“Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi belgilangan vaqtda yuborilmaganligi sabab “Oskar”da qatnashmaydi

17:45 10 Yanvar 2021 Madaniyat
6528 1

Ijtimoiy tarmoqlarda “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi “Oskar” tanlovida ishtirok etmasligi borasida turli gap-soʻzlar aytilmoqda. “Xalq soʻzi” bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida film prodyuseri bilan bogʻlandi.

Haqiqatan ham film “Oskar” tanlovida qatnashmaydimi degan savolga film prodyuseri Doniyor Agzamovga qoʻyidagicha javob berdi.

«Yoʻq qatnashmaydi. Biz Yolqin Toʻychiyev boshchiligidagi jamoa qoʻlimizdan kelgan barcha harakatni qildik. Biz shu vaqtgacha Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasiga ishonib kelgan edik, men barcha narsani 28-noyabr kuni ularning qoʻliga tutqazganman, menda barcha yozishmalar, faktlar turibdi. Shu kungacha “yubordinglarmi” deb soʻraganimizda “ha yubordik” deya javob berib kelishgan. Dekabr oyining boshida filmni Amerikaga ham joʻnatganman, 50 ta DVDP, bitta katta terabaytli hardda DSP formatda, "Surround“ formatida yuborilgan. Lekin ular (“Oskar” tanlovi tashkilotchilari) videoni soʻrab Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasiga 3-4-marta yozishgan, qoʻmita javob ham bermagan. Oskar qoʻmitasining qoʻlida filmning hamma formatdagi nusxasi turibdi, nima soʻrashgan boʻlsa qilib berganman. Tayyor narsani yuborishmagan, oxirgi vaqtlarda telefonlarimga ham javob bermay qoʻyishgandi.

5-yanvar kuni meni shaxsan oʻzimga tanlov tashkilotchilaridan toʻgʻridan toʻgʻri elektron pochtamga xat keldi, sizlarga soat 5 gacha oxirgi muddat degan. Biz shokka tushib qoldik, qoʻmitadagilarni rosa qidirdim, telefonlariga javob berishmadi. Ulgura olmasdik chunki kompyuter “zagruzka”ni oʻziga 16 soatdan 24 soatgacha vaqt soʻradi, deydi», “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi prodyuseri Doniyor Agzamov.

Prodyuser Oskar qoʻmitasi ishining qoniqarsizligi haqida ham gapirdi.

«Bilmayman, bular nega bunaqa ishlayapti, nomi ulugʻ suprasi quruq degandek, ishga loqayd qarashgan, ishlamagan ham, hozir qattiq jahldaman», deydi u.

Doniyor Agzamov Oskar qoʻmitasi vakillarining Facebookʻdagi prodyuser oʻz vaqtida yetkazib bermagani haqidagi gaplariga ham munosabat bildirdi.

«Men qanday qilib yetkazib bermasligim mumkin, ularning qoʻliga soʻragan formatlarida 28-noyabr kuni yetkazganman, koʻzimni oldida kinoni koʻchirib olishgan, menda ularning filmni qabul qilib olganligini tasdiqlovchi hujjatlar bor. Bojxonadan ham ruxsat olganman, joʻnatganman, bojxona toʻlovini qilganimning hujjatlari ham bor», dedi prodyuser.

Doniyor Agzamov qoʻmitaning filmni tanlovga yuborish huquqi prodyuserda boʻlishi haqidagi iddaosiga ham javob qaytardi.

«Yoʻq, huquq “Oʻzbekkino”da, men ishlab chiqarib beruvchi kompaniyaman, filmni “Oʻzbekkino” buyurtmasi bilan tayyorlab agentlik fondiga topshirganman. Ruscha, oʻzbekcha, inglizcha subtitri bilan, soʻralgan barcha formatda topshirilgan. Agar men Oskar qoʻmitasiga yetkazmagan boʻlsam, agarda ayb menda boʻlgan boʻlsa, ular “Oʻzbekkino”dan ham olishi mumkin edi. Nega “Oʻzbekkiono”ga prodyuser bizga filmni yetkazmayapti deb shikoyat qilib chiqmadi yoki oʻzimga murojaat qilishmadi. Bu tanlovda qatnashish jamoamiz uchun qanchalik muhim narsa edi. Aybni menga agʻdarishyapti, lekin agʻdarisha olmaydi, chunki qoʻlida dalili yoʻq. Menda esa barcha dalillar bor.

Oskar qoʻmitasi bizga filmni joʻnatish uchun “dostup” bermagan, boʻlmasa oʻzimiz allaqachon joʻnatgan boʻlardik. Tashkilotchilar 5-yanvar kuni hat joʻnatishdi menga, agar u avvalroq kelganida edi, men Oskar qoʻmitadan “dostup” soʻrardim, oʻzim yuborardim. “Dostup” qoʻmitada, oʻzimiz joʻnatmoqchi boʻlsak u bizni bloklaydi. Hattoki “Oltin globus”da ham shunaqa muammo boʻldi, sal qoldi u tanlovdan ham qolib ketardik. Tashkilotchilar qoʻmitadan filmni yuborishni soʻragan, ular esa yubormagan, aksincha bizni ham bloklagan. Oʻzimiz tashkilotchilarga chiqib “dostup”ni soʻrab oldik, oʻzimiz joʻnatdik. Oʻzi Oskar qoʻmitasi nima bilan shugʻullanishini men tushunmayapman. Ular oʻzbek kinosini rivoji uchun ishlayaptimi yoki borini ham yoʻq qilish uchunmi?” deydi prodyuser.

Doniyor Agzamov nashrimizga oʻzidagi barcha faktlarni ham taqdim etdi. Shaxsiy yozishmalar boʻlgani sabab tahririyat ularni oshkor qilmaslikka qaror qildi.

«Xalq soʻzi» bu masalada “Oʻzbekkino” matbuot kotibidan ham izoh soʻradi, “Menda bunday maʼlumot yoʻq, soʻrab beraman”, deya izoh berdi Nozim Safari. Biroq haligacha agentlik bu masalada biror munosabat bildirmadi.

“Xalq soʻzi” Doniyor Agzamov iddaolariga munosabat olish uchun Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasi koordinatori Oybek Abdushukurovga qoʻngʻiroq qildi, biroq bogʻlanishning imkoni boʻlmadi.

Shu oʻrinda tahririyat ikkinchi tomonga ham minbar boʻlishga tayyorligini maʼlum qiladi.

Nashrimiz bu mavzuga yana qaytadi.

Eslatib oʻtamiz, 2020-yilning 21-noyabr kuni Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasining yigʻilishi oʻtkazilgan edi va Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasi tomonidan Oskar mukofotining “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” nominatsiyasiga Oʻzbekiston nomidan “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi tanlangan edi.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Fox music cinema” studiyasi tomonidan suratga olingan Yolqin Toʻychiyevning “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmida oʻtgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga koʻrsatgan taʼsiri bir oila misolida ochib berilgan.

Filmning ssenariy muallifi va rejissyor Yolqin Toʻychiyev, postanovkachi operator Bahodir Yoʻldoshev, postanovkachi rassom Bektosh Rajabov, film direktori Shavkat Rizayev.

Rollarda Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona Oʻljayeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiquliyeva va boshqalar.

Maʼlumot uchun, 93-Oskar taqdirlash marosimi 2021-yilning 25-aprel kuni Los-Anjeles shahrining mashhur “Dolby” teatrida boʻlib oʻtadi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yil bahorida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Oskar qoʻmitasi tashkil qilingan edi.

Inobat AHATOVA,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?