Farg‘onada “Kitobxonlik haftaligi” bo‘lib o‘tmoqda

18:07 12 Aprel 2023 Madaniyat
1258 0

Foto: Xalq so'zi

Haftalik doirasida viloyatdagi barcha axborot-kutubxona markazlariga “Xalq so‘zi” gazetasi tahririyati tomonidan tuhfa etilgan kitoblar topshirildi

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabr kungi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021 yildan mamlakatimizda har yili aprel oyida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylandi. 

Foto: Xalq so'zi

Bundan ko‘zlangan maqsad aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob o‘qishni keng targ‘ib etish va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan. O‘z navbatida ezgu tashabbus doirasida dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari tajribasini amaliyotga keng tatbiq etish, keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish maqsad qilingan.

Foto: Xalq so'zi

- Ezgu an’anani davom ettirib, joriy yilning 10-15-aprel kunlari yurtimiz bo‘ylab “Kitobsevar millat” shiori ostida III – Respublika “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazilmoqda, - deydi Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot-kutubxona markazi rahbari Husniyaxon Shermatova. – Tadbirning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda poytaxtdan – “Xalq so‘zi” gazetasi tahririyati, Farg‘ona viloyat hokimligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyat bo‘limi tomonidan viloyat va tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlariga kitoblar sovg‘a qilindi. 

Foto: Xalq so'zi

Shuningdek, haftalik davomida “Kutubxonachilik sohasida: taraqqiyot, tajriba va istiqbol” mavzusida viloyatdagi malakali kutubxonachilar bilan uchrashuv, Abdulla Avloniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy onlayn va oflayn suhbat, “Uvaysiy izdoshlari” mavzusida farg‘onalik shoiralar ishtirokida mushoira, o‘quvchi yoshlar uchun “Kutubxonaga sayohat” tadbirlari hamda turli kitoblar taqdimoti, intellektual bahs va viktorinalar tashkil etilmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?