Fargʻona futboli: yangi avlod oʻyinchilari tarbiyalanmoqda

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan keyingi yillarda sportning ushbu turini yanada rivojlantirish, infratuzilmasini yaxshilash, iqtidorli futbolchilarni erta aniqlash va professional sportga yoʻnaltirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda Fargʻona shahridagi viloyat futbol akademiyasida 6–11-sinflarda 7 ta guruhda 154 nafar iqtidorli bolalar malakali murabbiylar koʻmagida mahoratini oshiryapti. Akademiya hududida sunʼiy qoplamali va tabiiy stadion mavjud. Hozirda mashgʻulotlar maydoni sonini koʻpaytirish, tomoshabinlar uchun yangi oʻrindiqlar oʻrnatish va obodonlashtirish ishlarini olib borish rejalashtirilgan.
Shuningdek, bugungi kunda viloyat futbol maktabida 950 nafar kelajagimiz vorislari “millionlar oʻyini” sirlarini oʻrganyapti. Ularga 20 nafardan ziyod murabbiy biriktirilgan.
Yaqin yillarda maktabning sunʼiy qoplamali maydoni taʼmirlanib, qoʻshimcha mashgʻulot maydoni qurilishi koʻzda tutilmoqda. Bu tarbiyalanuvchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratadi hamda mashgʻulotlar samaradorligini oshiradi.
— Bugun mamlakatimizning barcha yosh toifalari boʻyicha terma jamoalarida Fargʻona futboli tarbiyalanuvchilari bor, — deydi Fargʻona viloyati futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Nosir Otaqoʻziyev. — Oʻz navbatida, soʻnggi yillarda Yevropaning yetakchi jamoalari qoshidagi futbol akademiyalarida tahsil olishga intilayotgan yoshlar safi ham kengayib bormoqda. Viloyatimizda ham dunyoning mashhur futbol jamoalari tajribasi asosida ixtisoslashgan maktablar tashkil etilyapti.
Aslida ezgu tashabbuslardan koʻzlangan maqsad shu: istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tarbiyalash, tajribali murabbiylarni koʻpaytirish hamda ularni turli yosh toifasidagi milliy terma jamoaga koʻproq yoʻnaltirishga qaratilgan. Eng muhimi, yaqin istiqbolda jahon arenalarida raqobatdosh yangi futbolchilar avlodini yetishtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Bu boradagi izchil saʼy-harakatlar samarasi sifatida Fargʻona futboli faxri — “Neftchi” klubi qarorgohi zamonaviy infratuzilmaga ega boʻldi. Majmua hududida 2 ta yangi futbol maydoni barpo etilib, endilikda futbolchilar 3 ta jahon standartlariga mos stadionda mashgʻulot olib borishmoqda.
Yangilangan bazada futbolchilar va murabbiylar uchun barcha sharoitlar — zamonaviy oshxona, mashgʻulot zallari, suzish havzasi, tibbiyot xonasi va boshqa zarur inshootlar tashkil etildi. Shuningdek, bu yerda asosiy jamoa bilan birga 19, 21 yoshlilar hamda ayollar jamoalari uchun yotoqxonalar, mashgʻulot maydonlari, sport zallari va oʻquv xonalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
— Tumanda futbol infratuzilmasi tobora yaxshilanib borayotir, —deydi Yozyovon tumani hokimi oʻrinbosari Sheroz Mirzaaliyev. — Sport maktabining qoʻshimcha bazasidagi boʻsh yer maydonida davlat-xususiy sheriklik asosida ikkita yopiq futbol maydoni barpo etildi.
Loyiha qiymati 2 mlrd 400 mln soʻmni tashkil etib, bu yangi avlodga yil mobaynida futbol bilan shugʻullanish imkonini beradi. Shu maqsadda stadionlar zamonaviy yoritish tizimi, sunʼiy qoplama va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, bugun Fargʻona futboli rivojlanishning yangi bosqichida. Yaqin istiqbolda bu dunyo futboli yulduzlarini tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasizdir.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring