Fargʻonada 7 ta hududda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari bunyod etilmoqda

10:38 11 Avgust 2025 Jamiyat
192 0

Fargʻona viloyatida qurilish sohasi xodimlari kuni katta tantana sifatida nishonlandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan bayram tadbirida viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, sohada fidokorona mehnat qilayotgan quruvchi va muhandislar, usta va meʼmorlar, loyihachi va mutaxassislar qatnashdi.

— Prezidentimizning Oʻzbekiston quruvchilariga bayram tabrigida qayd etilganidek, keyingi yillarda qurilish industriyasi rivoji yangi bosqichga koʻtarilib, ushbu soha milliy iqtisodiyotimizning drayverlaridan biriga aylandi, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Hakimjon Dolimov. — Ayni jarayondagi ishlar koʻlami Fargʻona viloyati misolida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Birgina joriy yilning oʻzida viloyatda 834 ta koʻp qavatli uy-joy qurilishi, 3,5 trillion soʻmlik ish bajarilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda esa viloyatdagi 7 ta hududda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etilyapti.

Davlatimiz rahbarining eʼtibor va ragʻbati tufayli Qoʻqon shahrida 34,2 gektar maydonda Renovatsiya dasturi asosida 84 ta koʻp qavatli uylar qurilishi jadallik bilan davom etmoqda. Margʻilon shahrining “Navroʻz” mahalla fuqarolar yigʻini hududida qurilayotgan 756 xonadonli, 10 ta koʻp qavatli uy-joy qurilishi yakuniga yetkazilyapti.

Mamlakatimiz miqyosida qurilayotgan eng katta “Yangi Oʻzbekiston” massivi – Fargʻona shahridagi Ekoshahar fargʻonalik quruvchilarning yangi davr, yangi talab va ehtiyojlarga monand yutuqlari timsoliga aylanib ulgurdi. 300 gektar maydonda bunyod etilayotgan yangi shaharcha bugungi kunda viloyatning oʻziga xos madaniyat, sanʼat hamda turizm markaziga aylandi. Bu yil Ekoshaharda yana 25 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshiriladi.

Aytish joiz, joriy yilda viloyatda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 866 milliard soʻm boʻlgan 107 ta ijtimoiy obyekt – maktab, bogʻcha, oliy taʼlim muassasalari, ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurib bitkazilishi bu boradagi ishlar koʻlami nechogʻli yuksak ekanligidan dalolatdir.

Botir MADIYOROV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?