Fargʻonalik tadbirkorning noyob gʻoya va innovatsiyalar fabrikasi

14:43 27 Yanvar 2025 Jamiyat
120 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona shahrida istiqomat qilayotgan Abdurahmon Niyozov tadbirkorlik faoliyatini bundan chorak asr avval oʻz xonadonida oddiy sharoitda nogironlar aravachasi ishlab chiqarishdan boshlagan edi. Ayni paytda uning 10 dan ortiq zamonaviy korxonalarida yiliga oʻrtacha 160 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shundan salmoqli qismi MDH davlatlari, Osiyo va Yevropa qitʼasiga eksport qilinadi.

Ilm-maʼrifatga, yangilikka intiluvchi, noyob gʻoya va ixtirolar qilishdan charchamaydigan tadbirkorning korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlari bilan bogʻliq aksariyat murakkab yumushlar allaqachon sunʼiy intellekt dasturlari yordamida bajarilmoqda. A.Niyozov nuroniy yoshida ham hamon oʻqib-oʻrganish, dunyo ilm-fani, jahon bozoridagi yangiliklarni sinchiklab kuzatishdan toʻxtagani yoʻq.

Fargʻona shahridagi “Sayqal” savdo ishlab chiqarish korxonasi, agar taʼbir joiz boʻlsa, oʻziga xos gʻoya va innovatsiyalar “fabrika”si. Abdurahmon aka bilimdon, yangilikka intiluvchan professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlarni doim qoʻllab-quvvatlaydi. Shu sababli hamisha viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarini amaliy hamkorlikka chorlab keladi, kerak boʻlsa, bitta istiqbolli biznes-loyiha, innovatsion gʻoyasi uchun 100 ming dollar mukofot berish yoki ushbu tashabbusni amaliyotga joriy etish uchun astoydil koʻmaklashishga tayyor.

Hozirgi kunda korxonada yillar davomida takomillashtirilgan, jahon andozalariga mos 6 turdagi nogironlar aravachasi, bolalar velosipedi, 40 turdagi raqamli va analogli eshitish hamda ortopedik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, kaustik soda, oʻt oʻchirish suyuqligi va kukuni, koʻchma burgʻilash laboratoriyasi hamda fermer xoʻjaliklari uchun suvning harorati, loyqalanish darajasi va tiniqligi, suv havzasining chuqurligi, uning kalsiy, magniy va fosfor kabi kimyoviy elementlarga boyligini oʻlchaydigan koʻchma laboratoriya jihozlari jamlanmasi singari mahsulotlar bozorda allaqachon oʻz xaridoriga ega boʻlib ulgurgan.

Eng muhimi va ahamiyatlisi, ushbu mahsulotlar import oʻrnini bosuvchi va katta miqdorda valyuta tejash imkonini beruvchi mahalliy brendlardir.

Maʼlumki, keyingi yillarda butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham tabiiy suv zaxiralari tobora kamayib bormoqda. Mutaxassislarning qayd etishicha, yurtimizda suvning salmoqli qismi qishloq xoʻjaligida ishlatiladi va tabiiy neʼmat irrigatsiya tarmogʻidan aynan dala boshi – ekin maydoniga yetib borgunicha kattagina qismi yoʻqotiladi, yaʼni samarasiz holda tuproqqa singib ketadi.

Aynan suvdan tejab-tergab, oqilona, zamonaviy mezonlar asosida foydalanish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilib, bu borada yangi qonunchilik meʼyorlari amaliyotga joriy etilib, fermer va dehqon xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi korxonalari uchun imtiyozlar, preferensiyalar berildi.

Qishloq xoʻjaligida tomchilatib sugʻorish, ariqlarni betonlash jarayoni keng tus olgan bugungi sharoitda tadbirkor hatto dunyo tajribasida ham kamyob boʻlgan yana bir yangilik – oʻrama beton qoplamalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi.

— Angliya, Xitoy, Rossiya davlatlaridan kelgan vakillar oʻzlari ishlab chiqarayotgan oʻrama betonni sotib olishni taklif qilishdi, — deydi Abdurahmon Niyozov. — Ular aytgan narx juda qimmat edi. Shu bois mutaxassislarimiz bilan uzoq vaqt davomida ilmiy-amaliy izlanishlar olib borib, belgilangan texnologik meʼyor va talablar asosida oʻrama beton ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirdik. Mahsulotning 1 kvadrat metri 44 ming soʻmni tashkil etadi. Shu tarzda xorijdan taklif etilgan va mahalliy sharoitda ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxi oʻrtasidagi katta farqni taqqoslab olishingiz mumkin.

Korxonada ishlab chiqarilayotgan oʻrama beton qoplamalardan bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo va Sirdaryo viloyati, Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida foydalanilmoqda. Dastlab u 6 markali boʻlgan boʻlsa, hozirda 8 markali betondan ishlab chiqarilyapti, yaʼni sifat koʻrsatkichi yanada yaxshilandi.

Taʼkidlash joiz, toʻrt kishi bir kunda bir kilometr ariqni mazkur usulda betonlay oladi. Ish jarayoni tez, arzon va muhimi sifatli boʻladi. Buning uchun birinchi navbatda ariq tekislanib, keyin unga oʻrama beton yoyib solinadi, uch-toʻrt marotaba suvlangach, u mustahkam beton kabi qotadi. Undan bir kundan soʻng bemalol foydalanish mumkin. Bunday beton ariq suvni istalgan manzilgacha isrof boʻlmay yetib borishini taʼminlaydi.

Mahsulotning yaroqlilik muddati 50-yil va u yotqizilgandan soʻng qoplama tagidan begona oʻt chiqmaydi, turli yoriqlar kuzatilmaydi. Loyiha doirasida esa 20 nafar mahalliy yoshlar doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda korxonada amaliy seminar tashkil etildi. Mamlakatimiz hududlaridan 450 nafar soha mutaxassislari qatnashgan tadbirda oʻrama beton qoplamaning afzallik jihatlari tushuntirildi. Talab va taklif asosida mamlakatimiz boʻylab istalgan miqdorda yetkazib berish imkoni mavjud ekanligi taʼkidlandi.

— Mahsulot ichki bozorda tobora xaridorgir boʻlib, eksportga ham joʻnatilmoqda, — deydi tadbirkor. — 2024-yilning oʻzida birgina Rossiyaga 16,5 ming kvadrat metr oʻrama beton eksportga joʻnatildi. Ayni kunlarda shu mamlakatga eksport qilish maqsadida yana katta miqdorda mahsulot tayyorlab qoʻyildi.

Tashabbuskor va tinib-tinchimas tadbirkordan yana bir yangilik. Yaqinda korxona brendi ostida ariq-zovurlarning foydalanish sifatini oshiruvchi va buning uchun ketadigan xizmat haqini sezilarli darajada arzonlashtiruvchi oʻrish agregatini ishlab chiqarishga joriy etdi. Bu qurilmani katta-kichik hajmli ekskavatorga oʻrnatish orqali minglab kilometrlarga choʻzilgan ariq-zovurlarni begona oʻtlar, qamishdan tez va sifatli tozalash mumkin.

Tadbirkorning qayd etishicha, odatda, ariq-zovurlar suv yaxshi oqishi uchun ekskavator bilan tozalanganda qamishlar tomiri bilan yulib olinadi. Natijada zovur yonlarida tuproq koʻchadi, suv yoʻli sayozlashadi. Chunki bu kabi oʻtlarning tomiri zovur qirgʻoqlarini tuproq eroziyasi, koʻchkidan saqlaydi.

Yangi oʻrish agregatini yaratishda ana shu jihat eʼtiborga olingan. Qurilmaning tozalash texnologiyasi zamonaviy: u qamishni oʻradi, tomiri bilan qoʻporib olmaydi. Buning natijasida tuproq oʻpirilishi roʻy bermaydi. Oʻrish uskunasini katta ekskavatorga ham, kichigiga ham ilib ishlatish mumkinligi, uning yana bir qulayligidir.

— Oʻrish uskunasi Yozyovon choʻllarida, Fargʻona shahridagi “Sovurbuloq” mahallasi zovurlarini tozalashda dastlabki sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi, — deya suhbatimizni davom ettiradi tadbirkor. —Ishonamizki, yaqin istiqbolda ushbu qurilma hududlararo avtomagistral yoʻl chetlaridagi suv yoʻllarini xashak, yovvoyi oʻtlar, odam boʻyi oʻsib yotadigan qamishlardan tozalashda yaxshi samara beradi. Muhimi, ish unumi yuqoriligi, tez va arzonligi bilan qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer xoʻjaliklariga manzur boʻladi.

Tadbirkor innovatsion yondashuvlar tufayli tayanch va harakat aravachalarining hatto xorijda muqobili yoʻq, kamyob nusxalarini ixtiro qilishga erishdi. Ayni paytda “Sayqal”da kuniga oʻrtacha 100-150 dona 30 turga yaqin ana shunday arzon mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Quvonarlisi, ishlab chiqarish jarayonida sunʼiy intellekt dasturlari xizmatidan keng foydalanilyapti.

— Bu yildan nogironligi bor shaxslar uchun akkumlyatorli, yaʼni elektr uzatmali aravacha ishlab chiqarishga kirishiladi, — deydi suhbatdoshimiz. — Shu maqsadda yangi korxona uchun zamonaviy bino bunyod etilmoqda.

Korxona taʼsischiligida faoliyat koʻrsatayotgan “UD-audifon” MCHJ shaklidagi Oʻzbekiston — Germaniya qoʻshma korxonasida esa eng ilgʻor jahon tajribasi asosida eshitish moslamalari tayyorlanadi va asosan Yevropaga eksport qilinadi.

Mutaxassislar jahon ilm-fanidagi eng soʻnggi yangiliklar, ixtirolar, innovatsiya gʻoyalarini oʻrganib borishi uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlangan. Ish jarayonida yangilik kashf etgan, ixtiro qilgan mutaxassis munosib ragʻbatlantiriladi.

2021-yili Prezidentimiz Abdurahmon Niyozov tashabbusi bilan Fargʻona shahrida faoliyat boshlagan toshdan qogʻoz ishlab chiqaruvchi “Fargona Stone Paper” qoʻshma korxonasining ochilish marosimida ishtirok etgan edi. Korxona yiliga 9 ming tonna qogʻoz ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, MDHda yagona boʻlgan ushbu noyob loyiha tufayli bugungi kunda Oʻzbekiston dunyoda toshdan qogʻoz ishlab chiqarish boʻyicha Xitoy, Yaponiya, Eron, Tayvandan keyingi beshinchi davlat sanaladi. Uning tannarxi oddiy qogʻozga qaraganda ikki barobar arzon tushishi bilan ham ahamiyatlidir.

Tadbirkorning maʼlum qilishicha, keyingi yillarda yangi uskunalar olib kelish hisobiga korxona faoliyati yanada kengaytirildi. Hozirda toshdan ishlab chiqarilgan qogʻoz Turkiya, Rossiya, Bolgariyaga eksport qilinayotir. Yaqin vaqt ichida ushbu mahsulotni Rossiyaga eksport qilish hajmi oshdi.

Oʻtgan yildan toshqogʻoz laminatsiya qilinib, unga oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash, aytaylik, muzqaymoq, margarin, qaymoq va boshqa shu singari mahsulotlarni solish hamda oʻrash imkoniyati yaratildi. Buning uchun esa yana bir qoʻshma korxona ishga tushirildi.

Albatta, Oʻzbekistonning kelajagi, xalqimizning iqtisodiy farovonligi yuksalishi tadbirkorlik faoliyati taraqqiyoti, ishlab chiqarish, ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalarini amaliyotga keng joriy etish bilan chambarchas bogʻliq.

Shu maʼnoda, yurtimizda mahalliy brendlarni yaratish, tadbirkorlar imijini oshirish, investitsiyaviy jozibadorlik, eksport salohiyatini yaxshilashda bu kabi ezgu tashabbuslarni ragʻbatlantirish, qoʻllab-quvvatlash kutilgan samarani berishi aniq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?