Fargʻonaga ilm izlab kelgan hind qizi

14:44 27 Fevral 2025 Jamiyat
406 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Hayotbaxsh islohotlar samarasi sifatida 2020-yili oʻz faoliyatini boshlagan Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti dunyoning 40 ga yaqin oliy taʼlim muassasalari bilan oʻquv, ilmiy va maʼrifiy sohalarda hamkorlik aloqalarini tobora kengaytirib bormoqda. Taʼlim muassasasi 2023-yili dunyoning “Top —1000” talik oliy bilim dargohlari roʻyxatiga kiritilgan.

Joriy yilning yanvarida institut taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida akkreditatsiya va sifatni taʼminlash boʻyicha Yevroosiyo markazi (ECA) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Bu endilikda xalqaro hamkorlik koʻlamini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Jahon tajribasi asosida institutning koʻp tarmoqli klinikasi ham tashkil etilgan boʻlib, bu yerda aholiga sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish borasida maslahatlar berish, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga bepul tibbiy yordam koʻrsatish, kasalliklar profilaktikasi, tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish boʻyicha izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Oʻz navbatida institut klinikasi boʻlimlarida professor-oʻqituvchilar, talabalar, magistrlar va klinik ordinatorlarning amaliyot oʻtashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Bugungi kunda institutning bakalavriat yoʻnalishida 5000 nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Quvonarlisi, ularning 1000 nafardan ortigʻi xorijlik talabalardir. Shu bilan birga 20 nafarga yaqin xorijlik pedagoglar ham ishga jalb etilgan.

Ayni kunlarda institutda Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Kanada, Rossiya, Afgʻoniston, Nigeriya, Qirgʻiziston va Tojikiston kabi 10 dan ortiq davlatlardan kelib taʼlim olayotgan yigit-qizlar bor. Hindistonlik aʼlochi qiz Shruti Shreye ikkinchi bosqich talabasi. U oʻqish uchun ushbu institutni tanlaganidan behad mamnun.

— Oʻtgan qisqa davrda Oʻzbekiston ikkinchi uyimga aylandi, — deydi hindistonlik talaba. — Fargʻona tabiati, mehmondoʻst va samimiy insonlari menga yoqib qoldi. Darslar xalqaro talablarga muvofiq toʻliq ingliz tilida oʻtiladi. Shu tariqa institut nafaqat tibbiyot sohasida chuqur bilim olish, balki professional va shaxsiy rivojlanishim uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Bu yerda oʻquv jarayoni yuqori darajada tashkil etilgan boʻlib, nazariy bilimlarni zamonaviy laboratoriyalar va amaliy mashgʻulotlar orqali mustahkamlab borish imkoniyatiga egamiz. Professor-oʻqituvchilar juda bilimli, mehribon va har doim bizga yordam berishga tayyor. Ularning har bir darsi kelajakda haqiqiy professional shifokor boʻlishga undaydi.

Institutda xorijdan kelgan talabalar uchun jahon andozalari darajasida zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Yotoqxonalar qulay hududda joylashgan. Oʻquv binolari eng soʻnggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar, texnologiyalar bilan jihozlangan. Muntazam ravishda oʻtkaziladigan ilmiy va madaniy tadbirlar yordamida turli millat vakillari bilan doʻstlashish, yangi madaniyatlarni oʻrganish imkoniga ega boʻlmoqdaman. Ayniqsa, xalqingizning milliy qadriyat va anʼanalari, bayramlari oʻziga xos.

Professor-oʻqituvchilarimiz boshchiligida hududlarda bepul tibbiy koʻriklar oʻtkazib, nazariy bilimlarimizni amaliyotda mustahkamlab borayotganimiz ham eʼtiborga loyiq. Dual taʼlim tizimi boʻyicha institutdagi klinikada malaka oshirib, bir paytning oʻzida ham oʻqish, ham boʻlajak shifokor sifatida faoliyat olib borish uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutining talabasi boʻlganimdan faxrlanaman. Kelajakda shifokor sifatida Hindistonda qadrdon taʼlim dargohi brendini oshirishni ustuvor vazifalarim sirasiga kiritib olganman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер