Fargʻonada qariyb 21 ming dona psixotrop modda saqlaganlar ushlandi

13:10 05 Mart 2026 Jamiyat
238 0

Videodan kadr

Fargʻona viloyatida qariyb 21 ming dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini saqlab kelgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, DXXning Chegara qoʻshinlari va Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Bojxona organlari bilan hamkorlikda Qoʻqon shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1983-yilda tugʻilgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashina toʻxtatilgan.

Natijada, uning salon qismida 9960 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Boshqa holatda esa qoʻshni davlatdan kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini kontrabanda qilib, Toshkent shahridagi jinoiy sheriklariga yetkazib berish bilan shugʻullangan Quvasoy shahrida yashovchi, 1996-yilda tugʻilgan shaxs boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli transport vositasi Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan YPX maskanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilgan.

Natijada, avtomashina eshiklarining ichki qismiga 8000 dona “Zardeks” va 309 gr “gashish” giyohvandlik vositalari yashirib qoʻyilganligi maʼlum boʻlgan.

Bagʻdod tumanida qayd etilgan holatda, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1992-yilda tugʻilgan shaxs boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashinadan 1691 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olingan.

Fargʻona tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa 2001-yilda tugʻilgan mahalliy fuqaro oʻzining 1991-yilda tugʻilgan jinoiy sherigi vositachiligida 1274 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni xaridorga 56 mln soʻmga sotgan vaqtida qoʻlga olingan.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan tegishliligi boʻyicha Jinoyat kodeksining 251¹, 246, 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер