Fanlar akademiyasi iqtidorli olimni nega ishdan boʻshatdi?

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti Toshkent viloyati Qibray tumanidagi nufuzli ilmiy dargohlardan biri sanaladi. Bu yerda oʻnlab professor-olimlar, fan nomzodlari, yangi-yangi ilmiy kashfiyotlar ustida ish olib borayotgan yosh mutaxassislar mehnat qiladi. Abdujalil Narimanov ana shunday olimlardan biri boʻlib, u mazkur institutda direktor lavozimida ishlayotgandi. U rahbarlik qilgan davrda mazkur ilm dargohida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, olimlarning saʼy-harakati tufayli seleksiya yutuqlariga 20 dan ortiq patentlar olindi. Yangi ilmiy ishlanmalarga 10 dan ortiq talabnomalar berilib, 30 nafarga yaqin fan doktorlari tayyorlandi.
Institutda bevosita A. Narimanov rahbarligida soʻnggi 3 yil ichida fundamental va amaliy tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlari hamda innovatsion ishlanmalar joriy etildi. Jumladan, yuqori mahsuldorlikka ega boʻlgan, ekstremal sharoitlarga chidamli paxta, bugʻdoy, soya va boshqa ekinlarning yangi navlari yaratildi hamda Toshkent viloyatidagi mavjud tajriba uchastkalarida sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi. 2020-yilda institut olimlari yaratgan ushbu paxta va bugʻdoy navlarining asl urugʻlari koʻpaytirilib, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax, Fargʻona viloyatlaridagi bir qator fermer xoʻjaliklari va klasterlar maydonlarida urugʻlik sifatida ekildi hamda yuqori hosil olindi. 2021-yilda bu koʻrsatkichlarni yana-da rivojlantirilishi kuzda tutilgandi.
Shuningdek, mazkur institut bilan yaqin qoʻshni mamlakatlarga ushbu serhosil va yuqori sifatli tola beradigan gʻoʻza navlari urugʻlarini eksport qilish shartnomalari tuzilgandi. Xitoy FA tizimidagi ilmiy dargohlar bilan tuzilgan kelishuvga koʻra esa, investitsiya tizimi yaratilib, valyuta tushumi yoʻlga qoʻyildi.
Biroq, OʻzR FA 2020-yilning 3-dekabrdagi 21-115k sonli buyrugʻiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi, 4-bandi bilan FA bilan Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti direktori A.Narimanov oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qildi. Ajablanarlisi shuki, bu paytda A.Narimanov betobligi tufayli davolanishda boʻlib, mehnatga yaroqsizlik davrini boshidan kechirayotgandi. Afsuski, FA rahbariyati tomonidan bu jarayonlar negadir inobatga olinmadi. Natijada katta bir ilm dargohi rahbarsiz qolib, fuqaroning qonuniy huquqlari poymol etildi.
Yaqinda A. Narimanovning mazkur holat yuzasidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Mirobod tumanlararo sudiga qilgan murojaati yuzasidan sud majlisi boshlandi. Oʻtgan haftada esa, A. Narimanovga Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasining bu masala yuzasidan xulosasi taqdim etildi. Unda, jumladan, bunday deyiladi: «Murojaatingizni oʻrganish jarayonida Siz mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruq qabul qilingan kuni vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida ekanligingiz maʼlum boʻldi. Bu haqida Mirobod tumani 1-sonli oilaviy poliklinikaning 30.11.2020-yildagi 987077-sonli mehnatga layoqatsizlik varaqasi ham taqdim etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 3-qismiga muvofiq, xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan davrda mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Mazkur holatda Siz bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda Mehnat kodeksining 100-moddasi talablari buzilgan».
Mazkur holat yuzasidan boshlangan sud majlisi 18-yanvar kuni oʻz ishini davom ettiradi.
“Xalq soʻzi” gazetasining Toshkent viloyati boʻyicha oʻz muxbiri mazkur ochiq sud majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Ushbu jarayonda adolat qaror topib, olimning haq-huquqlari qayta tiklanishiga aminmiz.
Bizni kuzatib boring, bu mavzuga batafsil qaytamiz.
Shodiyor MUTAHAROV,
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring