FAO qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari uchun treninglar oʻtkazdi

17:51 25 Iyul 2022 Iqtisodiyot
952 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qishloq xoʻjaligi sohasi uchun professional trenerlarni tayyorlash maqsadida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan 18-21-iyul kunlari Toshkent viloyatida “Trenerlar uchun trening” tashkil etildi. Unda hamkor tashkilotlar vakillari, jumladan, soha oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari ishtirok etdilar. Oʻquv mashgʻulotlar FAO va Global Ekologik Jamgʻarmaning “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil etildi.

“Maqsadimiz yosh olimlar, tadqiqotchilar va oʻqituvchilardan yaxshi murabbiylar tayyorlash uchun ularning salohiyatini oshirishdir. Biz ishtirokchilarni qishloq xoʻjaligi sohasida treninglar oʻtkazish, maqsadli auditoriya bilan ishlashning oʻziga xos xususiyatlari bilan tanishtirdik, shuningdek, norasmiy taʼlim tamoyillari va usullarini oʻzlashtirishlariga yordam berdik”, deydi CACILM-2 loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.

Treningda ishtirokchilar oʻqitishning interfaol usullarini oʻrgandilar. Treninglarga tayyorgarlik koʻrishning turli usullarini koʻrib chiqdilar, rasmiy va norasmiy taʼlim oʻrtasidagi farqni muhokama qildilar. Mashgʻulotlar nazariy va amaliy qismlardan iborat boʻlib, unda ishtirokchilar notiqlik mahorati va boshqa oʻzlashtirilgan usullarni mashq qildilar. Trening natijasida ishtirokchilar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining ehtiyojlarini mustaqil aniqlash, murabbiylik yondashuvidan foydalangan holda maxsus oʻquv modullarini ishlab chiqish va tashkil etishni oʻrgandilar.

Taʼkidlash joizki, seminar-treninglar oʻtkazish CACILM-2 mintaqaviy loyihasining maqsad va vazifalariga hamohang boʻlib, ulardan kutilayotgan natijalaridan biri shoʻrlanish va qurgʻoqchilikni kamaytirishga qaratilgan yondashuv va texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha manfaatdor tomonlarning malakasini oshirishni oʻz ichiga oladi.

Shundan kelib chiqqan holda, 22-iyul kuni loyiha doirasida Toshkent shahrida yerdan foydalanish masalalariga bagʻishlangan navbatdagi oʻquv seminari tashkil etildi. Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va uning tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari vakillarining yer munosabatlari, yerga egalik qilish va boshqarish masalalari boʻyicha bilimlarini oshirish maqsadida oʻtkazildi. Treningda qishloq xoʻjaligida yerdan foydalanishning huquqiy asoslari, Oʻzbekistonda yerdan foydalanishning meʼyoriy-huquqiy asoslari, yer tuzishning tashkiliy tuzilmasi, yerga egalik qilish shakllari, shuningdek, yerdan foydalanishning tuproq unumdorligiga taʼsiri kabi mavzularda maʼruzalar va taqdimotlar tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер