Faol tadbirkorlar munosib taqdirlandi
Mamlakatimizda 20-avgust – Tadbirkorlar kuni munosabati bilan iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishini taʼminlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, eksport salohiyatini oshirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda ishlab chiqarishga innovatsiyani joriy etishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi bilan namuna boʻlib kelayotgan bir guruh tadbirkorlar Prezidentimiz Farmoyishiga koʻra “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Fargʻona viloyati hokimligida mazkur mukofotni oʻz egalariga topshirishga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi.
Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov yuksak eʼtirofga sazovor boʻlgan tadbirkorlarni qutlab, ularning hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga koʻshayotgan hissasini alohida eʼtirof etdi. Shundan soʻng “Musavartex” MCHJ rahbari Farhod Bulatov, “BS textile Fargona” MCHJ rahbari Ikromjon Vohidov, “Fargʼona ibratli begim” MCHJ rahbari Shahnoza Gʻaniyeva va “Lux yan tex” MCHJ rahbari Xurshidjon Melikoʻziyevga “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni topshirildi.

Prezident Farmoyishi bilan “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoniga munosib koʻrilgan fargʻonalik yana toʻrt nafar tadbirkor – “Ilyasov” MCHJ rahbari Faxriddin Ilyasov, “Bolajon orzusi” MCHJ rahbari Humoyun Aʼzamov, “Art house sadosh” MCHJ rahbari Sadoqat Mirzayeva va “Havvo group” MCHJ rahbari Mahmudjon Parpiyev Toshkentda boʻlib oʻtadigan tantanali tadbirda taqdirlanishi koʻzda tutilgan.
— Biz xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻqitish, qayta tayyorlash faoliyati bilan shugʻullanamiz, — deydi faol tadbirkor Shahnoza Gʻaniyeva. — Ayni jarayonda turli ijtimoiy daftarlarga kiritilgan oila bekalari, bitiruvchi yoshlarni imtiyozli ravishda oʻqitamiz. Olis hudud va mahallalarda yashovchi xotin-qizlar uchun alohida kvota oʻrinlari ajratiladi. Bugungi taqdirlash marosimida ozmi-koʻpmi xalq manfaati uchun qilayotgan ishlarimiz davlatimiz rahbari eʼtiborida ekanidan gʻoyatda mamnunlik tuydim. Shunisi aniqki, bunday eʼtibor va ragʻbat bizni yangi-yangi biznes gʻoyalarini hayotga tatbiq etishga undaydi.
Xorazm viloyatida boʻlib oʻtgan tadbir ham mana shunday koʻtarinkilik kasb etdi. Viloyat hokimi Farhod Ermanov tadbir ishtirokchilarini qutlugʻ sana bilan samimiy muborakbod etib, bir guruh tadbirkorlarga “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni, shuningdek, tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalarni topshirdi.

— Kamtarona mehnatim qadrlanib, “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoniga munosib koʻrilganimdan juda minnatdorman, — deydi “Gurlan eksport” MCHJ rahbari Manzura Masharipova. — Prezidentimizning tadbirkorlar bilan oʻtkazadigan anʼanaviy uchrashuvini intiqlik bilan bilan kutyapmiz. Albatta, bu yilgi uchrashuv ham qizgʻin muloqotlar, fikr almashuvlarlarga boy boʻladi va sohadagi qator muammolarga samarali yechim topiladi.
Botir Madiyorov,
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring