Faol yoshlar uchun ekosayohat tashkil etildi

16:10 20 Noyabr 2024 Jamiyat
217 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yozyovon tumanidagi “Markaziy Fargʻona davlat oʻrmon xoʻjaligi” davlat tabiat yodgorligi noyobligi jihatdan muhim ahamiyatga ega. Umumiy maydoni qariyb 1,5 ming gektarni tashkil etadi. Oʻziga xos qumli choʻl landshaftida 40 turdan ortiq yovvoyi hayvonlar hamda 170 turdan ziyod oʻsimlik va giyohlar uchraydi. Bu yerda “Qizil kitob”ga kiritilgan kamyob hayvonot va oʻsimliklar olami vakillarini ham uchratish mumkin. Fargʻona viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi tomonidan bu maskanlarga ekosayohatlar tashkil etish anʼanaga aylangan.

Yaqinda Fargʻona viloyati prokuraturasi hamda viloyat Turizm boshqarmasi bilan hamkorlikda ushbu tabiat yodgorligiga marshrutlar belgilanib, sayohat uyushtirildi.

— Yurtimiz tabiati naqadar rang-barang va boy, — deydi ekofaol Ismoiljon Qosimov. — Bugun 25 nafar ekofaol va Turizm elchilari boʻlgan tengdoshlarimiz bilan maroqli sayohatdan unutilmas taassurotga ega boʻldik.

Aytish joiz, oʻrmon xoʻjaligida Markaziy Fargʻonaning qumli choʻlida yashovchi oʻsimlik va hayvonlarni saqlab qolish, hududdagi tabiiy jarayonlar va hodisalar boʻyicha monitoring oʻtkazilib, muntazam ravishda ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi. Noyob tabiat moʻjizalarini oʻzida jamlagan maskanning mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojidagi oʻrni oʻrganib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?