Farovon turmush kaliti
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Ibn Sino oʻzining “Tib qonunlari” asarida ichimlik suvining inson hayotidagi ahamiyatiga katta eʼtibor qaratib: “Suv – inson hayotining asosidir”, deb yozgandi. Modomiki, shunday ekan, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash ishlari har doim kunning muhim vazifasi hisoblanadi. Shu bois respublikamizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami tobora ortib bormoqda.
Andijon viloyatida 2017-yilda aholining suvlashganlik darajasi 78,1 foizdan iborat edi. Soʻnggi yillarda hududlar infratuzilmasini shakllantirish orqali aholi turmush sharoitini yaxshilashga boʻlgan eʼtibor ortdi. Natijada oʻtgan yilda viloyatda 104 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga 209 km ichimlik suv tarmogʻi, 12 dona suv inshooti, 36 dona suv qudugʻini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi. Natijada 33 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suv bilan taʼminlanib, 64 ming nafar aholiga xizmat koʻrsatish sifati yaxshilandi.
— Mahallamiz Andijonning eng olis hududi hisoblanadi, — deydi Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Qizil toʻqay” MFY faoli Faridaxon Oʻrinboyeva. — Yarim asr mobaynida bir qancha muammolar yigʻilib qolgandi. Jumladan, ichimlik suvi taʼminoti izdan chiqqanligi bois ariqdan suv tashib kelishga toʻgʻri kelgan. 2023-yilga kelib mahallamizda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ishonasizmi, atigi 1,5 oyda hududimiz tubdan oʻzgarib ketdi. 11 km. masofaga suv quvuri tortilib, 2 ta suv qudugʻi ishga tushirildi. Har bir xonadonga suv joʻmraklari olib kirildi. Bu aholi turmush tarzini tubdan oʻzgartirib yubordi. Tasavvur qilib koʻring, yozning chang, qishning loyida uzoqdan aravalarda suv tashib kelish qayoqda-yu, oʻzing yashab turgan xonadonning ichidagi joʻmrakdan suv olib ichish qayoqda!

Ortda qolayotgan yillar davomida Andijon viloyati katta bunyodkorlik maydoniga aylandi. Natijada soʻngi 8-yilda 5638 km suv tarmogʻi, 1155 dona suv qudugʻi, 70 dona suv inshooti qurildi. 738 ta MFYda 996 ming nafar aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi. 828 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Hududning suvlashganlik darajasi 91,9 foizga yetdi. Bu respublikamiz poytaxti Toshkent shahridan keyingi ikkinchi oʻrindaligini hisobga olsak, amalga oshirilgan ishlar koʻlami yanada yaqqolroq namoyon boʻladi.
— Shu kunlarda suv hisoblash uskunalarini oʻrnatishga katta eʼtibor qaratilmoqda, — deydi “Andijon suv taʼminoti” AJ xodimi Abduvohid Xotamov. — Buning bir qancha afzalliklari bor. Birinchidan suv isrofgarchiligining oldi olinsa, ikkinchidan taʼminot hajmi ortadi. Uchinchidan isteʼmolchi toʻlovdan iqtisod qiladi. Bu borada dastlab Paxtaobod tumanida sinov ishlarini amalga oshirdik. Shunda maʼlum boʻldiki, toʻrt kishidan iborat bitta oila anʼanaviy usulda 1 oyga 61488 soʻm miqdoridagi toʻlovni amalga oshirib kelgan boʻlsa, suv hisoblagich oʻrnatilganidan soʻng bu koʻrsatkich 13440 soʻmni tashkil etdi. Yaʼni, 48048 soʻm mablagʻ iqtisod qilinishiga erishildi.
Hozirda viloyatda 536 mingta isteʼmolchi mavjud boʻlib, ularning 271 mingtasi suv hisoblash uskunasi bilan taʼminlangan. Joriy yilda bu boradagi faoliyat yanada kengayishi koʻzda tutilgan. Yil yakuniga qadar 73 mingta suv hisoblash uskunasi oʻrnatilishi kerak boʻlgani holda ayni paytgacha 13,1 mingta moslama oʻrnatildi.

— Shu mahallada tugʻilib oʻsganman, hozir yoshim 73 da, — deydi Oltinkoʻl tumanidagi “Qoʻsh koʻprik” mahallasida yashovchi Ahmadali Xamdamov. — Bu davrda ichimlik suvi taʼminoti mavjud emasdi. Yozda ariqdan, qishda “Qora daryo” kanalidan suv tashib ichdik. 2024-yili mahallamizga ichimlik suvi quvuri tortilarmish, deyishsa ham ishonmadik. Bir kun tongda uygʻonsam, koʻchamizda transport vositalarining ovozi kelyapti. Hayron boʻlib qarasam, suv quvuri uchun chuqur kovlanayotgan ekan. Quruvchilar baraka topsin, bir zumda ishni yakunlab, har bir xonadonga suv joʻmraklari oʻrnatib berishdi. Hozir uzoqlardan suv tashib kelish yoʻq. Qachon xohlasak, suvimiz bisyor.
Abdumalik ota kabi hamyurtlarimiz quvonchiga sabab boʻlish uchun oʻtgan yili Oltinkoʻl tumanining oʻzida 5700 metr masofaga suv tarmogʻi tortilib, 2 ta suv qudugʻi ishga tushirildi. Buning natijasida 400 nafar hamyurtlarimiz ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlanishdi.
— Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, sifatli xizmat koʻrsatish maqsadidagi loyihalar joriy yilda ham keng quloch yoygan, — deydi “Andijon suv taʼminoti” AJ bosh muhandisi Humoyun Alimov. — Bu yil davlat dasturlari doirasida 59,7 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga 12 ta obyektda 24,4 km ichimlik suv tarmogʻi, 7 dona suv qudugʻi va suv inshooti qurilib, rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari, suv hisoblash uskunalarini oʻrnatish, taʼmirtalab quvurlarda nosozlikni bartaraf etish ishlari ham oʻz vaqtida tashkil etilmoqda.
Andijonda soʻnggi yetti-sakkiz yil mobaynida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash borasidagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Bundan isteʼmolchilar minnatdor boʻlayotganligi eʼtiborga molik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring