Fargʻonaning gastronomik salohiyati sayyohlarni chorlamoqda

16:08 18 Dekabr 2024 Jamiyat
140 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yurt gavhari va marvaridi sifatida eʼzozlanuvchi Fargʻona viloyati goʻzal tabiati, mehmondoʻst, samimiy insonlari bilan tanilgan. Aynan gastronomik turizm rivoji xususida gap ketganda, ushbu viloyatda har bir hududning oʻziga xos mashhur taomlari, shirinlik va yeguliklari borligini alohida eʼtirof etish oʻrinlidir.

Aytish joiz, har bir taomning oʻziga xos retsepti, tayyorlanish jarayoni va mehmonlarga tortiq qilish udumi bor. Bu mahalliy va xorijlik sayyohlarga ular bilan tanishish va mazasini his qilish imkonini beradi.

Bu borada keyingi yillarda Fargʻona viloyatining har bir shahar-tumanga xos boʻlgan gastronomik brendlari yaratilgani eʼtiborga sazovordir. Xususan, Fargʻona shahrida shirinliklar savdosi boʻyicha qandolat uyi tashkil etilgan. Margʻilon shahrida Ketibogʻ shavlasi, shirmoy non, Oʻram choyxonasi taomlari, Qoʻqon shahrida esa Xoʻqandi latif patiri va holvasi xaridorlarga juda ham manzur.

Oltiariq tumani tandirda yopiladigan somsalari (goʻshtkuydi), Rishton tumani yuzlab choyxonalarda damlanadigan Choʻngʻara guruchi oshi bilan tanilgan. Oʻzbekiston tumanida Qoʻshqoʻnoq mastavasi, Quva tumanida polvon shoʻrva va shirinliklari (chak-chakka, pechak qand va “Quva qandolat“ mahsulotlari) mashhur boʻlib ulgurgan.

Beshariq tumani six kaboblari, Buvayda tumani ovlanadigan qushlar asosida tayyorlanadigan taomlar, Yozyovon tumani baliq ovqatlari hamda Fargʻona tumani Chimyon sopaki oshi va Chimyon patiri bilan sayyohlarni oʻziga keng jalb etadi.

Viloyatdagi bu kabi gastronomik hududlar turoperatorlar tomonidan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun turizm marshrutiga kiritilgan boʻlib, doimiy ravishda bir, uch kunlik va haftalik sayohatlar tashkil etiladi. Oʻz navbatida, mehmonlar uchun ekoturizm, agroturizm tarmoqlari boʻyicha ham sharoitlar muhayyo qilingan. Sayyohlar gilos, qulupnay, uzum, anor, qovun-tarvuz sayli hamda soʻlim tabiat maskanlari, mevazor bogʻlar, suv boʻylarida hordiq chiqarish, meva-sabzavotlardan bahramand boʻlish, oʻz qoʻli bilan ovqat tayyorlab isteʼmol qilish imkoniga ega.

— Ayni jarayonda muntazam ravishda gastronomik festivallar va yarmarkalar tashkil etilib, unda mahalliy taomlar, shirinliklar, bogʻdorchilik, hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etilmoqda, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov. — Har yili oʻtkaziladigan bu kabi festivallarda mamlakatimizning barcha hududlari, xorijdan sayyohlar taklif etiladi. Bu Fargʻona viloyatida gastronomik turizm imkoniyatlarini yildan yilga oshirish imkonini berayotir.

Oʻz navbatida, Fargʻonada gastronomik turizmga xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan infratuzilma tobora rivojlantirib borilmoqda.

2025-yili viloyatda “Fargʻona gastronomik festivali” oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Festival kunlari mamlakatimiz va Fargʻona vodiysining koʻp yillik anʼanalari hamda zamonaviy urf-odatlarini uygʻunlashtiradigan mahalliy, dunyoga tanilgan oshpazlar, pazandalik sanʼati targʻibotchilari, bu boradagi kitoblar mualliflari, gastronomiya madaniy merosi qiziquvchilari va sayyohlarni bir joyga jamlash koʻzda tutilgan. Maqsad yurtimizning boy va murakkab oshpazlik sanʼati anʼanalarini targʻib qilish va dunyoga tanitishdan iborat. Festivalda odatiy taomlar va taniqli oshpazlar ishtirokida pazandachilik mahorati namoyish qilinadi. Mahorat darslari, turli koʻrik-tanlovlar, teatrlashtirilgan tomoshalar oʻtkaziladi.

Festivalga dastlabki yili 10 ming, ikkinchi yili 50 ming kishi va uchinchi yili esa 150 ming sayyoh kelishi kutilmoqda. Bunday tadbirlar viloyat iqtisodiyoti rivojiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishi aniq. Chunki xalqaro ishtirokchilar mahalliy pazandachilik sanʼati bilan birga viloyatning tabiati, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati bilan tanishishga ham muvaffaq boʻlishadi. Bu esa nafaqat pazandachilik anʼanalarimiz, balki, ularni tayyorlashda qoʻllaniladigan oziq-ovqat mahsulotlarimizni ham dunyo bozorida oʻz oʻrnini topishishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, yaqin istiqbolda viloyatda maxsus gastronomik turlar va marshrutlar yaratish rejalashtirilgan. Shu bilan birga doimiy ravishda mahalliy ovqatlar va oshpazlik sanʼati boʻyicha maxsus kurslar, master-klasslar va seminarlar tashkil etish ham koʻzda tutilgan.

Muxtasar aytganda, gastronomik turizmni rivojlantirishda xorijiy sayyohlarni jalb qilish uchun xalqaro koʻrgazmalar va turizm yarmarkalarini tashkil qilish orqali Fargʻona viloyatida oʻziga xos gastronomik markaz yaratish maqsad qilingan.

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi tomonidan mamlakatimizda gastronomik turizmni rivojlantirish maqsadida “Delicious Uzbekistanʼʼ xalqaro gastronomik festivali tashkil etildi. Unda Fargʻona viloyati turizm boshqarmasi ham mahoratli oshpazlar bilan ishtirok etdi hamda yakunda ikkita nominatsiya boʻyicha diplom, Turizm qoʻmitasining tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Demak, mahalliy taomlar, turizm infratuzilmasi, festivallar va tadbirlar orqali Fargʻona viloyati jahon sayyohlari uchun qiziqarli va maʼqul boʻlgan markazga aylanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер