FAO Oʻzbekistonda veterinariyani rivojlantirish uchun zamonaviy uskunalarni topshirdi

00:40 21 Mart 2024 Jamiyat
1968 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) “Markaziy Osiyoda qoramollarning nodulyar dermatitiga mintaqaviy tayyorgarlikni kuchaytirish” loyihasini amalga oshirish doirasida Oʻzbekistonning ixtisoslashtirilgan muassasalariga ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun zamonaviy uskunalar topshirdi. Jumladan, Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga 6 ta muzlatgich va 20 ta termosumka topshirildi.

Ushbu jihozlarni yetkazib berish FAOning Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlariga nodulyar dermatitning kelib chiqishi mumkin boʻlgan epidemiyasiga javob berish imkoniyatlarini kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli harakatlarining bir qismi xolos. Avvalroq, FAO laboratoriya asboblari, jihozlari va reaktivlarini Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markaziga topshirgan edi. Bundan tashqari, FAO ushbu markaz bilan birgalikda Toshkentda tugunli dermatitning laboratoriya diagnostikasi boʻyicha treninglar oʻtkazdi.

Nodulyar dermatit – bu hasharotlar tomonidan tashiladigan yirik shoxli qoramollar chechak virusi. Bu kasallik inson salomatligi uchun xavf tugʻdirmaydi, lekin sut mahsuldorligi va hayvonlarning tana vaznining pasayishi tufayli chorvachilikka katta iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin. Ilgari kasallik faqat Afrikada topilgan, ammo soʻnggi oʻn yil ichida u butun Yaqin Sharqqa tarqaldi, shuningdek, Turkiya, Bolqon, Kavkaz, Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻistonga taʼsir koʻrsatdi. Bularning barchasi qoʻshni mamlakatlarda, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida ham kasallik xavfini sezilarli darajada oshirdi.

FAO mamlakatlarga tugunli dermatit va boshqa transchegaraviy hayvon kasalliklariga qarshi kurashishda yordam berish boʻyicha katta tajribaga ega. Uning “Markaziy Osiyoda qoramollarning nodulyar dermatitiga mintaqaviy tayyorgarlikni kuchaytirish” loyihasi Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonda amalga oshirilmoqda va ushbu mamlakatlarda kasallik tarqalishining oldini olish hamda agar aniqlansa, samarali javobni taʼminlashga qaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?