Fargʻonada “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining viloyat bosqichi oʻtkazildi

15:01 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
213 0

Fargʻona viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahallalardagi uyushmagan yoshlar oʻrtasida 22 ta tanlov va loyihalar tashkil etildi. Ushbu tanlov va musobaqalarda ishtirok etish uchun 1 million 16 ming nafardan ziyod yigit-qizlar onlayn platforma orqali roʻyxatdan oʻtkazilgani ham eʼtiborga molik.

— Hozirgi kunga qadar “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Yosh kitobxon oila” tanlovining tuman (shahar) bosqichi, “Zakovat” intellektual oʻyinlari, “Yosh musavvirlar” va “Mohir fortepianochi” tanlovining viloyat bosqichlari oʻtkazildi, — deydi Fargʻona viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshligʻi Boburjon Moʻminov. — Shuningdek, sportning shaxmat-shashka, vorkaut, yengil atletika, kurash, stol tennisi kabi 15 ga yaqin turi, Davlat xavfsizlik xizmati kubogi doirasida sportning futbol, mini futbol, qizlar oʻrtasida mini futbol va kibersport musobaqalari hamda “Yoshlar ovozi” tanlovining respublika final bosqichi oʻz nihoyasiga yetgan.

“Kasblar tanlovi” musobaqalarining tuman (shahar) bosqichlari joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan boʻlsa, “Yosh kitobxon” tanlovining mahalla, tuman (shahar) va viloyat bosqichlari oktyabr-dekabr oylarida oʻtkazilishi belgilangan. Bu tanlovning respublika final bosqichi 2026-yili oʻtkaziladi.

Fargʻona viloyatida bugungacha ushbu tanlov va musobaqalarga 660 ming 800 nafardan ortiq yangi avlod vakillari qamrab olindi. Tanlov va musobaqalarning yakuniy respublika bosqichida munosib ishtirok etgan fargʻonalik yoshlar 6 ta oltin, 16 ta kumush va 12 ta bronza medalni qoʻlga kiritishdi.

Shu yilning 26-sentyabr kuni erta tongda Fargʻona shahrida joylashgan “Yoshlar sayilgohida”da “Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlar festivali musobaqalariga tantanali ravishda start berildi.

Festival “Salomatlik uchun 5000 qadam” loyihasi bilan boshlandi. Shundan soʻng viloyat “Yoshlar markazi” binosida oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyini tashkil etildi.

Fargʻona shahri markazida joylashgan Ahmad Fargʻoniy nomidagi istirohat bogʻida stol tennisi, shashka, kamondan otish musobaqalari, “Besh tashabbus xiyoboni”da shaxmat boʻyicha mahalla yettiligi jamoalari ishtirokida “Mahalla yettiligi kubogi” musobaqasi oʻtkazildi. “Yosh rassomlar koʻrgazmasi”, bitiruvchi talabalar hamda ishsiz yoshlar uchun “Boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasi” boʻlib oʻtdi.

Rang-barang va qiziqarli tadbirlar doirasida viloyat kuch tuzilmalari tomonidan harbiy texnikalar va qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi, “Mutolaa”, “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi” singari loyihalar ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi. Yosh va umidli sanʼatkorlar ishtirokidagi gala-konsert dasturi barchaga birdek manzur boʻldi.

Taʼkidlash oʻrinliki, bu yil viloyatda musobaqaning respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan jamoa va ishtirokchilar mahallalariga 12 ta sport maydonchalari qurilishi belgilangan.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер