Fargʻonada “Oʻzbekistonda Xitoy sanʼati” yoshlar ijodiy koʻrgazmasi ochildi

11:57 11 Fevral 2026 Jamiyat
298 0

Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati muzeyida “Oʻzbekistonda Xitoy sanʼati” nomli yoshlar ijodiy asarlari koʻrgazmasi oʻz faoliyatini boshladi.

Fargʻona viloyati hokimligi hamda Pekin tashqi madaniyat va savdo assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur koʻrgazmada yosh moʻyqalam ustalarining eng sara ijod namunalari jamlangan. Ekspozitsiyada Oʻzbekiston va Xitoy manzaralari, Buyuk ipak yoʻli tarixi, keng koʻlamli qurilish-bunyodkorlik ishlari, shuningdek, ikki qardosh xalqning mushtarak qadriyatlari badiiy ifoda etilgan.

Taʼkidlash joizki, Xitoy yosh rassomlarining ushbu asarlari yaqinda Fargʻona viloyati delegatsiyasining Xitoyga amalga oshirgan tashrifi doirasida ham namoyish etilgan edi. Oʻzbekiston–Xitoy doʻstlik munosabatlari mavzusida oʻtkazilgan tanlovda faol ishtirok etgan 300 nafardan ortiq xitoylik yoshlarning ishlari koʻrgazmaga qoʻyilgan. Oʻzaro kelishuvga muvofiq, endilikda ushbu ijod namunalari Fargʻona shahrida ham namoyish etilmoqda.

Ayni paytda muzeyning koʻrgazmalar zalida Xitoyning 30 ta provinsiyasida istiqomat qiluvchi 300 nafardan ziyod oʻquvchi-yoshlar ijodiga mansub rang-barang mavzudagi asarlar namoyish etilmoqda. Bu esa fargʻonalik tengdoshlar orasida katta qiziqish uygʻotmoqda.

— Yaqin vaqt ichida Xitoyda oʻzbekistonlik yosh rassomlarning ijodiy koʻrgazmasini tashkil etish rejalashtirilmoqda, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov. — Shu maqsadda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Fargʻona viloyati boʻlimi hamda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda yoshlar oʻrtasida ijodiy tanlov oʻtkazish koʻzda tutilgan. Gʻolib asarlarni Pekin shahridagi koʻrgazmalar zalida namoyish etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Mazkur tashabbus madaniyat va sanʼat sohasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, yoshlar oʻrtasida doʻstlik va ijodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер