Fargʻona viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosi muhokama qilindi

Fargʻona viloyatida Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi sayyor majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda parlament nazorati doirasida Senat ishchi guruhi tomonidan viloyat hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambagʻallikni qisqartirish va aholining turmush darajasini yaxshilash boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, 2024-yilda viloyat iqtisodiyoti 6,7 foizga oʻsib, 91,3 trln soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratilgan, shuningdek, sanoat 7,6 foizga, qurilish 8,5 foizga, xizmatlar 12,3 foizga, qishloq xoʻjaligi 4,7 foizga oshgan.
Investitsiya dasturlari doirasida 1,8 mlrd dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan, eksport hajmi oʻtgan yilga nisbatan qariyb 1,4 barobarga oʻsib, 1 mlrd dollardan oshgan. Viloyatda 1 mlrd dollarlik 1,2 mingta loyiha ishga tushirilib, 34 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilgan.
Kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 1,4 trln soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. “Biznesga birinchi qadam” dasturi boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini endi boshlagan 14,2 ming kishiga 206,9 mlrd soʻm miqdorida mikroqarzlar berilgan.
Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari boshlangani, iqtisodiy kompleks mahallaga tushirilgani hisobiga 397 ta mahalla sanoat va qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashtirilgan, 180,3 ming aholi rasmiy band boʻlgan.
Xususiy taʼlimga keng imkoniyatlar yaratilgani tufayli oʻtgan yilda xususiy maktablar soni 100 taga, nodavlat bogʻchalari 3,3 mingtaga yetgan, bogʻcha qamrovi 2017-yildagi 37 foizdan 87 foizga oshgan.
Ipoteka dasturi doirasida 8 mingga yaqin xonadondan iborat koʻp qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirilgan. 5,2 mingta oilaga 1,4 trln soʻm miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Ular boʻyicha boshlangʻich toʻlov va foizlarini qoplash uchun 147,3 mlrd soʻmlik subsidiyalar ajratilgan.
Muhokama jarayonida senatorlar viloyatda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga hal etilishi lozim boʻlgan masalalarga ham eʼtibor qaratdi va masʼul rahbarlarning axborotlarini eshitdi.
Jumladan, yirik sanoat korxonalarning 22 tasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 2023-yilga nisbatan kamaygan. Fargʻona va Quvasoy shaharlarida aholi jon boshiga sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmida oʻsish surʼatlari taʼminlanmagan.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi turdagi mahsulotlarni oʻzlashtirish boʻyicha loyihalari yangi ish oʻrinlari yaratish masalasiga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida kichik biznesning ulushi Qoʻshtepa va Fargʻona tumanlarida 30 foizni ham tashkil qilmagan.
Bagʻdod tumanida qishloq xoʻjaligida oʻsish surʼati 2023-yilga nisbatan 1 foizni ham tashkil qilmagan. Xususan, kartoshka, poliz mahsulotlari, meva va rezavorlar yetishtirish kamaygan.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida muammoli kreditlar qoldigʻi 2024-yil boshiga nisbatan 1,5 foizga oshgan.
Shuningdek, majlisda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida ayrim rahbarlar tomonidan oʻzlariga biriktirilgan kambagʻal oilalarga amaliy yordam koʻrsatish, ularning turmush sharoitini yaxshilash va bandligini taʼminlashga koʻmaklashish ishlari oʻz holiga tashlab qoʻyilganligi taʼkidlanib, bu borada masʼuliyatni tubdan oshirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan savdo-iqtisodiy kelishuvlar boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” ijrosini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga eʼtibor qaratish, viloyat hududlarida iqtisodiy oʻsish surʼatini taʼminlash, mahalliy byudjet daromadlari barqarorligini taʼminlashda iqtisodiy kompleks rahbarlarining masʼuliyatini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari aholi turmush sharoitlarini yaxshilash, kambagʻallikni qisqartirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini mahalliy Kengash sessiyalarida eshitish zarurligi boʻyicha tavsiyalar berildi.
Muhokama yakunida Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring