Fargʻonada Konstitutsiyaning 33 yilligi keng nishonlandi

11:53 09 Dekabr 2025 Jamiyat
342 0

Fargʻona viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan barcha shahar va tumanlarda bayram tadbirlari oʻtkazildi.

Fargʻona shahrida mazkur sana munosabati bilan “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tashkilot va boshqarmalar rahbarlari, senator va deputatlar, faollar, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tantanali marosimda viloyat hokimi barchani bayram bilan muborakbod etib, Konstitutsiya milliy davlatchiligimizning poydevori, demokratik huquqiy davlatni barpo etish yoʻlidagi islohotlarning asosiy mezoni ekanini taʼkidladi.

Shu bilan birga, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti va bunyodkorlik salohiyatiga mos ravishda yangilangan Konstitutsiya xalqaro demokratik meʼyorlar asosida qabul qilingani, unda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilab qoʻyilgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbus va rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar har bir fuqaroning baxtli va farovon hayotini taʼminlashga qaratilgani, “Inson qadri uchun” tamoyili viloyatdagi bunyodkorlik, tadbirkorlik va ijtimoiy sohadagi ilgʻor oʻzgarishlarda oʻz aksini topayotgani taʼkidlandi.

— Darhaqiqat, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi oʻzgarishlar zamirida Asosiy qonunimizda belgilab qoʻyilgan tamoyillar ustuvor oʻrin tutadi, — deydi xalq deputatlari Fargʻona viloyat Kengashi deputati Sherzodbek Karimov. — Bugun bu yangilanishlar har bir hudud, soha va tarmoqda, kundalik faoliyatimizda amaliy natija sifatida namoyon boʻlayotgani quvonarlidir.

Bayram tadbirida 2026-yilda viloyatni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilash, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan yangi maqsad va vazifalar belgilanayotgani maʼlum qilindi. Bu esa islohotlar bardavom ekanidan dalolat beradi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер