Fargʻona viloyatida 50 kilometrdan ortiq sugʻorish tarmoqlari rekonstruksiya qilinmoqda

11:07 29 Yanvar 2026 Jamiyat
214 0

Fargʻona viloyati qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida keng koʻlamli yangilanish va islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sohada ilm-fan yutuqlari, ilgʻor agrotexnologiyalar va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada yangi yerlarni oʻzlashtirish, ekin maydonlari hosildorligini oshirish hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirish hajmi izchil ortib bormoqda.

Ayni jarayonda irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilash, xususan, “Sirdaryo–Soʻx” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi kanallar va sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish hamda rekonstruksiya qilish ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Bu tadbirlar qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish samaradorligini oshirish bilan birga, aholi tomorqalarida yerdan oqilona foydalanish, suv resurslarini tejash va isrofgarchilikning oldini olishga xizmat qilmoqda.

2025–2026-yillar davomida viloyat hududida 7 ta kanal va sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish hamda kapital rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun davlat byudjeti hisobidan 54 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan boʻlib, bu 50 kilometrdan ziyod sugʻorish tarmoqlarining suv oʻtkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash, yoʻqotishlarni kamaytirish va suvdan samarali foydalanish imkonini yaratadi.

Xususan, Buvayda va Uchkoʻprik tumanlaridagi fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda aholi tomorqalarini suv bilan taʼminlab kelayotgan Kartan kanali maʼnan eskirgani sababli katta yoʻqotishlar kuzatilgan edi. Hozirgi kunda umumiy qiymati 29 milliard soʻm boʻlgan loyiha doirasida kanalning 19,1 kilometr qismida betonlashtirish va kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Belgilangan ishlar joriy yilning birinchi yarmiga qadar toʻliq yakunlangach, ikki tumandagi 3 830 gektar sugʻoriladigan maydonlar suv bilan oʻz vaqtida, sifatli va yoʻqotishlarsiz taʼminlanadi.

— Belgilangan vazifalarni sifatli va oʻz muddatida bajarish maqsadida obyektda 30 dan ortiq zamonaviy texnika vositalari hamda 150 nafar ishchi va mutaxassislar jalb etilgan, — deydi bosh pudratchi “Fargʻona meʼmor qurilish” MCHJ ish yurituvchisi Xolmurod Sobirov. — Loyiha doirasida bugungi kunga qadar qariyb 8 kilometr masofada yer tekislash hamda 2 kilometrdan ortiq qismida betonlashtirish ishlari bajarildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?