Fargʻonadagi kompyuter oʻyinlari klubida ommaviy janjal chiqarganlar qamoqqa olindi

17:30 12 Mart 2025 Jamiyat
192 0

Videodan kadr

Fargʻona shahar Oftob koʻchasida joylashgan “Verona” nomli kompyuter oʻyinlari klubida ommaviy janjal chiqargan shaxslar qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 21-fevral kuni Fargʻona shahar Maʼrifat koʻchasida yashovchi 27 yoshli Vallomov Otabek Baxtiyorjon oʻgʻli tanishlari: M.Gʻ., M.Q., N.M., M.O. va H.M. bilan bir guruh boʻlib, mazkur oʻyingohda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat joyida baqir-chaqir qilib, jamoat tartibini va mijozlarning tinchligini buzib, shovqin solgan.

Klub ish yurituvchisi X. ularni tartibga chaqirgan paytda “mushtumzoʻrlar” janjal chiqarib, klub xodimini urib, tan jarohati yetkazgan. Bu ham yetmagandek, Otabek Vallomov oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, janjalning oldini olishga uringan M. va S.ga ham qarshilik koʻrsatib, ularni ham doʻpposlab, turli darajadagi tan jarohatlari yetkazgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Vallomov Otabek Baxtiyorjon oʻgʻli hamda uning besh nafar sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi ikkinchi qismi “b” va “k” bandlari (oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish), shuningdek, JKning 277-moddasi, uchinchi qismi “g” bandi (bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini koʻrgan boshqa fuqarolarga qarshilik koʻrsatib sodir etilgan bezorilik harakatlari) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Ayni vaqtda Otabek Vallomov qoʻlga olinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. Yakuniga koʻra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi, deyiladi xabarda.

Fargʻona viloyati IIB “Vallomov Otabek hamda uning sheriklaridan jabrlangan” fuqarolardan quyidagi raqamlarga murojaat qilishni soʻragan:

  • +998950236320;
  • +998732440269;
  • yoki 102.

Taʼkidlanishicha, xabar qilgan fuqarolarning shaxsi sir saqlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?