Fargʻonaga kelgan turnalar...

Jurnalist va adiblar bilan safardosh boʻlishning ayricha latofati, zavqi shavqi bor-da! Hazil-huzul, shoirona lutflardan boshlangan gurunglar mamlakatda, jahonning allaqaysi burchlarida roʻy berayotgan hodisalarga ulanib, beadoq bahs-u munozaralarga aylanib ketadi. Ayniqsa, safaring Fargʻonadek goʻzallikda beqiyos diyorlar tomonga boʻlsa, bir quvonchingga oʻni qoʻshilib, koʻngillar daryo, ehtiroslar ummon misol koʻpiradi.
1
Bu gal ham xuddi shunday boʻldi. Fargʻonaning ikki zabardast ijodkori — Oxunjon Hakimov va Yoʻldosh Sulaymon xotirasiga bagʻishlab oʻtkaziladigan adabiy konferensiyada ishtirok etish uchun besh kasbdosh yoʻlga chiqdik. Alomat lahzalar aeroportda, Fargʻonaning yana bir eʼtiborli farzandi, taniqli telejurnalist Muhammadjon Obidov bilan yuzma-yuz kelgan damlardayoq boshlanib ketdi. Mezbon bilan hali salom-alik oxiriga yetib-yetmay, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri, shoir Norqobil Jalil sheʼr toʻqib yubordi:
Koʻray desang, ertakda yoʻq afsonani,
Afsonalar havas qilgan koshonani,
Togʻlar oshib, dunyo kezib boʻlmang sarson,
Fargʻonani koʻring, doʻstlar, Fargʻonani.
Samarqandlik shoir va dramaturg Farmon Toshev ham oʻqlangan miltiqday shay turgan ekan, ketdi davom ettirib:
Har dala-yu har daryo-yu har shonada,
Har mahalla, har koʻcha-yu har xonada.
Mehnat zavqi, ijod zavqi, ilhom zavqi,
Yashash zavqi chappar urar Fargʻonada!
— Ofarinlar! — hayqirib yubordi mezbon. — Hozir, haqiqatan ham, Fargʻonada bekorchi odamni kunduzlari chiroq yoqib ham topolmaysiz. Hamma band, hammaning qalbi, shoirona aytganda, yaratuvchilik ishqida yonmoqda. Ketdik, tadbir boshlanguncha men sizlarga yurtdoshlarimiz qanday mehnat qilayotganini koʻrsataman.
Sheʼriyatdan boshlangan suhbat shu tariqa oʻz-oʻzidan dalaga koʻchdi.
— Aka, Fargʻonada paxtakorlarning kayfiyati qanday? — soʻraydi “Ishonch” gazetasi bosh muharriri, senator Husan Ermatov.
— Qanday emas, qandday, deng! — gʻurur bilan javobga hozirlandi Muhammadjon Obidov. — Bilasiz, hamma joyda chigit odatda bir qatorlab ekiladi. Shunda har gektar maydonda 90 — 100 ming tup koʻchat boʻladi. Fargʻonada esa qoʻshqatorlab ekildi. Bu har bir egatda 200 — 250 ming tupdan koʻchat boʻldi, degani. Koʻchatning ikki barobar koʻp ekilishi hisobiga hosildorlik ham ikki barobar koʻpayib, gektaridan 60 sentnerdan oshib ketyapti.
— Qoʻshqatorlab ekish bir paytlar oʻzini oqlamagan, — dedi suhbatni diqqat bilan eshitib kelayotgan “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqul. — Men yaxshi eslayman, bolaligimizda har tup gʻoʻzada 200 tagacha koʻsak sanash mumkin edi. 4-5-martalab terardik. Shundan keyin ham ancha-muncha koʻsak qolib ketardi. Koʻsak tergich mashinalar yigʻib olardi qolganini. Oʻsha navlar yoʻq boʻlib ketdi. Afsus. Bir qarich hozirgi paxtalar. Bir paytlari paykal oralasang, koʻmib yuboradigan gʻoʻzalar endi yoʻq.
Abdurasulning bolaligi ham Surxon paxta paykallari orasida qolib ketgan-da, biladi...
— Gapingizda haqiqat bor, — deydi mezbonimiz. — Ammo qoʻshqatorlab ekilgan chigit, garchand siz aytgandek, odamni koʻmadigan darajada daroz boʻlmasa ham, hosili koʻp. Shu joyda sizlarga bir gapni aytmasam boʻlmaydi. Prezidentimiz 2024-yili viloyatimizga qilgan tashrifida “Kelgusi yil Fargʻonada xitoy uslubida paxta yetishtirishni joriy qilamiz”, dedilar. Davlat rahbarining topshirigʻi ado etildi. Viloyatning barcha tumanlarida 40 — 50 foiz paxta maydoniga Xitoydan keltirilgan urugʻ ekildi. Qoʻshqator uslubi joriy qilindi. Plyonka ostiga tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyildi. Bir soʻz bilan aytganda, paxtachilikka ham innovatsiya, ilm kirib keldi. Xitoy texnologiyasi asosida qoʻshqatorlab ekilgan paxta bugun oʻz hosilini beryapti. Birinchi terimdayoq gektaridan 55 sentnerdan hosil olinyapti. Hozir istagan fermerning paxtazorini koʻring, oppoq dengiz boʻlib yotibdi dala.
— Parvarishi-chi, qanday ekan? Suv ichishi, dori-darmonga ehtiyoji? — qiziqdi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, olim va adib Ahmadjon Meliboyev.
— Ikki marta defoliatsiya qilindi. Oʻgʻit-dori sal koʻproq berildi. Tola zoʻr. Faqat chigitdan yogʻ chiqishi miqdori kamroq. Bugun mamlakatimizga tola kerak, juda koʻp kerak. Negaki, keyingi 7-8-yilda oʻnlab yirik-yirik toʻqimachilik fabrikalari ishga tushirildi. Hatto, paxta xomashyosi yetmayotgani uchun tolani xorijdan sotib olishga toʻgʻri kelgan vaqtlar ham boʻlyapti. Xitoy usulida parvarish qilingan paxtaning tolasi avvalgilaridan bir qancha ustun. Shu kunlarda paxta zavodlari bu yilgi paxtani qayta ishlashni boshlab yubordi.
Obidov shu yerda bir nafas toʻxtab, atrofdagilarga koʻz tashlab oldi.
— Qani, kim biladi, bir tonna paxtadan qancha tola chiqadi? — oʻrtaga savol tashladi keyin.
— 30 — 35 foizgacha, — shu damning oʻzidayoq javob qaytardi Abdurasul Jumaqul.
— E, yashang! Bizning paxtadan chiqqan tola 45 foiz! 45 qayoqda-yu 35 qayoqda? Ham yer, ham mehnat, ham suv tejalayotgani bu hisobga kirmaydi. Daromadni aytmaysizmi? Million-million! Umuman, paxtachilikda keskin burilish boshlandi. Prezidentimiz tashabbuslarining bittaginasidan kelayotgan xushxabar bu. Bunday xushxabarlarning son-sanogʻi yoʻq.
— Endi sizlarga Yurtboshimiz mehri bilan yaratilgan yana bir moʻjizani koʻrsatmasam boʻlmaydi, — Muhammadjon aka shu soʻzlarni aytgach, “Ekoshahar”ga haydang”, deya haydovchiga murojaat qildi.
Mashina katta yoʻldan oʻngga burilib, biroz yurgach, choʻl oʻrtasida qad kerib turgan yam-yashil shaharcha yonida toʻxtadi. Atrof gulzor, chap tomonda aylanasiga koʻl, oʻng tomondagi daraxtzorlar orqasida baland imoratlar.
— Bu yerlar qip-qizil toshloq choʻl edi, ertaklarda qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadi, deyiladigan sahro edi, bir tup giyoh topilmasdi, — tanishtira boshladi mezbon. — Hozirgiday qulogʻim ostida turibdi, Prezidentimiz 2020-yili viloyatimizga tashrif buyurganlarida biz turgan mana shu joyga kelib, “Bu yerda yangi shahar quramiz”, dedilar. “Men koʻp, juda koʻp oʻyladim”, deb davom etdilar keyin Prezidentimiz “Fargʻona shahrining aholisiga sharoit yaratish uchun nima qilish kerak, degan savol meni koʻp qiynadi. Fargʻona qadimiy shaharlarimizdan biri. Uning koʻchasi tugul, bitta gʻishtiga ham teginib boʻlmaydi. Hammasi xalqimizning oʻtmishi bilan bogʻlanib ketgan. Arxitekturasini buzish kerak emas. Oʻylab-oʻylab, nihoyat shu yerda yoʻldosh shaharcha quramiz, degan toʻxtamga keldim. Shaharchaning nomi “Yangi Fargʻona” boʻladi. “Yangi Fargʻona” — “Ekoshahar” maqomida bunyod etiladi. Shaharchada gaz, tutun degan zararli narsalar boʻlmaydi. Chiroqlar quyoshdan nur oladi, xonadonlar elektr bilan isitiladi”.
Oʻsha yilning oʻzidayoq ishlar boshlandi. Tepadan — Shohimardonsoydan suv olib kelindi. 2 ming oʻrinli amfiteatr qurildi. Mustaqillik, Navroʻz bayramlari ikki yildan buyon shu yerda oʻtyapti.
Besh yil ichida dunyoga keldi koʻrgan koʻzni mahliyo qiluvchi “Ekoshahar”. Besh yil davomida Prezidentimiz viloyatga har kelganlarida, birinchi qadamni shu yerdagi ishlar bilan tanishishdan boshladilar. Bosh vazir rahbarligida muntazam ishchi yigʻilishlari oʻtkazildi. Besh yilda choʻl oʻrnida moʻjizaviy shahar qad rostladi.
Mezbon haq. 300 gektarlik maydonda barpo etilayotgan “Ekoshahar”, shubhasiz, hech bir moʻjizadan kam emas. Bu shahar hademay nafaqat viloyatda, balki butun vodiyda eng yirik va obod manzillardan biriga aylanishiga zarracha shubha yoʻq. Shaharcha, yuqorida aytilganidek, Fargʻonada aholining uy-joy va ish bilan bandligini taʼminlash, tadbirkorlarga qoʻshimcha qulaylik va imkoniyat yaratish, ularni qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarishning zamonaviy texnologik bazasini shakllantirish maqsadida bunyod etilmoqda.
— Koʻlning chiroyliligini qaranglar.
— Buyam shaxsan Prezidentimizning gʻoyasi, — “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorov hayratlariga izoh berdi mezbon. — “Men Dubayda favvoralar shousini koʻrganman. Bu yerda Dubaydagidek koʻl qilamiz”, dedilar Prezidentimiz yana bir kelganlarida, Shohimardonsoydan oqib kelgan suv kechqurunlari xuddi Dubaydagi singari koʻl ustida raqsga tushib turadi.
Prezidentimizning orzulari, maqsadlari bekam-u koʻst amalga oshdi. Kechqurunlari bu atrofga odam sigʻmay ketadi. Keksalar dam oladi, bolalar yugurib oʻynaydi, velosipedda sayr qiladi, amfiteatrda tomoshalar, konsertlar koʻrsatiladi.
— Dubayga havas qilish yaxshi, albatta. Lekin bunday koʻklam manzara u tomonlarda ham yoʻq, — deya hammamizning koʻnglimizdan kechayotgan bir haq gapni tilga oldi Husan Ermatov. — Yuz qavatli uy boʻlsa-yu koʻkragingni toʻldirib nafas oladigan joy boʻlmasa. Meni xursand qilayotgan yana bir narsani aytay, bunday maskanlar mamlakatimizning eng chekka ovullarida ham bunyod etilyapti. Umuman, soʻnggi sakkiz yil ichida odamlarning turmush sharoitini yaxshilash, eng murakkab davrda kambagʻallikka qarshi kurash kabi vazifalar davlat siyosati darajasiga koʻtarildi, umummilliy harakatga aylandi. Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston modeli” yaratildi.
Aytganday, sizni ikkinchi mezbon bilan tanishtirmabman. Birpasgina boʻldi uning safimizga qoʻshilganiga. Azimjon Xudoyqulov “Yozyovon tongi” gazetasi bosh muharriri va ayni paytda, viloyatning koʻp yillik fermerlaridan biri hamdir.
— Bir mahallar sevimli adib Said Ahmad tasvirlagan Yozyovon choʻllari hozir jannat, — deya soʻzlab ketdi u. — Keyingi 7-8-yilda shunaqangi koʻrkam imoratlar qurilib, qishlogʻ-u mahallalarimizda katta oʻzgarishlar boʻldiki, aytib ado qilish qiyin. Yoki Margʻilon. Koʻp qavatli uyning oʻzidan 50 dan ortigʻi bitkazilib egalariga topshirildi. Jami 82 ta baland uy quriladi Margʻilonning “Yangi Oʻzbekiston” massivida. Bu 6532 oila uyli-joyli boʻladi, deganidir. Ijtimoiy tuzilma obyektlari, shifoxona, koʻngilochar maskanlar, yashil bogʻlardan tashqari, 35 gektar maydonda islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan alloma Burhoniddin Margʻinoniy sharafiga Burhoniddin Margʻinoniy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilmoqda.
— Fargʻona vodiysidagi eng qadimgi shaharlaridan biri hisoblanadi bizning Margʻilon, — deya soʻzlay ketdi Azimjonning gapidan ilhomlangan Obidov. — Tarixi uzun. Lekin asrlar davomida boʻlmagan ishlar boʻlyapti hozir shahrimizda. Shahar tubdan qayta qurilyapti. Prezident qarori bilan Margʻilonni kompleks rivojlantirish uchun respublika byudjetidan 70 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Renovatsiya dasturi asosida bunyod etilgan zamonaviy uy-joylarning bir nechtasi foydalanishga topshirildi. Davlatimiz rahbari oʻtgan yil Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida margʻilonlik nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, shaharda yangi uy-joy massivini qurish — barak, maʼnan eskirgan uylar oʻrnida arzon va sifatli uylar barpo etish borasida topshiriqlar bergan edilar.
Xudo xohlasa, 2025-yilning oʻzida shaharda 46 ta koʻp qavatli uy qurib bitkaziladi. Shulardan 35 tasi “Yangi Oʻzbekiston” massivida qad rostlayotgan boʻlsa, qolgan 11 tasi “Ipakchi” MFYda quriladi. “Ipakchi”dagi uylarning koʻpi oʻtgan asr oʻrtalarida qurilgan. Ochigʻini aytsak, ularda kundalik hayot uchun zarur oddiy shart-sharoitlar ham deyarli yoʻq. Ikki-uch oila, 10 — 12 jon katalakday uylarda bir amallab kun koʻrib kelardi. Ular bugun zamonaviy, yorugʻ va shinam xonalarga ega koʻp qavatli uylarga koʻchib oʻtdilar. Uy-joylari buzilgan barcha oilalarga koʻp qavatli uylardan kompensatsiya toʻlovisiz xonadonlar berildi. Eng muhimi, yangi joylarda yashash uchun barcha sharoit mavjud. Qulay infratuzilma, maktab, bolalar maydonchasi, savdo majmualari. Quvonchdan yurtdoshlarimizning koʻksi togʻ, boshi osmonda.
— Qoʻqonda, Quvada, Quvasoy yoki Buvaydada amalga oshirilayotgan yumushlar ham uncha-muncha davlatlarda yoʻq, — Obidovning soʻzini davom ettirib ketdi Xudoyqulov. — Faqat Quvaning oʻziga davlat rahbarining qarori bilan 70 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Tuman markazidagi Ahmad Yassaviy nomli va Qayqubod koʻchalari tun-u kun ishlaydigan koʻngilochar manzillarga aylantirilyapti. Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻi rekonstruksiya qilinmoqda. “Karkidon” suv ombori hududida bir nechta turistik obyektlar bunyod etilyapti.
— Yaxshi yoʻlboshchi elini oʻylaydi, — deydi Ahmadjon Meliboyev. — El gʻami, deb qaygʻuradi, eliga rohat keltiradi — yoʻl quradi, uy quradi, mamlakatni obod qiladi. Dunyo tamaddunida har tomonlama chuqur izlar qoldirgan ulugʻ sarkarda Amir Temur hazratlarining tabarruk nomi asrlar mobaynida ahli olam diqqatini tortib kelishining bosh sababi ham ana shunda.
— Xalq puflasa, boʻron, xalq tepinsa, zilzila boʻladi, deyilmaydi-da bekordan-bekorga, — Ahmadjon akaning fikrini tasdiqladi Azimjon Xudoyqulov. — Prezidentimiz bizni uygʻotdi. Muhtaram Yurtboshimizning har bir tashrifidan soʻng necha-necha yillik muammolar bartaraf etildi. Turmushimizda jiddiy oʻzgarishlar boʻldi. Masalan, soʻnggi sakkiz yilda viloyatimizdagi har 100 xoʻjalikka toʻgʻri keladigan avtomobillar 132 foizga, muzlatkich bilan televizor 115 foizga, konditsioner — 147, kirmoshin — 127, changyutkich — 179, kompyuter — 158 foizga koʻpaydi. Ishlab chiqarish rivojlandi, daromad oshdi.
— Kubro bobomiz shuning uchun ham “Eng noyob neʼmat rostgoʻylik va mardlik”, deganlar. Prezidentimizning mardona ish tutumi, aytgan soʻzining ustidan chiqa bilishi butun boshli mamlakatga yangi nafas olib kirdi. “Yangi Oʻzbekiston”, “Uchinchi Renessans” tuygʻularini yuraklarga joyladi.
— Juda toʻgʻri! — Husan Ermatovning fikrini quvvatladi Salim Doniyorov. — Taraqqiyot faqat jasorat tufayli roʻy beradi. Prezidentimizning rostgoʻyligi va mardligi bilan, Abdulhamid Choʻlpon taʼbiri bilan ifodalaganda, xalqimiz toʻlqinga, qudratli toʻlqinga aylandi.
2
Aylandi!
Prezident Shavkat Mirziyoyevning keyingi sakkiz yilda Fargʻonaga qilgan oʻndan ortiq tashriflari hammada oʻziga, buguniga, ertasiga ishonch uygʻotdi. Beparvolik, loqaydlik oʻrnini, qilsa boʻlar ekan-ku, degan qatʼiyat egalladi.
Davlat va jamiyat munosabatlarining yangi bosqichga koʻtarilishi, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyilining amalda joriy etilishi, tadbirkorlarga keng yoʻl ochilishi, huquqiy muhit va fuqarolar bilan ochiq muloqot madaniyatining paydo boʻlishi barcha jabhalarda tubdan yangilanish jarayonlarini boshlab yubordi.
Islohotlarning shigʻil-shigʻil hosili har qishlogʻ-u har tuman hayotida yaqqol koʻrinmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yilgi tashrifi doirasida mazkur tokzor va bogʻlarda boʻlib, amalga oshirilgan yumushlar bilan tanishib chiqqanidan keyin ishlar yangi bosqichga koʻtarildi.
Xullas, oʻzlashtirilgan 1000 gektar maydonda viloyat hokimligi hamda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan loyihada koʻzda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun qiymati 102 milliard soʻm boʻlgan ishlar bajarildi. Bu pullarning asosini tijorat va mahalliy banklar krediti hamda mahalliy byudjet mablagʻlari tashkil etdi. Jahon banki 1 million AQSH dollari miqdorida grant ajratdi.
Oʻzlashtirilgan yer maydonlari 1421 ta lotga boʻlinib, 560 gektarida uzumzor va 300 gektarida intensiv bogʻlar hamda 140 gektarida infratuzilma maydoni tashkil etildi.
Tokzorlarga 5 turdagi — “Husayni”, “Kelin barmoq”, “Mers”, “Rizamat” va “Kishmish” navli uzumlar, intensiv bogʻlarga esa olma, gilos, oʻrik koʻchatlari ekildi.
Hududda 3 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari tashkil etilib, ishsiz yoshlar va ehtiyojmand oilalar, jumladan, xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlari ish bilan taʼminlandi.
Zamonaviy agrosanoat majmuida yetishtirilgan mahsulotlarning 30,4 foizi Turkiya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqa MDH davlatlariga eksport qilinmoqda, 64,4 foizi ichki bozorda sotilib, 5,2 foizi qayta ishlanmoqda.
Bugungi kunda 2 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratilgan boʻlsa, bu raqam kelajakda 3145 taga koʻpayadi. 1 gektar yer maydonidan olinadigan daromad 180 — 200 million soʻmga, 1 nafar fuqaroning daromadi esa 45 — 50 million soʻmga yetajagi ham aniq-tiniq hisob-kitob qilingan.
— Men Rossiyada migrant edim, — deydi “Qoʻrgʻoncha” MFYda yashovchi Azizjon Ismoilov. — Uyga qaytib kelganimdan keyin tokzordan 20 sotix yer berishdi. Toklar orasiga loviya, tarvuz, makkajoʻxori ekib, dastlab 15 million soʻm daromad oldim. Toklarim toʻliq hosilga kirgani sayin daromadim ortib boryapti, Xudo xohlasa, hademay, haqiqiy millioner boʻlaman.
Azizjondek boʻlgʻusi millionerlar Fargʻonada oz emas.
Endi ikki ogʻiz klaster deyilmish moʻjiza haqida.
Maʼlumki, “klaster” atamasi lisonimizga kirib kelganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Shunday boʻlsa-da, bu kalima kattayu kichik — hammaning vujudiga singib ulgurdi. Sababi ayon: klaster iqtisodiyotimiz yuksalishining ilhomchisi. Buni Fargʻona misolida, birgina paxtachilik sohasi ham ayon koʻrsatib turibdi. Mana, 2022-yilga doir bir misol. Oʻsha yili viloyatdagi 2 ming 509 ta fermer xoʻjaligi tomonidan 82 ming gektar maydonga chigit ekildi. Fermerlar 13 ta paxta toʻqimachiligi klaster korxonasi bilan 285 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish boʻyicha shartnomalar imzolashdi.
Mavsumda 285,8 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirildi. Viloyatda paxta hosildorligi koʻrsatkichi 2021-yildagiga nisbatan 1,5 sentnerga oshdi. Yaʼni 2021-yilda viloyatda paxta hosildorligi 33,3 sentnerni tashkil qilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 34,8 sentnerga yetdi.
Toʻqimachilik tarmogʻi xomashyo, eksport va aholi bandligida ulkan salohiyatga ega. Faqat ilmga asoslanib samaradorlikni oshirish, jaydaricha aytganda, “ishning koʻzini bilish” kerak. “Ishning koʻzini” biladigan klasterlar paydo boʻldi.
Endilikda “Global textile group” — dunyodagi eng yaxshi iplarni ishlab chiqaradigan Oʻzbekistondagi yetakchi toʻqimachilik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Mazkur kompaniya guruhiga Toshkent va Fargʻona shaharlarida joylashgan bir nechta yigiruv fabrikalari, toʻqish, boʻyash ustaxonalari, paxta tozalash zavodi, shuningdek, tomchilatib sugʻorish tizimiga ega paxta dalalari kiradi. Kompaniyada toʻliq klaster tizimi joriy etilgan boʻlib, paxta yetishtirishdan tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha bosqichlar “Global textile group”da amalga oshiriladi.
Bugungi kunda kompaniya oʻz mahsulotlarini Markaziy va Sharqiy Yevropa, Bangladesh, Turkiya, Xitoy, Rossiya Federatsiyasiga eksport qilmoqda, shuningdek, mahalliy bozorda sotmoqda.
Davlatimiz rahbari 2022-yil may oyida viloyatga tashrifi chogʻida “Global textile infinity” klasterining ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. Oʻshandagi koʻrsatmalar asosida loyiha jadallashtirilib, dekabrda ishga tushirildi.
3
Shu oʻrinda hamrohlar suhbatidan bir qadam chetlab, hind donishmandining bir hikmatini eslamoqchiman: “Katta daraxt oʻzgalarga soya berar, oʻzi esa oftobda turar va u oʻzi uchun emas, boshqalarning huzur-halovati uchun meva berar”. Mamlakat rahbarining mehr bulogʻidan suv ichayotgan Fargʻona toʻgʻrisida aytilganday tuyuladi, nazarimda, bu soʻzlar. Fargʻona ham bir azim daraxt misoli kun sayin koʻkka yuksalib bormoqda.
Agar 7-8 yil orasidagi yuksalish odimlari yana bir karra raqamlarga solib qaralsa, bagʻoyat hayratomuz manzaralar paydo boʻladi odamning koʻz oʻngida. Qarang, viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 2024-yil yakuni bilan 91,3 trillion soʻmni tashkil etib, 2017-yildagiga nisbatan 4 baravar oshgan.
Sanoat korxonalari soni yetti yil avvalgi 4520 tadan 12900 taga koʻpaygan. Bu korxonalarda 2017-yilda 9,7 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlangan. Mazkur koʻrsatkich 2025-yil oxiriga borib 108,3 trillion soʻmni tashkil qiladi.
Yoʻl boʻyi xizmat koʻrsatish yoʻnalishida Beshariq, Qoʻshtepa, Yozyovon, Toshloq, Quva va Quvasoy tumanlaridagi 22 gektar maydonda 150 dan ortiq obyektlar tashkil etilib, 400 nafar aholining bandligi taʼminlanadi.
Soʻx tumanida Ugom daryosi tajribasi asosida 25 gektar maydonda turizm va sogʻlomlashtirish hamda xizmat koʻrsatish obyektlari ochiladi. 8 ta koʻp qavatli uy, sanatoriy, mehmon uylari, minimoll, kuzatuv minorasi, sport majmuasi kabi obyektlar quriladi.
Tadbirkorlar safidagi oʻsishni aytmaysizmi? 2017-yilda barcha tadbirkorlar 18200 nafarni tashkil qilgan boʻlsa, endilikda ularning soni 58600 nafarga yetdi. Yil oxirigacha yana 10 mingta tadbirkorlik subyekti ish boshlaydi.
Bundan tashqari, Beshariq tumanidagi Sariqqamish koʻli atrofida 40 gektar maydonda “Ovchilik turizmi” yoʻnalishida dam olish maskani va xizmat koʻrsatish markazi tashkil etish loyihasining master-rejasi ishlab chiqilmoqda.
Umuman, bugun Fargʻonada jami 27560 ta yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat yuritib, mazkur yoʻnalishda Toshkent shahri va Samarqand viloyatidan soʻng uchinchi oʻrinni egallab turibdi.
Turizm barcha viloyatlardagi kabi Fargʻonada ham iqtisodiyotning eng yirik karvoni sanaladi. Vodiyda aziz joylar, qadimiy manzillar, aziz-avliyolarning qadamjolari, umuman, xorijlik mehmonlar bir koʻrishni orzu qiladigan manzillar juda koʻp. 2020-yilda viloyatga 56 ming nafar xorijiy va 500 ming nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgani, 2024-yilda esa xorijiy sayyohlar soni 469 ming, mahalliy turistlar soni 2,8 million nafarga yetgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Shunga qaramay, har qadami osoriatiqalar makoni boʻlgan Fargʻona uchun bu yetarli emas. Misol uchun, jahon andozalariga toʻla javob beradigan mehmonxonalar, ulardagi xizmat koʻrsatish madaniyati kam edi.
Davlatimiz rahbari 2023-yili viloyatga kelgan payti Fargʻonada yulduz toifasidagi mehmonxonalar mavjud emasligini tanqid qildi. Adolatli tanqid qisqa vaqtda meva berdi — yulduzli 13 ta mehmonxona ishga tushirildi. Yil yakunigacha yana 10 ta mehmonxona shunday toifaga sazovor boʻladi.
2025-yilda turizm yoʻnalishida umumiy qiymati 1,2 trillion soʻm boʻlgan 125 ta loyiha amalga oshiriladi va 3250 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Suluv tabiati, betakror salohiyati bilan ahli olam eʼtiborini oʻziga jalb qilayotgan, 2024-yilning oʻzida 10 ta xalqaro, 15 ta respublika miqyosidagi 65 ta festival, forum, konferensiya, konsert-tomosha va boshqa turdagi ommaviy tadbirlar oʻtkazilgan Fargʻonada koʻp yulduzli, eng zamonaviy mehmonxonalar, koʻpayishi zarur-da! Axir “Atlas bayrami”, VI xalqaro anʼanaviy toʻqimachilik festivali, anʼanaviy “Turkiy xalqlar hunarmandchiligi” mavzuidagi forum, “Lavanda festivali”, “Fargʻona — vodiy gavhari. Investitsiya va turizm istiqbollari” xalqaro forumi, “Ahmad al-Fargʻoniyning dunyo astronomiya ilmiga qoʻshgan hissasi” xalqaro konferensiyasi kabi xalqaro festivallar, forumlar, konferensiyalar hamma joylarda oʻtkazilavermaydi-ku! Shunday emasmi?
— Prezidentimizning soʻzlaridan keyin gʻalla va paxta dalalari chetiga “dala qozon”ga deb ming tupga yaqin achchiq qalampir ekdim, — deydi fermer. — Yer ekinni sogʻinib qolgan ekanmi, hosil quyilib ketdi. Uni dastlab xoʻjaligimiz qalampirxoʻrlariga ulashdim. Yoʻq, uzun, toʻq qirmiz rangli, achchiqlikda “chempion” qalampirlar “meni uz, meni uz” deb turaverdi. Keyin oilamiz bilan hashar qilib bir kun davomida hosilni yigʻishtirib oldik. Ulashganlarimdan qolgani naq 850 kiloni tashkil qildi. Qalampirni qoplab, bir xaltasini tuman bozoriga olib bordim.
Olma-olmani koʻrib rang oladi-da! Bugun Fargʻonada qalampir ekayotganlarning sanogʻi yoʻq. Shu yilning 8 oyida yetishtirilgan 806,6 tonna achchiq qalampir Janubiy Osiyo mamlakatlariga eksport qilindi va 996,1 ming dollar daromad olindi.
Koʻrasiz, qalampir yetishtiruvchilar soni kelajakda yanada koʻpayadi.
Biz koʻpincha xorijdan keladigan sarmoyalarni investitsiya, deymiz. Aslini olganda, ichki imkoniyatlardan oqilona foydalanishning oʻzi ham eng katta investitsiya.
Fargʻonada bu kabi qancha-qancha “investitsiya buloqlari” qaynab-toshib yotibdi. Fargʻonalik ikki ijodkor Oxunjon Hakim va Yoʻldosh Sulaymon publitsistikasiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bahonasidagi safar davomida bunga yana bir bor imonimiz komil boʻldi. Ayni chogʻda, quyidagi xulosa qalbimizga muhrlandi: biz Fargʻonani qaytadan kashf etdik!
“Kashf etdik!” iborasi ayricha jozibasi bilan viloyat kutubxonasida oʻtgan konferensiya chogʻida ham, shahar va qishloqlarda mehnatkashlar bilan boʻlgan uchrashuv-suhbatlarda ham qayta-qayta tilga olindi.
— Eshitinglar! — topshiriq ohangida murojaat qildi qaytayotganimizda Obidov:
Bu Vatan qanday Vatandir,
har goʻshasida turmalar,
Qoʻngani bir yer topolmay osmonda
yigʻlar turnalar.
Siz asir boʻlgan qafasni tishlarim
birlan buzay,
Buzmasam mahshar kuni bagʻrimni
armon tirnalar.
— Bilasizmi bu qaygʻuli misralarning ijodkori kim?
— Xalq! — oʻz savoliga oʻzi javob qaytarib davom etdi u. — Tahqirlangan, ezilgan, adolatsizlikdan bagʻri qonga toʻlgan xalq. Musibatlar silsilasidan alamzada xalq oʻzining mahzun va mungli hayotini, isyonini, munavvar kunlar umidini shu tarzda bayon etgan.
Xudoga shukr, u kunlar oʻtmishga aylandi. Agar bobolarimiz bugungi baxtga toʻla damlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrganda nima degan boʻlar edilar?
— Tushunyapsizmi hurmatli shoirlar, Obidov janoblari nima demoqchi? — jiddiy qiyofada atrofdagilarga yuzlandi Meliboyev. — Janob Obidov sheʼrga javob qaytaring, demoqdalar.
Shoirlar ham tayyor turishgan ekanmi, Norqobil Jalil:
— Bu Vatanga kelsa, qaytib ketolmaydi turnalar.
Abdurasul Jumaqul:
— Har yurakka taʼzim qilmay oʻtolmaydi turnalar.
Farmon Tosh:
— Har qadamda mehnat, ijod, yashash zavqi muhtasham.
Husan Ermatov (ham yaxshigina shoir ekan):
— Baxt qoʻrgʻonin hisobiga yetolmaydi turnalar.
Hammamiz beixtiyor joʻr boʻlib aytib yubordik:
Bu Vatanga kelsa, qaytib ketolmaydi turnalar...
Abdusaid KOʻCHIMOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,
Oʻzbekiston Respublikasida
xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring