Ezgulik-la boqsin koʻzlar dunyoga

10:03 29 Aprel 2025 Siyosat
277 0

Oʻzbekiston yangi xalqaro tashabbuslar markaziga aylanmoqda

Bugun olam koʻz oʻngimizda transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirmoqda. Ularning koʻlami va qamrovi shu qadarki, faqat dunyo tartiboti oʻzgargan davrlar bilan qiyoslash mumkin. Avvalgi “oʻyin qoidalari” oʻtmishda qolmoqda. Yangilari esa endigina shakllanyapti va davlatlarni noaniq sharoitlarda ish yuritishga majbur qilmoqda. Global iqtisodiyot tebranib turibdi, jahon siyosiy xaritasida yangidan-yangi “qaynoq nuqta”lar paydo boʻlyapti. Xalqaro munosabatlar esa muvozanatda boʻlsa-da, arzimagan notoʻgʻri harakat butun boshli mintaqalar hayotining izdan chiqishiga olib keladigan darajada oʻta beqaror holatda.

Bu oʻzgarishlarning qanchalik sezilayotganini Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda boʻlib oʻtgan hududlarning turizm salohiyatini yanada kengaytirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yigʻilishida aytgan soʻzlaridan ham anglash mumkin. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, jahon iqtisodiyotida favqulodda vaziyat kuzatilmoqda, uch-toʻrt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar mablagʻ yoʻqotildi. “Bu tebranishlar bizga taʼsir qilmaydi, deb oʻylaganlar adashadi”, dedi Prezident. Bu soʻzlar nafaqat ogohlantirish, balki siyosiy vazifa hamdir: Oʻzbekiston dunyoda yuz berayotgan hodisalarga faqat nekbinlik bilan emas, sovuqqon hushyorlik bilan ham nazar soladi.

Vaziyat Yevropadan Yaqin Sharqqacha, Janubiy Osiyodan Afrikagacha boʻlgan ulkan hududda davom etib kelayotgan va birdan lov etib yonib ketishi mumkin boʻlgan ziddiyatlar tufayli yanada murakkablashmoqda. Yangi tanglik oʻchoqlari, jumladan, chegaralarimizdan unchalik uzoq boʻlmaganlari, bizga betaraflik va barqarorlik abadiy emasligini eslatib turibdi. Sarhadlarni mustahkamlash va muhofaza qilish lozim.

Hamma eshitayotgan ovoz

Bugungi global noaniqlik sharoitida Shavkat Mirziyoyev prezidentligining ilk yillaridan olib borayotgan tashqi siyosat strategiyasining ahamiyati, ayniqsa, yaqqol namoyon boʻlmoqda. Bu yerda soʻz, eng avvalo, Markaziy Osiyoning mintaqaviy integratsiyalashuvi Qoyasi haqida bormoqda. Bu balandparvoz formula emas, balki kollektiv barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyotning amaliy vositasidir.

Mintaqa davlatlarining oʻzaro yaqinlashuvi boʻyicha qadamlar juda ehtiyotkorlik bilan qoʻyildi. Biroq bunday vazminlik ortida uzoqni koʻzlab chuqur oʻylangan siyosat yotardi. Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo qarama-qarshiliklar ummonidagi “barqarorlik orolchasi” maqomini saqlab qolmoqchi ekan, u hech boʻlmaganda barcha eshitishi kerak boʻlgan umumiy ovozga ega boʻlishi kerakligini yaxshi anglagan edi.

Va bu ovoz eshitildi.

Bugungi kunda biz mintaqaning yangi subyekt sifatida shakllangani haqida ayta olamiz. Markaziy Osiyo endi avvalgidek kimningdir taʼsiri ostida boʻlgan chekka oʻlka, buyuk davlatlar oʻrtasidagi “bufer” emas. U — mustaqil, jipslashgan tashqi siyosat aktori. Uning nufuzi nafaqat jugʻrofiyasi (Markaziy Osiyo mamlakatlari jami 4 million kvadrat kilometr maydonni egallab, hudud jihatdan dunyoda 7-oʻrinda turadi) va demografiyasi (aholisi 80 million kishi atrofida, bu esa — dunyo boʻyicha birinchi yigirmatalikka kiradi, degani), balki dunyo davlatlari, xususan, global oʻyinchilar bilan shakllantirayotgan munosabatlarining sifati bilan ham belgilanadi.

“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi uchrashuvlar buning yaqqol isboti boʻldi: kuchli strategik irodaga ega boʻlgan, oʻz manfaatlari va ularga erishish yoʻllarini yaxshi anglagan mintaqalar bilan tenglik asosida muloqotlar yoʻlga qoʻyildi. Toshkent tomonidan ilgari surilgan tashabbusni mintaqa davlatlari qoʻllab-quvvatladi va bugun uning samarasini inkor etib boʻlmaydi.

“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi uchrashuvni birinchi boʻlib Hindiston 2022-yil 27-yanvarda oʻtkazdi. Keyin — Rossiya (sammit Ostonada 2022-yil oktyabrda boʻlib oʻtdi) va Xitoy (Sian shahrida 2023-yil 19-mayda). Shundan soʻng bu jarayonga Fors koʻrfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi (Jidda, 2023-yil 19-iyul), AQSH (Nyu-York, 2023-yil 19-sentyabr), Germaniya (Berlin, 2023-yil 29-sentyabr) va Yevropa Ittifoqi (Samarqand, 2025-yil 4-aprel) qoʻshildi.

Alohida qayd etish joizki, Markaziy Osiyo — YI sammitining aynan Oʻzbekistonda oʻtkazilishi ramziy maʼnoga ega. Tarixiy tamaddunlar chorrahasi boʻlmish Samarqand teng huquqli, pragmatik va natijaga yoʻnaltirilgan yangi turdagi diplomatiya sahnasiga aylanmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Samarqand sammitida aytib oʻtganidek, Buyuk Ipak yoʻlining asosiy yoʻnalishlari chorrahasida joylashgan ushbu shonli shahar sivilizatsiyalar muloqoti hamda Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi diplomatiya, savdo va madaniy almashuvlarning muhim markazi boʻlgan.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, mintaqa mamlakatlari oʻrtasida ishonch va yaxshi qoʻshnichilik mustahkamlanayotir, keng koʻlamli hamkorlik va kooperatsiya aloqalari kengaymoqda. Markaziy Osiyoning ochiqligi va barcha sheriklar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekani mintaqada xavfsizlik va farovonlikni taʼminlashning eng muhim shartiga aylandi.

Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen sammitda nutq soʻzlar ekan, Samarqandning tarixiy rolini taʼkidlab, u koʻp asrlar davomida Markaziy Osiyoning urib turgan yuragi, ulkan savdo yoʻlining markazi boʻlib kelganini, bu qadimiy shahar yangi hamkorlik va doʻstona kelishuvlarga ham guvoh boʻlganini aytdi.

— Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi birinchi sammitda ishtirok etish — bu bizning uzoq muddatli doʻstligimizda yangi sahifa ochish imkoniyatidir, — dedi u. — Yangi global toʻsiqlar paydo boʻlmoqda. Ammo biz Markaziy Osiyoda boshqa yoʻl borligini koʻrsatmoqdamiz. Markaziy Osiyo faxrli, suveren davlatlar mintaqasi boʻlib, koʻhna tarix va katta maqsadlarga ega. Mintaqadagi strategik joylashuv global savdo yoʻllari va investitsiyalar oqimini ochishi mumkin. Va bu yangi investitsiyalar suverenitetni mustahkamlashga yordam beradi. Bular sizning iqtisodiyotingizni mustahkamlaydi. Va eng muhimi, ular yangi doʻstlikka turtki boʻladi, odamlarni birlashtiradi. Biz yevropaliklar bu yangi bobda sizning ming yillik tarixingizdagi hamkorlaringiz boʻlishni xohlaymiz.

Ilgari boʻlib oʻtgan oliy darajadagi sammitlarni sanaganda, ayrimlari rejalashtirilgan, ammo hech kimga bogʻliq boʻlmagan holda oʻtkazilmay qolganini ham eslab oʻtish kerak. Yaponiya, Janubiy Koreya rahbarlari bilan, oʻtgan dam olish kunlarida esa Italiya rahbari bilan uchrashuvlar boʻlishi kerak edi. Bu ham bir koʻrsatkich. Negaki, shu tashabbuslar ortidagi maqsad va niyatlar oʻz kuchida qoldi. Yaponiyada, nufuzli “Nikkei” gazetasida qayd etilganidek, Markaziy Osiyoni, shu jumladan, Oʻzbekistonni yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochib beruvchi strategik jihatdan muhim mintaqa, deb hisoblashadi.

Nashrda Yaponiya hukumatining Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni faollashtirishga tayyor ekani taʼkidlanadi. Unda eslatilishicha, 2024-yilga rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo — Yaponiya” birinchi sammiti Yaponiyada kuchli zilzila yuz berish xavfi sababli sobiq Premyer-ministr Fumio Kishida tomonidan qoldirilgan ekan.

Gazetadagi maʼlumotlarga koʻra hukumat yangi rahbari Shigeru Ishiba maʼmuriyati bu tashabbusni hamda Yaponiyaning mintaqadagi ishtirokini kuchaytirish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.

“Markaziy Osiyoda, ayniqsa, Oʻzbekistonda keyingi paytda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Yaponiyaning siyosiy doiralarida Markaziy Osiyoni strategik jihatdan muhim mintaqa, deb hisoblash tendensiyasi kuzatilmoqda”, deb yozadi “Nikkei” gazetasi muxbiri.

Chegaralar — toʻsiq emas, koʻpriklardir

Xoʻsh, Markaziy Osiyoga va bizning mamlakatimizga boʻlgan qiziqish asosida nima yotadi? Eng avvalo — mintaqaning siyosiy jihatdan yetukligi, muloqot va islohotlar uchun ochiqligi, chegara masalalarining tartibga solingani. Bunda ham Oʻzbekistonning yetakchi rolini eʼtirof etmaslik mumkin emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlatimiz har bir bahsni diplomatik yoʻl bilan hal qilish tarafdori, bunda masʼuliyat va oqilona harakatlar namoyish etilmoqda.

31-mart kuni Xoʻjandda uyushtirilgan uchrashuv nafaqat diplomatik voqea boʻldi, balki u Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy arxitekturasini mustahkamladi. Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi tarixiy shartnoma imzolangani — bu sobiq ittifoq makonidagi eng davomiy va nozik jarayonlardan birining tugatilganidir. Bu qaror nafaqat Fargʻona viloyatining murakkab etnografik sharoitidagi tarixiy keskinlik oʻchogʻini bartaraf etdi, balki ushbu mintaqaning yetukligi, oʻzaro daʼvolardan voz kechib, endi manfaatlarning umumiy geografiyasiga oʻtishga tayyorligini namoyish qildi.

Oʻzbekiston bu safar ham mintaqaviy yaqinlashuvning tashabbuskori boʻldi. Rasmiy Toshkent 2016-yildan boshlab yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini nafaqat ilgari surib keladi, balki endi ularni institutsional meʼyorga aylantirdi. Uch tomonlama bitimning imzolanishi Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston va Turkmaniston bilan ilgari imzolangan strategik shartnomalarning mantiqiy davomi boʻldi. Boshqacha aytganda, Markaziy Osiyoning siyosiy jihatdan oʻzini taʼminlay oladigan mintaqa ekanini, bu yerda xavfsizlik va taraqqiyot boʻyicha jiddiy masalalar tashqi bosim orqali emas, balki ichki kelishuv asosida hal etilishini tasdiqladi.

Ushbu voqeaga xalqaro hamjamiyatning munosabati dunyo Markaziy Osiyoning transformatsiya jarayonlarini diqqat bilan kuzatib borayotganini koʻrsatdi. Chegara masalalari tartibga solinishi boʻyicha turli davlatlar tomonidan berilgan ijobiy baho mintaqaning barqarorlik makoniga aylanganining eʼtirofidir.

— Xitoy Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonni hududiy masalalar toʻliq hal etilgani va umumiy chegara toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangani bilan tabriklaydi, — deb bayonot berdi XXR tashqi ishlar vazirining rasmiy vakili Go Szyakun.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi yozma bayonot berib, unda Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston tomonidan uch davlat chegaralari kesishgan joyni belgilash haqidagi bitim imzolanganini olqishladi.

“Biz ushbu kelishuv Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va hamkorlikka xizmat qiladi, deb hisoblaymiz”, deb eʼtirof etdi Turkiyaning tashqi siyosat mahkamasi vakili.

Muhimi, barcha munosabatlar yagona tezisga asoslangan — hududiy bahslarni muloqot orqali va diplomatik mexanizmlar yordamida hal etish Markaziy Osiyodagi yangicha siyosiy madaniyat tufayli yuz berdi. Shunday madaniyatki, uni koʻproq aynan Oʻzbekiston shakllantirmoqda.

— Bu voqea mintaqaviy hamkorlikning juda muhim bosqichini anglatadi. Kelishmovchiliklar davrini yengib oʻtish, chegara masalalari hamda Fargʻona vodiysida suv zaxiralarini taqsimlash boʻyicha bitimga erishish uch mamlakat oʻrtasida hamkorlik uchun qulay sharoit yaratdi, — deb eʼtirof etdi Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti sektor mudiri Stanislav Pritchin.

Ekspertning fikricha, Fargʻona vodiysini oʻzaro taqsimlab olgan Tojikiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston uzoq vaqt yaxshi qoʻshni va doʻst mamlakatlar sifatida emas, balki antagonistlardek qabul qilingan. Ammo 2016-yildan vaziyat yaxshi tomonga oʻzgara boshladi. Davlat rahbarlarining uchrashuvi tutash nuqta toʻgʻrisidagi kelishuvni mustahkamlab, chegara masalalarini hal etishda soʻnggi akkord boʻldi.

Markaziy Osiyo sharoitida biz nafaqat chegaralarni tartibga solish haqida gapiramiz, balki bu — mintaqaviy subyektlikning yangi darajasidir. Chegaralarni kesib oʻtish jarayoni soddalashtirilgani, ijtimoiy va iqtisodiy aloqalar qayta tiklangani, etnik va maʼmuriy tutashuvlardagi xavf darajasining kamayishi — bularning hammasi oʻzaro munosabatlarning yangicha modelini yaratadi. Markaziy Osiyo “muammoli” mintaqa obrazidan chiqdi, endi koʻp tomonlama sharoitlarda oʻzaro ishonch modeli sifatida mustahkamlanadi.

“Chegara toʻsiq emas, balki koʻprikdir” degan formula shior emas, balki amaliyotga aylandi. Va bu, albatta, Oʻzbekistonning mintaqa kelajagi uchun qoʻshgan katta hissasidir.

Milliy ustuvorliklar va global trendlar

Yaqinda boʻlib oʻtgan yana bir muhim voqeaga toʻxtalmaslikning iloji yoʻq. 1889-yili asos solingan eng koʻhna xalqaro tashkilot — 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy assotsiatsiyani oʻzida birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoqning assambleyasi ilk bor bizning yurtimizda boʻlib oʻtdi. Aynan Toshkent uning 150-yubiley anjumanini qabul qildi, bu esa Oʻzbekiston global siyosatning faol qatnashchisi sifatida tan olinganligini anglatadi.

Poytaxtimizga tashrif buyurgan koʻplab parlament aʼzolari shu tadbirning oʻtkazilishini yuksak xalq­aro ishonch, qolaversa, Oʻzbekistonda kechayotgan demokratik transformatsiya jarayonlarining eʼtirofi sifatida baholashdi. Sanoqli yillar ichida mamlakatimizda parlamentarizmning mustahkam institutsional asoslari shakllandi, qonun chiqaruvchi organning vakolatlari kengaytirildi, parlament diplomatiyasi esa tashqi siyosatning samarali vositasiga aylandi.

— Bilamanki, bunday yigʻilishlarni tashkil etish oson emas. Shu sababli, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentidan bizni oʻz mamlakatida qabul qilgani uchun minnatdormiz. Shu bilan birga, Senat Raisiga barcha tashkiliy masalalarni puxta amalga oshirgani uchun ham rahmat aytmoqchiman, — dedi Parlamentlararo Ittifoq raisi Tuliya Ekson. — Yana bir bor taʼkidlamoqchimanki, bunday assambleyaga mezbonlik qilish mamlakatning PI anʼanalariga sodiqligi va faol ishtirokini anglatadi. Bizning bu yerda boʻlishimiz Oʻzbekistonning tashkilot faoliyatiga qoʻshgan koʻp yillik hissasini anglatadi.

Anjuman 140 ga yaqin mamlakatlardan kelgan 2 mingdan ortiq delegatlarni bir joyga toʻpladi va Toshkentni haqiqiy global muloqot markaziga aylantirdi. Aynan shu yerda, Markaziy Osiyoning yuragida, barcha qitʼalardan kelgan parlament aʼzolari diqqat bilan tinglagan soʻzlar yangradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida butun dunyo uchun dolzarb boʻlgan kun tartibini aniqlab berdi. Ular kelishmovchiliklarni diplomatik yoʻl bilan tartibga solishdan tortib kambagʻallikka qarshi kurashish, ayollar teng huquqligi, yoshlarni siyosiy hayotga jalb etish va sunʼiy intellektdan foydalanish etikasigacha boʻlgan masalalarni oʻz ichiga oladi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston tomonidan barcha darajada ilgari surilayotgan qadriyat — ijtimoiy adolat masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Yubiley assambleyasining “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati!” dasturiy shiori mamlakatimizning ichki kun tartibi va tashqi siyosatdagi maqsadlari bilan hamohang boʻldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo Ittifoq doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning taʼsis forumini Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi. Bu ham Toshkentning xalqaro maydondagi subyekt sifatida oʻsib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Prezident nutqi nafaqat milliy ustuvorliklar, balki global trendlarga ham tegishli boʻldi. Undagi fikrlarga koʻra soʻnggi yillarda dunyoda yuzaga kelgan beqarorlik, murakkab xalqaro vaziyat, kuchayib borayotgan xavf-xatarlar sharoitida parlament diplomatiyasi oʻzaro ishonch, muloqot va konstruktiv hamkorlikning asosiy mexanizmi boʻlib qolmoqda. Oʻzbekiston faqat anjumanni qabul qilayotgan tomon boʻlib qolmasdan, balki forumning gʻoyaviy drayveri sifatida aniq takliflar kiritdi.

— Oʻzbekistonning jadal taraqqiyoti katta taassurot qoldiradi. Mamlakat infratuzilmani modernizatsiya qilishdan tortib, ijtimoiy va iqtisodiy yoʻnalishlardagi katta yutuqlarigacha boʻlgan barcha sohada rivojlanish sari intilmoqda. Islohotlar faol amalga oshirilayotgani, mamlakat yangi Qoyalar uchun ochiq va global muammolarni hal etishda hamkorlikka tayyorligi koʻrinib turibdi, — dedi Chexiya parlamentining Deputatlar palatasi aʼzosi Viktor Voytko. — Ayniqsa, Oʻzbekistonda hukm surayotgan muhitni alohida aytish joiz. Bu yerda qadriyatlar ulugʻlanadi, shu bilan birga, kelajakka ishonch bilan qarab, odamlar va biznes uchun yangi imkoniyatlar taqdim qilinadi. Oʻzbekiston taraqqiyot va ertangi kunga boʻlgan ishonch muhitida oʻzining yangi rivojlanish bosqichiga qadam qoʻymoqda. Aminmanki, bunday yondashuv tufayli mamlakat yanada oldinga siljishni davom ettiradi hamda shu orqali butun dunyoning eʼtibori va hurmatini oʻziga jalb qiladi.

Bunday keng koʻlamli tadbirning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi tasodif emas, balki mamlakatimizning xalqaro tashabbuslar markaziga aylanishi boʻyicha izchil strategiyaning mantiqiy davomidir. Keyingi yillarda Toshkent va Samarqand tez-tez muhim uchrashuvlar, muzokara va anjumanlar uchun maydon vazifasini oʻtamoqda. Oʻzbekiston dunyo xaritasida konstruktiv muloqot nuqtasi sifatida mustahkamlanmoqda. Parlamentlararo Ittifoq assambleyasi buning yana bir tasdigʻi boʻldi.

Oʻzbekiston shunday qilib — tinchlik, adolat, barqaror taraqqiyot va oʻzaro hurmatga asoslangan muloqot qadrlanadigan yangicha xalqaro qiyofasini shakllantirib, oʻzining taʼsir doirasini kengaytirmoqda. Rasmiy Toshkentning nuqtayi nazari global miqyosdagi bahslarda tobora faolroq yangrayapti. Mamlakatimiz yangi zamon kun tartibida nafaqat ishtirok etishga, balki uni shakllantirishga ham tayyor.

Albatta, dunyoda yuz berayotgan oʻzgarishlarni qabul qilishi qiyin boʻlgan siyosatdon va ekspertlar doim topiladi. Kimdir oʻtmishda qolib ketgan “taʼsir doirasi”, “nazorat”, “manfaatlar toʻqnashuvi” kabi tushunchalar bilan fikrlaydi. Kimdir esa avvaldan oʻrganib qolgani bois Markaziy Osiyoni hamkor sifatida tan ololmaydi va uni bosim oʻtkazish obyekti, deb hisoblaydi. Bunday yondashuvlar vaqti kelib yoʻq boʻlib ketishi turgan gap. Chunki zamonaviy Oʻzbekiston va butun mintaqamiz oʻz tashqi siyosatini xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda, pragmatizm va oʻziga ishonch asosida, ortiqcha ehtiroslarsiz va kamsitishlarsiz qurmoqda.

Xalqaro munosabatlarda kim boshqalarni hurmat qilishni bilsa va oʻzaro manfaatli muloqot tashkil eta olsa, oʻsha yutadi. Negaki, qoʻpollik — bu doimo noʻnoqlik bilan yashirilgan axloqiy, irodaviy va siyosiy kuchsizlik belgisidir. Oʻzbekiston esa yangi geosiyosiy sharoitda barqarorlik, subyektlik va oʻzaro hurmat — eng muhim qadriyatlar ekanini tushungan holda oʻz yoʻlidan dadil va xotirjam bormoqda.

Aynan shuning uchun Oʻzbekistonning siyosiy nufuzi ortib boryapti. Oʻziga oʻta yuqori baho bergani uchun emas, balki yechimlar taklif qilish qobiliyati tufayli. Bosim qilgani uchun emas, balki izchil davom ettirilayotgan ishlar tufayli. Bizdan qoʻrqishayotgani uchun emas, balki bizni tinglashni boshlaganliklari tufayli.

Bu esa mamlakatimiz toʻgʻri yoʻnalishda borayotganining, puxta oʻylangan barqarorlik strategiyasini amalga oshirayotganining yaqqol isbotidir.

Niyatlari ulugʻ, qadami qutlugʻ,

Fidoyi insonni koʻrishsin ular.

Talpingan qalblarda mehrlar oʻtlugʻ,

Yonma-yon, yelkadosh yurishsin ular.

 

Odamiylik nurin diliga joylab,

Borar zakovat va yuksak qalb bilan.

Millat ertasini nurafshon aylab,

Borar ona yurt va aziz xalq bilan.

 

Baxtga yorlik etsa qilmay andisha,

Qoʻlni-qoʻlga bergan quchadi zafar.

Tinchlik solnomasin bezab hamisha,

Asrlar oshadi bu oliy xabar.

 

Toki koʻngil uyi toʻlsin ziyoga,

Toki xayollarda nur yoysin chaman.

Ezgulik-la boqsin koʻzlar dunyoga,

Uni asraganni asrasin Vatan!

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер