Fargʻonada Xitoy va Vetnam pillachilik tajribasi keng qoʻllanilmoqda

15:37 08 Fevral 2024 Jamiyat
274 0

Qishloq xoʻjaligida chilgi hosil sifatida joriy yilda Fargʻona viloyatida 2786 tonna sifatli sanoat xomashyosi – pilla yetishtirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda zamonaviy laboratoriyalarda 46 ming 436 quti ipak qurti urugʻi parvarishlanib, ushbu jarayon toʻliq mahalliylashtirilyapti. Yil davomida esa 161 mingdan ortiq doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Ipakchilar shahri Margʻilonda faoliyat koʻrsatayotgan “Vodiy marjoni” MCHJda ipak qurti parvarishi, xomashyoni sanoat usulida qayta ishlash klaster tizimi asosida tashkil etilib, tarmoqda qoʻshimcha qiymat zanjiri yaratilishiga erishildi.

Fargʻona viloyati “Agropilla” MCHJ seleksioner olimlari, agronomlar, tajribali ipak qurti boquvchilari Xitoy, Vetnam tajribasini oʻrganib kelib, viloyatda koʻplab istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etishmoqda. Xususan, Fargʻona tumanida 2023-yil tajriba tariqasida 1 gektar yerda Xitoy, Vetnam davlati yangi tut plantatsiyasi tashkil etildi. Bu tut navlaridan yil davomida ozuqa olish mumkin, shu bilan birga tut bargi foydali xususiyatlarga boy boʻlib, ushbu omil sifatli sanoat xomashyosi yetishtirishda muhim ahamiyatga ega.

— Xitoy va Vetnamning tabiiy iqlim sharoitimizga mos hududlaridan tut qalamchalari tanlangani bois dastlabki yilning oʻzida kutilgan natijaga erishildi, — deydi viloyat “Agropilla” MCHJ rahbari Maqsudjon Qosimov. — Bu yildan boshlab shu yerda tashkil etilgan ilmiy-tajriba laboratoriyasida mazkur navlardan mahalliy sharoitda tut qalamchalari yetishtirishga kirishildi.

Fargʻona viloyatida ipakchilik sanoatini rivojlantirishda amaliyotga tatbiq etilayotgan ilgʻor xorijiy tajribalar va erishilgan yutuqlarni ommalashtirish maqsadida oʻtkazilgan oʻquv-seminari hamda davra suhbatida ana shular xususida soʻz yuritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi hamda Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligidagi tashkil etilgan hududiy ilmiy-amaliy seminarda soha faoliyati bilan bogʻliq muhim jihatlar sarhisob etildi. Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlari hokim oʻrinbosarlari, Respublika “Hunarmand” uyushmasining vodiy viloyatlari rahbarlari, “Agropilla”, ipakchilik klasterlari vakillari, tajribali pilla boquvchilar qatnashgan seminarda bu boradagi yutuqlar, muammolar xususida oʻzaro fikr almashildi.

Fargʻona shahridagi viloyat “Tadbirkorlar uyi” majlislar zalida “Ipakchilik sohasini rivojlantirishning yangi bosqichlari va yoʻnalishlari” mavzusida boʻlib oʻtgan seminarda ipak qurti boqishda ilmiy va innovatsion yondashuv, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

Seminar ishida Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Mahkamova, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi raisi Iqboljon Ergashev, Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov qatnashib, soha vakillari oldida turgan muhim vazifalar haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?