Fargʻonalik bemor bolalarda AQSH tajribasi asosida kardiojarrohlik amaliyotlari oʻtkaziladi

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Global Cardiac Alliance” xalqaro xayriya tashkiloti rahbari Uilyam Novik hamda AQSHdagi Janubiy Karolina tibbiyot universiteti dotsenti, Oʻzbekiston-Amerika tibbiyot assotsiatsiyasi hammuassisi Alisher Dadaboyevni qabul qildi.
Aytish joiz, 30-yildan ziyodroq vaqt mobaynida faoliyat koʻrsatib kelayotgan ushbu xayriya tashkiloti tomonidan dunyoning 35 ta mamlakatida 10 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilgan. Ayni jarayonda Oʻzbekistonda ham bolalar kardiologiya xizmatini takomillashtirish va kengaytirish dasturi doirasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2023-yilning sentyabr oyida yurtimizda 9 ta davlatdan kelgan 22 nafar malakali shifokorlar ishtirokida 60 nafar bemor bolalarda jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilgan edi.
— Fargʻonada jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish bilan birga mahalliy tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish ham rejalashtirilmoqda, — deydi Oʻzbekiston-Amerika tibbiyot assotsiatsiyasi hammuassisi Alisher Dadaboyev. — Bu borada ishlab chiqilgan maxsus dastur doirasida 3-yildan 5-yilgacha boʻlgan muddatda kardiojarrohlar jamoasining yangi avlodi shakllantiriladi hamda ularga AQSH tajribasiga asoslangan eng ilgʻor jarrohlik usullari oʻrgatiladi.
Yuzma-yuz muloqotda ezgu maqsad ijobati yoʻlida barcha sharoitlarni yaratib berishga kelishib olindi.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring