishdi. Bu eʼtibor va ozgina mablagʻ menga kuch berdi. Hozir dehqonchilik ortidan oila aʼzolarim, 6 nafar mahalladoshlarimni doimiy daromad manbaiga ega qildim. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ichki bozordan ortinib, Rossiya davlatiga ham eksport qilyapman. Mehnatlarim mahsuli sifatida “Damas” avtomashinasini sotib oldim.

Ushbu mahallada 9,7 gektar yer maydoni 99 nafar ishsiz va kam daromadli oilalarga ajratib berilgan. Yil boshida “Bir dala – bir mahsulot” tamoyili asosida dastlab kartoshka yigʻib olingan boʻlsa, takroriy ekin uchun loviya, sabzi parvarishlanyapti. Bir yilda uch marta hosil olish mumkinligini inobatga olsak, har bir oilaning yillik daromadi oʻrtacha 30 million soʻmni tashkil etishi koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер