Fargʻonada yoʻllarga aqlli qurilmalar oʻrnatilyapti

13:07 08 Yanvar 2025 Jamiyat
194 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni paytda Fargʻona viloyatida aholi soni 4 milliondan oshgan boʻlib, kunning tigʻiz davrida shahar va tumanlar markazlari, katta avtomagistral yoʻllarda avtomashinalar tirbandligi sezilmoqda. Bu esa ushbu yoʻnalishda zamonaviy mezonlar asosida ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalarini amaliyotga keng joriy etishni taqozo etayotir.

Shu jihatlarni inobatga olib, Fargʻona viloyatida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali hamda Fargʻona viloyati Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi tasarrufidagi korxonalar hamkorligida 2024-2026-yillarda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar belgilab olingan.

Oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilari va talabalari tomonidan avtomobil yoʻllarida transport vositalari va piyodalarga qulayliklar yaratish maqsadida “aqlli svetofor”, “aqlli yoʻl belgilari” yaratilib, ishlab chiqarishga keng joriy etilmoqda. Bu innovatsion aqlli qurilmalar quyosh paneli hamda shamol generatori orqali toʻliq muqobil energiyada ishlaydi. Afzalligi shundaki, ular chorrahalarda tirbandliklar hamda kelib chiqishi mumkin boʻlgan yoʻl-transport hodisalarining oldini oladi.

— “Aqlli svetofor” qurilmalari dastlab Fargʻona shahrida qad rostlagan zamonaviy Ekoshaharda avtomashinalar serqatnov 3 ta koʻchaga oʻrnatilib, transport vositalarining tartibli harakatini yoʻlga qoʻyishga erishildi, — deydi Fargʻona viloyati Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Asqarali Husanov. — Shuningdek, navbatdagi aqlli yoʻl belgilari “Fargʻona halqasi” avtomobil yoʻlining 218 km qismiga, Oltiariq tumani hududidan oʻtgan “Fargʻona halqasi” avtomobil yoʻlining 245 km qismi oʻrnatildi.

“Aqlli yoʻl belgi”lari avtomashina haydovchilariga ushbu avtomobil yoʻlida belgilangan tezlik 60 km/soat boʻladigan boʻlsa, yoʻlning shu qismida qanday tezlikda ketayotganligini haydovchiga koʻrsatib ogohlantiradi. Bundan tashqari, ushbu qurilma avtomobil yoʻlida harakatlanayotgan transport vositalarining harakat jadalligini aniqlash va shu asosda tirbandliklarning oldini olishga ham xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?